Bugun 18-noyabr kuni Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin Eshonqulov boshchiligida bir guruh ulamolar hamda mas’ullar tashrif buyurib, o‘qituvchi va talabalar bilan samimiy uchrashuv tashkil qildilar.

Ustoz Zayniddin Eshonqulov talaba yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda avvalambor O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining duo va salomlari hamda ezgu tilaklarini yetkazdi. Shundan so‘ng bugun muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan diniy sohaga berilayotgan e’tibor haqida gapirar ekan, diniy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan yoshlar ham bu oqilona, odilona siyosatga labbay deb javob berishlari lozimligi, yaratilgan barcha imkoniyatlardan unumli, samarali foydalanib qolishi lozimligi uqtirildi.

Bundan tashqari ilmning fazilatlari, bugungi davr yoshlari albatta kamida ikkita xorijiy tilni o‘rganishlari, ustozlar va ilm ahligi hurmatda bo‘lish kabi ezgu fazilatlar haqida hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar. Bugungi davr yoshlari, xususan diniy ta’lim muassasalarida  ta’lim olayotgan talabalar turli xil yot oqimlar ta’siriga tushib qolmasligi, aksincha ularga ilmiy, asosli raddiyalar berish ko‘nikmalarini shakllantirib  borishlari aytib o‘tildi.  Bitiruvchi kurs talabalariga tashkil qilingan “Dual ta’lim”ning maqsadi bo‘yicha ham atroflicha tushunchalar berib o‘tdilar. Uchrashuv so‘ngida talabalar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishib, ochiq muloqot  samimiy va mazmunli bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar ta’lim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘qituvchilar, talaba yoshlar uchun yaratib berilgan imkoniyatlar hamda ta’lim muassasasining yangi o‘quv binosi, undagi shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berishdi.