Islom dini insonning nafaqat amallarini, balki soʻzlarini ham tartibga soladi. Chunki til orqali aytilgan soʻz qalbdagi niyatning aksidir. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarga tilni ehtiyot qilishni, birodarlari haqida yomon so‘z aytmaslikni buyuradi.

Gʻiybat – bu musulmon birodarni o‘zi yoqtirmaydigan narsasi bilan orqasidan eslashdir. Payg‘ambarimiz ﷺ gʻiybatning ogʻirligini bayon qilib dedilar:

«Gʻiybat — birodaringni u yoqtirmaydigan narsasi bilan eslashingdir».

Sahobalar: «Agar aytayotgan narsam unda bo‘lsa-chi?» deyishdi.

Rasululloh ﷺ dedilar:

«Agar unda bo‘lsa — gʻiybat qilgansan, bo‘lmasa — unga tuhmat qilgansan». (Muslim rivoyati)

Bu mavzu haqida Imom Gʻazzoliy rohimahulloh o‘zlarining » مكاشفة القلوب » yaʼni, “Qalblar kashfiyoti” kitoblarida quyidagilar keltiradilar :

Ey birodarim, bilib qo‘yki, Alloh, o‘zining kitobida g‘iybatning yomonligi haqida aytib, g‘iybat qilganni o‘likning go‘shtini yeganga o‘xshatgandir:

 «يا أيها الذين آمنوا اجتنبوا كثيرا من الظن إن بعض الظن إثم ولا تجسسوا ولا يغتب بعضكم بعضا أيحب أحدكم أن يأكل لحم أخيه ميتا فكرهتموه والتقوا الله تواب رحيم»

“Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmli Zotdir.”

(Hujurot surasi, 12-oyat.)

Ma’lumki, kimning o‘yiga badgumonlik o‘rnashsa, u odam o‘sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning o‘ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa “josuslik” deyiladi. Odatda josuslik deb, birovga yomonlik yetkazish niyatida, uning ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur.

Allohning Rosuli Muhammad alayhissalom buyuradilarki:

— Har bir musulmonning qoni, moli, iffati va nomusi boshqa musulmon uchun haromdir.

— G‘iybatdan saqlaning! G‘iybat zinodan ham yomondir. Zero, kishi zino qilib, oxiri tavba qilsa, Alloh afv etishi mumkin. Holbuki, g‘iybat qilganni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kyechirishi qiyin.

Faqat g‘iybat qilingan kishi kechirgandan keyingina afv etishi mumkin.

— G‘iybat birodaringning ortidan o‘zi eshitib qolsa xafa bo‘ladigan ayb-nuqsonini aytishingdir.Bu hadis ko‘p qamrovlidir. Kishining jismoniy kamchiligini, zoti, xatti- harakatlari, so‘zi, diniy va dunyoviy jihatlari, hatto libosi va ulovining qusuri(kamchiligi)ni aytmoqlikdir. Dastlabki sof musulmonlarning ba’zi birlari birov to‘g‘risida «Kiyimi qisqa yo kiyimi uzun!» tarzida aytilgan so‘zni ham g‘iybat deb hisoblaganlar. Shunday bo‘lgach, nega endi kishini xafa qiladigan so‘z aytilganda, bu g‘iybat bo‘lmasin?!

Bir kun pakana bir xotin ba’zi bir masalalarni so‘ramoqchi bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldiga keladi. Savollariga javob olib qaytib ketganida keyin Hazrati Oisha roziyallohu anhaa :

— Muncha ham pakana xotin ekan! — deb qoladilar. Shunda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom:

“— G‘iybat qilding, ey Oysha! — dedilar. G‘iybatdan saqlaning! Chunki unda uch ofat bor:

G‘iybatchining duosi qabul qilinmaydi , qilgan xayrli ishlari qabul etilmaydi, g‘iybatchining ustida gunohlar tashlanadi” — dedilar

Payg‘ambarimiz alayhissalom  gap tashuvchilikning yomonligi haqida shunday deganlar:

“— Qiyomat kuni insonlarning eng yomoni ikkiyuzlamachilaridir. Ikkiyuzlamachilar bu yerga kelib boshqacha so‘zlaydi, unga borib boshqacha gapiradi. Kim dunyoda shunday ikkiyuzlamachi bo‘lsa, qiyomat kuni uning olovdan ikki tili bo‘ladi.

— Unga borib bir turli, bunga kelib boshqa turli gapirib, buzg‘unchilik qilganlar jannatga kirmaydi.”

Hikoya qiladilar:

Abullays Buxoriy hajga kyetayotganda cho‘ntagiga ikkita pulni g‘amlab oladi va o‘ziga-o‘zi shunday shart qo‘yadi:

Agar Makkaga ketayotganimda yoki u yerdan kelayotganimda birovni g‘iybat qilsam, shu ikki pulni sadaqa qilaman. Makkaga borib keladi, lekin ikki puli cho‘ntagida qoladi. So‘raganlarga shu javobni beradi:

— Yuz marta zino qilganimdan bir marta g‘iybat qilganimning gunohi yomonroqdir!

Abu Hafs Kabir rohimahulloh(Abu Hafs Kabir — dastlabki islom faqihlaridan.) ham bu mavzuda shunday degan edilar:

— Birovni ig‘vo qilishning gunohi bir ramazon ro‘zasini tutmaslikning gunohidan yomonroqdir.

Va yana aytadilarki:

— Kim bir fiqh olimini ig‘vo qilsa, qiyomat kuni peshonasida «Bu, Allohning rahmatidan umid uzuvchidir!» deb yozilgan holda keladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

— Nabiiy alayhissalom aytdilarki:

“ Me’roj kechasi bir to‘da insonlarni ko‘rdim, tirnoqlari bilan yuzlarini tirnardilar va iflos narsalar yerdilar. Jabroildan: «Bular kim?» — deb so‘radim. Jabroil alayhissalom aytdiki: «Bular dunyoda insonlarning go‘shtini yeganlar, g‘iybat qilganlardir!”

Abu Hurayra roziyallohu anhu deydilarki:

“ Sizlarning ba’zi birlaringiz musulmon birodaringizning ko‘ziga tushgan bir cho‘pni ko‘radiyu, o‘zining ko‘zidagi xodani ko‘rmaydi.”

Ya’ni boshqalarning arzimagan mayda-chuyda kamchiliklarini titkilaydi, topadi va ig‘vo qiladi, lekin o‘zining undan kattaroq xato va kamchiliklarini ko‘rmaydi.

Demak, haqiqiy moʻmin tilini yomon soʻzdan, qulogʻini yomon gapdan, qalbini yomon gumondan saqlaydi. Gʻiybat oʻrniga birodar haqida duo qilish, uni yoʻqlab holidan xabar olish, uning ustidagi ayblarini emas, fazilatlarini tilga olish moʻminning eng goʻzal xulqidir.


Abdugʻofurov  Bilolxon

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi.