RO‘ZA TARIXI HAQIDA

21

Alloh taolo Qur’oni karimda ro‘za haqida shunday marxamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ (183) أَيَّامًا مَعْدُودَاتٍ فَمَنْ كَانَ مِنْكُمْ مَرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ فَمَنْ تَطَوَّعَ خَيْرًا فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ وَأَنْ تَصُومُوا خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ (184)

“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingи (ummat) larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli)taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki, bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara,183,184).

Mazkur oyati karimalardan ma’lum bo‘ladiki, Alloh taolo bizdan oldin o‘tgan ummatlarga ham ro‘zani farz qilgan. Bu farz xadisi sharifda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Zero, unda aytilishicha, Alloh avval yahudiylarga ramazon oyida ro‘za tutishni buyurgan. Ular ro‘za yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun, ko‘p va qattiq qiynaldik deb, boshqa oyga ko‘chirganlar. Nafslari Xudo buyurgandek biron narsa tanovul qilmay ro‘za tutishga buysunmagan. Natijada, go‘sht kabi narsalardan o‘zlarini tiyib, ro‘za tutishga odatlanganlar. Xudo keyinchalik nasroniylarga ham ramazon oyida ana shunday ro‘zador bo‘lishni buyurgan. Afsuski, ular ham bu oyning eng issiq kunlarga to‘g‘ri kelgani va boshqa bahonalar bilan ro‘za oyi va tartiblarini o‘zgartirganlar.

Bu haqda “Tafsiri Jalolayn” muallifi shunday degan: Hazrat Ibn Abu Xotim (r.h.) ibn Umar (r.a.) dan rivoyat keltiradilar, ul zot shunday deganlar: “Ramzon oyi ro‘zasini Alloh sizlardan oldingi ummatlarga ham farz qilgan edi. Ba’zi olimlar nazdida qanday bo‘lsa ham ro‘za tutishni Xudo buyurgan, ammo vaqtini va miqdorini belgilab bermagan edi”, deganlar. Ro‘za so‘zining ma’nolari ham shundan dalolat beradi. Shuning uchun Hazrati Odam (a.s.)ga Bayz kunlari, Muso (a.s.)ning qavmlariga esa ashuro kunlari ro‘za tutishni buyurdi .

Ramazon arabcha “ар-рамад” degan so‘zdan olingan bo‘lib, quyosh haroratining juda isib, qaynab ketishini anglatadi. “Ar-ramdo” esa, quyosh olamni tandirdek lovullatib qizdirishini bildiradi. Mana shunday issiqda  qolib ketgan podadagi mol-qo‘ylarning jigarlari qurib, ular tezda xalok bo‘ladi. Shuning uchun arablar “oftob urishi” ni “ramadatul-g‘anam” (chorvaning kuyishi) deydilar.

Bu haqda Imom Zamaxshariy mana bunday deganlar: “Har bir oyni nomlash vaqtida shu oydagi biror belgi bilan yoki o‘ziga xos xususiyat bilan nomiga ahamiyat qilganlar. Ramazon oyi esa yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun uni juda issiq, jazirama ma’nosida ramazon deb ataganlar”  Ramazon deyilishiga sabab, bu oyda gunohlar kuydiriladi, yondirib yo‘q qilib yuboriladi. Uni yondirib, kul qiladigan narsa solih amallardir.

Mo‘tabar kitoblarda janob Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: har bir kun Allohning kuni, oy esa Allohning oyi, yil Allohning yilidir, degan xadisi sharif rivoyat qilingan. Ammo ba’zi oy va kunlarni Uning o‘zi aziz va mo‘tabar qilgani ma’lum. Oylarning fazilatini bayon qilar ekanlar, janob Rasululloh s.a.v. Rajab Allohning oyi, Sha’bon mening oyim, Ramazon sharif esa ummatimning oyidir, deganlar. Ramazon sharifning kelishiga xursand bo‘lgan kishining gunohlari kechiriladi.

Bir kuni Rasululloh s.a.v. juma xutbasini o‘qish uchun minbarga ko‘tarilayotganlarida uch marta “omin” dedilar. Bu “omin” larning sirini so‘raganlarida, janob Rasululloh s.a.v.: “Minbarga chiqayotganimda birodarim Jabroil Amin (a.s.) keldilar va qulog‘imga: “Ramzonga sog‘-salomat yetib kelib, imkoniyatlari bo‘la turib, gunohlaridan yangi tug‘ilgan go‘dakdek pok bo‘lmagan kishining burni yerga ishqalsin” -dedilar. Men “omin” dedim. Keyin: “Ota-onasini  yoki ularning birini yoshi ulug‘likka yetganda topsa-yu, ularning xizmatini qilib, roziligini olmagan kishining burni yerga ishqalsin”-dedilar, men yana “omin” dedim. Keyin yana: “Sizning muborak nomingizni  eshitib, salovat aytmagan kishining burni yerga ishqalsin”,-dedilar. Men yana “omin” dedim”.

“Burni yerga ishqalsin”ning ma’nosini: ertaga ko‘p afsus va nadomat cheksin, mahshargohda sharmanda bo‘lsin hamda hijolatga qolsin deb ta’vil qilish mumkin.

Biz ummati Muhammadiyaga esa ramazon oyining ro‘zasi farz qilindi.

Bu esa hijrotning ikkinchi yilida sha’bon oyining seshanba kunida farz bo‘lgan edi.

 Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi

Abdujalilov Abdumalik