Har bir xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, ozod va erkin hayot qurishi uning tarixdagi eng buyuk ne’mati va ulkan baxtidir. Bugun O‘zbekiston o‘zining suveren taraqqiyotining sharafli 35 yillik sarhisobiga yaqinlashar ekan, yurtimizda keng qamrovli bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari avj olmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan e’lon qilingan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» degan ezgu bosh g‘oya bugun har bir yurtdoshimizning qalbida chuqur aks-sado berib, jamiyatimizni yanada jipslashtirmoqda.

Mustaqillik yillarida Yangi O‘zbekistonda barcha jabhalarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash va e’zozlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Zero, yagona xalq bo‘lib birlashgan jamiyatgina har qanday murakkab marralarni egallashga, ertangi yorug‘ kelajakni o‘z qo‘llari bilan yaratishga qodir. Biroq har qanday tinchlik va erkinlikning qadriga yetish, uning qo‘riqchisiga aylanish har bir fuqaraning muqaddas burchidir. Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash, uning osmoni musaffoligi va mustaqilligini ko‘z qorachig‘idek asrash – barcha zamonlarda eng ulug‘ fazilatlardan biri bo‘lib kelgan.

Islom dinimiz ta’limotida ham yurt tinchligi va uning chegaralarini qo‘riqlashga alohida e’tibor qaratilgan. Imom Xatib Tabriziyning mashhur «Mishkotul masobih» to‘plamida buyuk sahobiy Salmoniy Forsiy orqali Imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisi sharif bu boradagi yuksak haqiqatni ochib beradi. Unda shunday deyiladi: «Bir kunu bir kecha chegarani, yurt sarhadlarini qo‘riqlash bir oylik ro‘za va uning kechalari ibodatidan yaxshidir. Agar qo‘riqlab turgan kishi vafot etib qolsa, qilib turgan amalining savobi o‘limidan keyin ham yozilib turadi, rizqi davom ettiriladi va fitnadan, ya’ni qabr sinovidan omon qo‘yiladi.»

Mazkur hadis zamirida yurt himoyasi, uning mustaqilligini ta’minlash yo‘lida qilingan xizmat va fidoyilikning naqadar ulug‘ savobli ish ekani yotibdi. Tinch va ozod o‘lkada yashab, o‘z oilasi, farzandlari baxti uchun mehnat qilayotgan har bir inson ana shu tinchlik qadrini anglagan holda Vataniga sadoqat bilan xizmat qilishi lozim.

Albatta yurt himoyasi faqat qurol bilan emas manshu yurtning mustaqilligi, uning xalqining farovonligi uchun xizmat qiladigan har ishda jiddu-jahd qilish bilan  bo`ladi. Bugungi ilm fan taraqqiyoti davrida esa barcha yoshlarga har sohada shuqur ilm olish va uni bu mustaqillik yo`lida sarf qilish lozim bo`ladi. Biz yoshlar esda buni ko`taruvchi asosiy kuchmiz.

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot va madaniyat sohasidagi ulkan yutuqlar mana shunday tinchlik va milliy birdamlik samarasidir. Mustaqilligimizning 35 yilligini munosib kutib o‘lar ekanmiz, har birimiz Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashimiz kerak. Xalqimizning azaliy ahilligi, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishi Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagini kafolatlaydigan asosiy kuchdir. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Xakimboyev Fayzullo 3-kurs talabasi