Alloh taolo Kalomi sharifida marhamat qiladi:
«(Ey mo‘minlar), namozni to‘kis ado etinglar, zakot beringlar va Payg‘ambarga itoat qilinglar. Shoyadki rahm qilinsangiz». (Nur surasi, 56-oyat)
Ushbu oyati karimadan kishi namoz va zakotni to’la-to’kis ado etishi va shu bilan bir qatorda Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ ga ergashishi bilan muvaffaqiyatga erishishi ma’lum bo‘lyabdi.
Shuningdek, Nabiy ﷺ:
«Sizlarga ikki narsani qoldirdim. U ikkisini mahkam ushlasangiz, hargiz adashmaysizlar: Allohning Kitobi va Rasulining sunnati».
Bugungi kunda zamonamiz shiddat bilan rivojlanib, insoniyat taraqqiyotning yuksak marralarini zabt etmoqda, shunday bir davrda insonni asl maqsaddan chalg‘ituvchi va niyatni kirlantiruvchi omillar ham bisyordir.
Zamonaviy texnologiyalar rivojlanib, telefon, internet kabi vaqtimizni o’g’irlaydigan vositalar hayotimizda ajralmas o‘rin egalladi.
Ana shunday shovqinli dunyoda Rasulimiz ﷺ ning sunnat va ko‘rsatmalariga yanada ko‘proq amal qilishga harakat qilishimiz, va atrofimizdagilarga ham eslatib o’tishimiz, ularni o‘rganishimiz va keyingi avlodlarga ham yetkazishimiz kerak.
Zero, sunnatga amal qilish — kishining dunyo va oxiratdagi bog‘ini sug‘orib, uni yashnatadigan sababdir.
Alloh taolo barchamizni Rasululloh ﷺ sunnatlariga ergashadigan va ularni hayotimizda go‘zal tarzda namoyon qiladigan bandalaridan qilsin.

3-kurs talabasi Axmedov Mansurxon