YUSUF SURASI VA UNDAGI IBRATLAR
61

Qur’oni karimda inson hayoti uchun katta ibrat va saboq bo‘ladigan ko‘plab qissalar bayon qilingan. Ana shunday ta’sirli qissalardan biri Yusuf alayhissalom qissasidir. Bu qissada inson boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar, sabr, taqvo, kechirimlilik va Allohning tadbiriga ishonch kabi muhim masalalar yoritilgan.
Yusuf surasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga «Huzn yili»da nozil bo‘lgan. U Qur’oni karimdagi yaxlit bir voqea boshidan oxirigacha, barcha tafsilotlari bilan to‘liq bayon qilingan yagona sura hisoblanadi. Shu sababli Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Biz senga ushbu Qur’onda vahiy qilgan narsamiz ila eng go‘zal qissani hikoya qilurmiz», degan (Yusuf surasi, 3-oyat).
Mufassirlarning ta’kidlashicha, bu haqiqatan ham eng mukammal qissalardan biridir. Chunki sura bir tush bilan boshlanib, shu tushning ta’biri amalga oshishi bilan yakunlanadi. Lekin sura shunchaki bir voqeani hikoya qilib berish uchun nozil qilinmagan. Uning asosiy maqsadi qissaning oxirida bayon qilinadi:
«Darhaqiqat, kim taqvo qilsa va sabr etsa, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoye qilmagay» (Yusuf surasi, 90-oyat).
Demak, qissaning asosiy g‘oyalaridan biri — Allohning tadbiriga komil ishonch bildirish, sabr va sabotli bo‘lish hamda hech qachon noumid bo‘lmaslikdir.
Ya’qub alayhissalom Yusufni juda yaxshi ko‘rar edi. Bu, albatta, go‘zal holat edi. Ammo shu muhabbat sababli akalari unga hasad qilib, uni quduqqa tashlashadi. Quduqqa tashlanish katta ofat bo‘lsa-da, aynan shu voqeadan keyin Yusuf alayhissalom Azizning xonadoniga tushib, izzat-ikrom topadi. Bir qarashda Azizning saroyida yashash katta ne’mat edi. Ammo keyinchalik Yusuf alayhissalom zindonga tushadi. Zindon esa og‘ir va yoqimsiz maskan edi. Lekin aynan shu mashaqqatdan keyin Yusuf alayhissalom Misrning Azizi, ya’ni hukmdori darajasiga ko‘tariladi. Bu voqealar inson hayotidagi har bir hodisaga faqat tashqi tomonidan baho berib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Inson biror narsani yaxshi deb o‘ylashi mumkin, ammo uning ortida sinov bo‘lishi mumkin. Yoki biror qiyinchilikni yomon deb bilishi mumkin, ammo uning ortida katta yaxshilik yashiringan bo‘lishi ehtimol. Shuning uchun inson Allohning tadbiriga ishonishi va har qanday holatda sabrli bo‘lishi kerak.
Yusuf alayhissalom qissasining yana bir muhim jihati — u kishining hayotidagi sinovlardir. Bolaligidan boshlab og‘ir voqealarni boshidan kechirganiga qaramay, u taqvo va sabrdan ajramadi. Bu yerda Yusuf alayhissalomning payg‘ambarlik mo‘jizalaridan ko‘ra, inson sifatidagi fazilatlari ko‘proq namoyon bo‘ladi. U kishi og‘ir sharoitlarda ham sabr qildi, Allohga suyandi va oxir-oqibat muvaffaqiyatga erishdi. Bu holat hayotda turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan insonlar uchun katta ibratdir. Ishsiz yurgan, o‘z o‘rnini izlayotgan yoki qandaydir sinovga duch kelgan kishi Yusuf alayhissalom qissasidan umid olishi mumkin. Chunki inson hozirgi holatiga qarab o‘z kelajagiga hukm chiqarmasligi kerak. Koinot boshqaruvi insonning imkonidan tashqari. Biz har bir voqeaning hikmatini to‘liq anglay olmaymiz. Ammo butun borliqni O‘z ilmi va hikmati bilan boshqarib turgan Alloh taologa tavakkul qilishimiz mumkin. Shuning uchun hayotimizda tushkunlikka soluvchi voqealar yuz bersa, ularning hikmatini tushunmagan holatimizda ham noumid bo‘lmasligimiz lozim. Alloh — butun mulkning Egasi va ishlarni eng go‘zal tarzda tartibga soluvchi Zotdir.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak,Yusuf surasi insonga sabr, taqvo, tavakkul va umidni o‘rgatadi. Yusuf alayhissalom hayotidagi voqealar shuni ko‘rsatadiki, inson boshiga tushgan har bir qiyinchilikning ortida qandaydir yaxshilik bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir voqeaga yuzaki baho bermaslik, qiyinchilik kelganda tushkunlikka tushmaslik va Allohning tadbiriga ishonish kerak. Inson hamma narsaning hikmatini darhol tushunmasligi mumkin, ammo Alloh taolo har bir ishni O‘zining ilmi va hikmati bilan boshqaradi. Yusuf alayhissalom qissasining eng katta saboqlaridan biri shuki, sabr va taqvo bilan yashagan inson uchun qiyinchiliklar doimiy emas. Bugungi og‘ir holat ertangi yengillikka sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois inson qanday sharoitda bo‘lmasin, Allohning rahmatidan umid uzmasligi va Uning tadbiriga ishonishi lozim.
Abdug‘ofurov Bilolxon
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi
