QUR’ONI KARIM TILOVATI
213

Qur’oni Karim Alloh taoloning insoniyatga yuborgan so‘nggi ilohiy kitobi bo‘lib, u hidoyat, rahmat va saodat manbaidir. Uni tilovat qilish eng ulug‘ ibodatlardan biri sanaladi va musulmonning ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutadi. Qur’on tilovati qalbni poklaydi, iymonni mustahkamlaydi hamda insonni ezgu amallarga undaydi. Shu bois Islom dinida Qur’onni o‘qish, tinglash, yod olish va uning mazmuni haqida tafakkur qilishga katta e’tibor qaratilgan. Mazkur maqolada Qur’on tilovatining fazilatlari, unga beriladigan ajr-savoblar va musulmon hayotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam muborak hadislarida Qur’oni Karimning fazilati haqida ko‘plab marhamatlar qilganlar.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam:
«Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganlaringizdir», dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolar ushbu hadis sharhida shunday deganlar: bu ulug‘ darajaga Qur’on va shar’iy ilmlarni o‘rganib, ularga amal qilish orqali erishiladi. Shuning uchun ham bunday kishilar mo‘minlarning eng afzallaridan hisoblanadilar.
Iso alayhissalom ham:
«Kim ilm o‘rganib, unga amal qilsa, maxluqotlarning ulug‘i deyiladi», deganlar.
Mulla Ali al-Qori rohimahulloh:
«Agar ilm amalga olib bormasa, shariatda unga ilm deyilmaydi», deganlar. Chunki ulamolar Allohga osiy bo‘lgan kishining johilligiga ijmo qilganlar.
Shuningdek, Ahmad ibn Hanbal rohimahullohdan: «Ilm nima?» deb so‘ralganda:
«Bizning ilmimiz amaldir», deb javob berganlar.
Agar kalomlarning eng yaxshisi Allohning kalomi bo‘lsa, insonlarning nabiylardan keyingi eng yaxshilari Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatgan kishilardir.
Keyingi hadisimiz Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam:
«Qur’onni mohirona tilovat qiluvchi kishi ulug‘ va itoatkor farishtalar bilan birga bo‘ladi. Uni o‘qishda qiynaladigan kishiga esa ikki ajr beriladi», dedilar. (Muttafaqun alayh).
Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, «Yoshim o‘tib ketgan, zehnim sust yoki tilim yaxshi kelishmaydi», deb Qur’on o‘rganishni tark etish to‘g‘ri emas. Bandaning Qur’on o‘rganish yo‘lidagi har bir mashaqqati uchun Alloh taolo ajr beradi. Biroq bundan Qur’onni mohirona tilovat qiluvchi kishining savobi kamroq bo‘ladi, degan ma’no tushunilmaydi. Aksincha, mohir qori savob va daraja jihatidan afzalroqdir.
Yana bir hadis bilan maqolamizni yakunlaymiz.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Hasad faqat ikki kishiga nisbatan bo‘ladi: Alloh taolo unga Qur’on ato etgan bo‘lib, u kecha-kunduz Qur’on bilan mashg‘ul bo‘ladi. Yana bir kishiga Alloh mol-dunyo bergan bo‘lib, u o‘sha molni kecha-kunduz oshkora va maxfiy ravishda infoq qiladi», dedilar. (Muttafaqun alayh).
Demak, mo‘min inson Qur’on bilan doimiy mashg‘ul bo‘lishga, uni o‘rganishga, o‘rgatishga va unga amal qilishga intilishi lozim. Shuningdek, Alloh bergan ne’matlarni Uning yo‘lida sarflashga harakat qilishi kerak.
Alloh taolo barchamizni Qur’oni Karimni o‘rganib, unga amal qiladigan va boshqalarga o‘rgatadigan solih bandalaridan qilsin. Omin.
Foydalanilgan manbaalar;
Imom Al Buxoriy — Sahih ul Buxoriy,
Imom Muslim — Sahih ul Muslim,
Xotib Tabriziy — Mishkotul masobih,
Mulla Aliy Qori — Mirqotul mafotih,
internet tarmoqlari.
Shopulatov Muhammadqodir
“Xoja Buxoriy” madrasasi 3-bosqich talabasi
Yosh tadqiqotchilar ishtirokchisi
