YOLG’ON VA UNING SALBIY OQIBATLARI
41

Yolg’on — insoniyat tarixining eng qadimiy va eng keng tarqalgan illatidir. U kichik bir so’zdan tortib, butun hayotni o’zgartirib yuboradigan katta aldovgacha turli shakllarda namoyon bo’ladi. Ko’pchilik yolg’onni muammolardan qochishning qulay yo’li deb biladi, ammo aslida yolg’on — muammolarni hal qilmay, balki ularni yanada murakkablashtiruvchi vositadir.
Yolg’on — bu bilgan holda haqiqatni yashirish yoki o’zgartirish orqali boshqalarni aldashdir. Alloh taolo Qur’oni Karimda yolg’onchilarni qat’iy qoralaydi:
«Albatta, Alloh yolg’onchi va kofir kimsalarni hidoyat qilmas.»
(Zumар surasi, 3-oyat)
Yolg’on nafaqat og’zaki so’z orqali, balki imo-ishora, sukunat va xatti-harakatlar orqali ham ifodalanishi mumkin. Qaysi shaklda bo’lmasin, u oxir-oqibat aytuvchiga ham, eshituvchiga ham zarar yetkazadi.
Yolg’onning salbiy oqibatlari
1. Ishonchning yo’qolishi
Yolg’onning eng og’ir oqibati — munosabatlardagi ishonchning barbod bo’lishidir. Rasululloh ﷺ munofiqning belgilarini sanab o’tganlarida birinchi o’ringa yolg’onni qo’yganlar:
«Munofiqning alomati uchtadir: so’zlasa yolg’on so’zlaydi, va’da bеrsa, va’dasida turмaydi, omоnat tоpshirilsa, хiyonat qiladi.»
(Buxoriy va Muslim rivoyati). Bir marta aytilgan yolg’on, keyinchalik fosh bo’lganda, ishonchni qayta tiklashni juda qiyinlashtiradi. Yolg’on aytgan inson doimo bitta yolg’onni yashirish uchun yangi yolg’onlar to’qishga majbur bo’ladi. Bu ichki ziddiyat, doimiy xavotir va ruhiy charchashga olib keladi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:
«Ular Allohni va mo’minlarni aldamoqchi bo’larlar. Holbuki, sezmasdan o’zlarini aldarllar. (Baqara surasi, 9-oyat). Inson o’z yolg’onlari tarozisi ostida ezila boshlaydi uyqu buzilishi, asabiylashish va ruhiy kasalliklar shu sababdan kelib chiqishi mumkin.
2. Obro’ning yo’qolishi
Jamiyatda yolg’onchi sifatida tanilgan inson o’z obro’-e’tiborini yo’qotadi. Rasululloh ﷺ yolg’onning qalbga va obro’ga ta’sirini bunday ta’riflaganlar:
«Sizlarga rost so’zlashni lozim tutaman. Zеro rostlik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannатga yetaklaydi. Kishi doimo rost so’zlab, rostgo’ylikka intilsa, oxiratda Alloh nazdida siddiq — to’g’ri so’z dеb yoziladi. Yolg’ondan saqlaning! Zеro, yolg’on gunohga yetaklaydi, gunoh esa do’zaxga yetaklaydi. Kishi doimo yolg’on so’zlab, yolg’onchilikka intilsa, Alloh nazdida kazzob — yolg’onchi dеb yoziladi.»
(Buxoriy va Muslim rivoyati)
3. Yaqin munosabatlarning buzilishi
Oila, do’stlik va sevgi munosabatlarida yolg’on ayniqsa chuqur jarohat qoldiradi. Alloh taolo mo’minlarni rostgo’ylar bilan birga bo’lishga buyuradi:
«Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo’linglar.
(Tavba surasi, 119-oyat)
Sevgan va ishongan odamdan eshitilgan yolg’on — bu oddiy aldovdan ham og’irroq. Bunday holatlar ajralishga, do’stlikning uzilishiga va oilaviy inqirozlarga sabab bo’ladi.
4. Axloqiy tushkunlik va oxirat azоbi
Bir marta yolg’on aytgan inson keyingi safar uni yanada osonroq aytadi. Vaqt o’tishi bilan yolg’on odatga, so’ng esa xarakter xususiyatiga aylanadi. Alloh taolo yolg’onchilarning oxiratdagi ahvolini Qur’onda shunday bayon qiladi:
«Yolg’onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to’qurlar. Ana o’shalar o’zlari yolg’onchilardir.»
(Nahl surasi, 105-oyat). Hadisi sharifda esa shunday kelgan:
«Qiyomat kuni yolg’onchi shunday bir azobga giriftor bo’ladiki, ikki lunjidan ikkala ko’zgacha tilinajak.»
(Buxoriy rivoyati)
5.Haqiqatning kuchi va fazilati
Haqiqat ko’pincha aytish qiyin, eshitish esa og’irroq bo’ladi. Ammo haqiqat har qanday muammoni yechishning yagona to’g’ri yo’lidir. Rasululloh ﷺ haqiqatni hayotiy dastur qilib olgan zotlarni mana bunday ta’riflaganlar:
Alloh: “bu kun rostgo’ylarga rostgo’yliklari manfaat beradigan kun. Ularga ostidan suvlar oqib turadigan anhorlar bor, unda abadiy- boqiy bo’lurlar. Alloh ulardan rozi bo’ldi ular Allohdan rozi bo’ldi. Bu esa ulug’ yutuqdir .»
(Moida surasi, 119-oyat)
Yolg’on — qisqa muddatli yengillik va uzoq muddatli azobning manbayidir. U muammolarni hal qilmaydi, aksincha, ularga yangilarini qo’shadi. Din ham, aql ham, vijdon ham bizni haqiqat yo’lida bo’lishga da’vat etadi. Rasululloh ﷺ o’z hayotlari davomida hech qachon yolg’on so’zlamagan va u zot ﷺ ga «Al-Amin» — ishonchli degan unvon berilgan.
Shuning uchun har qanday vaziyatda haqiqatni aytishga jasurlik kerak. Chunki haqiqiy erkinlik, haqiqiy tinchlik va haqiqiy baxt — faqat haqiqat bilan yashashda. Alloh taolo barchamizni yolg’ondan saqlasin va haqiqat yo’lida sobit qadamlardan qilsin.
«Ey Rabbim, menga hikmat hadya et va solihlarga qo’shgin.»
(Shu’aro surasi, 83-oyat)
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Norboyev Hafizullo
