RAMAZON-RUHIY POKLANISH VA SABR MAKTABI

56

Biz kelishini o’n bir oy kutgan oylarni sultoni bo’lmish Ramazon oyi ham kirib keldi. Bu oy boshqa oylardan fazilati va barokati bilan ajralib turadi. Darxaqiqat bu mehr-muruvvat oyidir. Bu oyning fazilatlari hamda bu oyda bo’lgan ajib holatlar haqida bayon qilsak!

Ramazon oyi Qur’on oyidir. Rosulimiz sallollohu alayhi vasallamga Qur’on ilk bor ramazon oyida nozil bo’ldi, hamda qorilar masjidlarda Qur’onu karimni to’liq xatm qilib berishadigan go’zal oydir bu. Ba’zi rivoyatlarda, Alloh taolo Odam alayhissomni Ramazon oyida yaratgan degan ma’lumotlar ham bor. Ramazon oyida musulmonlar ro’zador holatda bo’lishadi. Albatta Alloh taolo ro’zadorlarni yaxshi ko’radi va ularni jannatiga Rayyon deb ataladigan undan faqat ro’zadorlar kiradigan eshikdan jannatiga kirgizadi.

Sahl ibn Sa’ad r.a.dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Jannatning 8 ta darvozasi bor ulardan biri rayyon deb ataladi, undan faqat ro’zadorlar kiradi” dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati

Ramazon ro’zasini tutushni ikkinchi hijriy sananing shabon oyida Alloh taolo musulmonlarga farz qildi. “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro’za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz”. (baqara surasi 183- oyat).

Ro’za ibodat bo’lishligi bilan birga tibbiy foidalari ham juda ko’p. Inson ro’za tutar ekan undan faqat yaxshilik ko’radi. Tanada yig’ilib qolgan zararli moddalar tanani tark qilib ovqat xazm qilishni yaxshilaydi, qon aylanish yaxshilanadi, vaznni meyorga keltiradi, hujayralar tozalanadi, yurak qon tomir tizimi yaxshilanadi, ruhiy va asabiy tizim mustahkamlanadi, immunitet kuchayadi, bir so’z bilan aytganda ro’za tana ushun shifo ruh uchun tarbiyadir.

Ramazon oyining boshi raxmat o’rtasi mag’firat oxiri esa jahannamdan uzoqlashish yo’lidir. Inson Ramazon oyining ilk kunida ichiga bir urug’ ekadi, uchunchi kuni u unib chiqadi, o’ninchi kuni ildizi poyasi bor ko’chatga aylanadi, keyin esa shoxlaydi, yigirmanchi kuni shoxlari yaproq yozadi, yigirma yettinchi kuni yaproqlari gullaydi, oxirgi kuni shoxlari mevalarga to’la soppa sog’lom darxga aylanadi, ildizlari juda chuqur shoxlari osmonu falakda endi ro’zaning nuri inson yuzida tovlanadi.

Bu oy sabr oyi hamdir. Inson o’zini yani nafsini jilovlaydigan qanoatni o’rganadigan qalbini poklab oladigan g’animat fursatdir. Alloh taolo bu oyda shaytonlarni zanjirband qilib jahannam eshiklarini yopib jannat eshiklarini ochadi. Albatta bu oyda shunday bir kun borki bu kun qadar kechasi bo’lib ming oydan afzaldir.

Anas ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, Ramazon oyi keldi Rosulloh sallollohu alayhi vasallam: “Albatta bu oy sizlarga keldi, unda ming oydan yaxshi bo’lgan bir kecha bor” dedilar. Ibnu Maja rivoyati.

 

 

Xush kelding ramazon kelding-a

 

O’n bir oyni ortda qoldirib,

Keldingmi Ramazon kelding-a…

Iftixorga qalbni to’ldirib,

Hush kelding ramazon kelding-a…

                                                           Amalga shoshilsam turib yeng,

                                                           Qadr kechang bor ming oyga teng.

                                                           O’ttiz kunlik bag’ring buncha keng,

                                                           Hush kelding Ramazon kelding-a…

Senda zo’r to’yadi yetimlar,

Har joyda necha bor, xatmlar.

Rayyonga tuzing deb bitimlar,

Hush kelding Ramazon kelding-a…

                                                           Topganni birovga ulashib,

                                                           Iftorlar qilolsak talashib.

                                                           Qolsaydik rayyonga ilashib,

                                                           Hush kelding Ramazon kelding-a…

Allohim yetkazding omonda,

Kelasi yilgisi gumonda…

Qadringa yetmaslik yomonda,

Hush kelding Ramazon kelding-a…

                                                           Qalblarga ezgulik joylangan,

                                                           Sen kelding shayton ham boylangan.

                                                           Kelishi o’n bir oy poylangan,

                                                           Hush kelding Ramazon kelding-a…

Vahiyni tarahlab oyisan,

Otamni yaralgan oyisan.

Oylarni ichida boyisan,

Hush kelding Ramazon kelding-a…

                                                           Oylarning eng zo’ri, naqshida,

                                                           Kelganing qandayam yaxshida.

                                                           Joningni qil deya baxshida,

                                                           Hush kelding Ramazon kelding-a…

 

Ramazonu sharif u shunday bir oyki, xonadonlarga barokat, quyosh, sevinch, zavqu shavq bo’ladi. U shunday bir oyki, dasturxon yozgan ham u darsturxondan yegan ham qalbida ajoyib surur tuyganlardir. U shunday bir oyki, islom olamining qadar kechasini saqlaydi. Robbimiz bu oyni ne’matlaridan bizni maxrum etmasin, barchamizga Ramazonu sharif muborak bo’lsin.

Norboyev Hafizullo

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi