QALBNING XOTIRJAMLIGI VA RUHIY QUVVAT 

38

 Hayot yo’lida har birimiz turli sinov va qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ba’zida yurak og’riydi, ruh toliqadi, ko’ngil g’ash bo’ladi. Ammo Alloh taolo bizni bu holda tashlab qo’ymagan — U bizga qalbni tinchlantiruvchi va ruhni mustahkamlovchi yo’lni ko’rsatgan. Qalbning haqiqiy tinchligi faqat moddiy boylik, obro’ yoki dunyoviy muvaffaqiyatda emas. U Allohga bo’lgan ishonch va tavakkulda yashiringan. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

«Iymon keltirganlar va Allohning zikri ila qalblari orom toganlar  yo Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?»
(Ra’d surasi, 28-oyat)
       Bu oyat juda chuqur ma’noga ega. Unda «faqat» degan ta’kid bor — ya’ni haqiqiy xotirjamlik boshqa hech narsada emas, balki faqat Allohni eslab, U bilan bog’lanishda ekanligini bildiradi. Zikr — bu nafaqat til bilan aytilgan so’zlar, balki yurak bilan his qilingan tuyg’u, Allohni doim yodda tutish holatidir.
Qiyinchilik — zaiflik emas, sinovdir, ko’pchilik qiyinchilik kelganda o’zini ojiz his qiladi. Holbuki, bu sinov — Allohning bizga bo’lgan e’tiboridandir. Payg’ambarimiz ﷺ shunday dedilar:
«Mo’minning ishiga taajjublanarman — uning barcha ishi xayrdir. Agar uni shodlik tutsa, shukr qiladi va bu unga xayr bo’ladi. Agar uni balo tutsa, sabr qiladi va bu ham unga xayr bo’ladi.»
(Muslim rivoyat qilgan).
Demak, mo’min uchun hayotning har ikki tomoni ham foydalidir. Shodlikda shukr, qayg’uda sabr — mana bu ikki narsa ruhning ko’tarilmas qalqoni. Ruhiy quvvatning eng muhim manbalaridan biri — sabrdir. Sabr — u hamma narsani o’z xoliga tashlab har bir narsaga bepisand bo’lish

emas, aksincha, kuchli irodaning nishonasidir. Alloh taolo sabr qiluvchilarni alohida ta’riflaydi:
«O’zlariga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta biz unga  qaytuvchimiz’, deganlardir.»
(Baqara surasi 156-oyat)
«Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» — bu jumlani aytish qalbga g’aroyib bir tinchlik bag’ishlaydi. Chunki unda katta haqiqat bor: biz Allohnikimiz va Unga qaytuvchimiz.
Kun davomida qalbni yangilab turuvchi eng kuchli amal — bu namozdur. Payg’ambarimiz ﷺ qiyinchilik chog’ida namozga yuzlanar edilar. Alloh taolo ham shunday buyurgan:
«Ey iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so’ranlar Albatta Alloh sabirlilar bilandir.»
(Baqara surasi, 153-oyat).
Namoz — bu faqat ibodatgina emas, u ruhiy muolaja, robbimiz bilan bo’lgan  muloqot. Har bir sajdada insonning eng ojiz, eng samimiy holida Alloh oldida turishidir.
Qalbning xotirjamligi va ruhiy quvvat — bu moddiy narsalarda emas. U quyidagilarda:
1. Allohni zikr qilishda — tilda ham, yurakda ham

2. Sabrda — qiyinchilikni shovqinsiz yengaolishda

3.Namozda — har kuni Alloh bilan yangilanadigan rishta
Tavakkulda — «men qildim, qolgani Allohda» deya ishonishda
Hayotning barcha yuki og’ir tuyulsa, bir lahza to’xtab, «Alloh bor» deb eslang. Shu bir fikrning o’zi qalbga qancha nur va quvvat bag’ishlashini his qilasiz.
«Kim Allohga tavakkul qilsa, bas unga u zotning o’zi kifoyadir»
(Taloq surasi, 3-oyat)
Alloh taolo barchamizning qalblarimizni Uning zikri bilan obod qilsin va ruhlarimizga quvvat ato etsin.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Norboyev Hafizullo