USTOZLARGA EHTIROM — EZGU AN’ANAMIZ

23

1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatishga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.

Ustoz — yosh avlodga nafaqat bilim va ma’rifat beruvchi, balki ularni yuksak axloq, odob-axloq va ezgulik ruhida tarbiyalovchi, hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlashga yo‘naltiruvchi mo‘tabar zotdir. Shu bois ustozlarni qadrlash va e’zozlash xalqimizning azaliy va ezgu qadriyatlaridan biri hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari O‘tkirxon domla Mahmudov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Rejabali domla Norqo‘chqorov, ko‘p yillar diniy-ma’rifiy sohada xizmat qilgan Ismoil domla Rayhonov, shuningdek, ta’lim muassasasi o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ustozlarning sharafli va mas’uliyatli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi.

Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ta’lim muassasasi ustoz va xodimlariga bayram tuhfalari taqdim etildi.

💼 8 nafar fidoyi o‘qituvchiga moddiy yordam pullari;

🎁 23 nafar o‘qituvchi va xodimga bayramona oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmalari topshirildi.

Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ustozlarning fidokorona mehnatiga bo‘lgan yuksak hurmatning amaliy ifodasidir.

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi jamoasi ustoz va xodimlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va saxovat uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyati hamda barcha mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildiradi.

🤲 Alloh taolo barcha ustoz va murabbiylarimizning ilm-ma’rifat yo‘lidagi xizmatlarini ziyoda, mehnatlarini samarali va barakali qilsin. Shogirdlari kamolini ko‘rib, el-yurt ardog‘ida yurishlarini nasib aylasin!

🎉 Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!

https://t.me/xojabuxoriy/21531

XOJA BUXORIY ISLOM TA’LIM MUASSASASI MATBUOT XIZMATI!