MAVLID: RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM SIYRATLARINI YOD ETISH AN’ANASI

27

Islom tarixida musulmonlarning qalbida alohida o‘rin egallagan mavzulardan biri — Rasululloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavalludlarini yod etish va u zotning muborak siyratlarini o‘rganish an’anasidir. “Mavlid” atamasi arab tilidagi “ولد” (valada) fe’lidan kelib chiqqan bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “tug‘ilish”, “tavallud topilgan vaqt yoki joy” ma’nolarini anglatadi. Keyinchalik “mavlid” atamasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavalludlarini yod etish munosabati bilan o‘tkaziladigan diniy-ma’rifiy majlislar hamda shu mavzuda yozilgan asarlarga nisbatan ham qo‘llanadigan bo‘ldi.
Mavlid masalasini to‘g‘ri anglash uchun uni faqatgina ma’lum bir marosim sifatida emas, balki musulmonlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbati, u zotning hayotlari va axloqlarini o‘rganishga bo‘lgan intilishi bilan bog‘liq tarixiy hodisa sifatida ko‘rib chiqish lozim. Rasululloh Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkai mukarramada Quraysh qabilasining Banu Hoshim urug‘ida dunyoga kelganlar.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavalludlari insoniyat tarixidagi eng buyuk voqealardan biri bo‘ldi. Chunki u zotning kelishlari bilan jaholat zulmatida qolgan insoniyatga tavhid, adolat, rahm-shafqat, axloq va ma’naviy poklanish yo‘li ko‘rsatildi. Qur’oni karimda u zot “olamlarga rahmat qilib” yuborilganlari bayon qilinadi: “Biz Sizni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo, 107).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari faqat tarixiy voqealar majmui emas. U zotning bolaliklari, yoshliklari, savdogarliklari, oilaviy hayotlari, Makka davridagi da’vatlari, Madinaga hijratlari, sahobalar bilan munosabatlari, dushmanlariga nisbatan kechirimli bo‘lishlari, ibodatlari va axloqlari musulmon uchun amaliy dastur vazifasini bajaradi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevish faqat hissiy munosabat bilan cheklanib qolmasligi kerak. Haqiqiy muhabbat u zotning sunnatlariga ergashish, axloqlarini hayotga tatbiq qilish va da’vat qilgan qadriyatlarini asrash bilan namoyon bo‘ladi. Qur’oni karimda: “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, deb marhamat qilinadi (Oli Imron, 31).

3-kurs talabasi Qo’chqorov Ja’far