INTERNETNING XATARI VA ZARARLARI

28

Hozirgi tahlikali zamonda internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-ahloqni yemiruvchi manfur illatlar har-bir ongli kishini tashvishga solishi aniq.

Keyingi paytlarda internet bilan bog‘liq buzg‘unchiliklar, global tarmoqdan qabih maqsadda foydalanayotganlar ko‘payib bormoqda. Oqibatda, zalolatga boshlovchi elektron nashrlar va videolavhalar keng yoyilmoqda.

Adashgan kimsalar yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishda internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. O‘zlarini “yaqin do‘st” yoki “hidoyatga chorlovchi” sifatida tanitib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmoqda. Aslida, ularning din va shariat haqida umuman ilmlari yuq ular bu johilligi bilan boshqalarni ham jar yoqasiga tortayotgani va kimningdir nog‘orasiga uynayotganini bilmaydilar. Bundaylar avval dinu diyonat, ibodat haqida turli jozibali so‘zlarni gapirib, g‘o‘r yoshlarni yo‘ldan urib, oxir — oqibatda, razolat qurboniga aylantirmoqda.

Internetdan olingan narsa to‘g‘ri, ishonchli va zararsiz ekanini bilish lozim. Yaxshi — yomonning farqiga bormagan yoshlar internet orqali tarqatilgan har qanday ma’lumot — xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga soladi.

Islom talimoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar ko‘plab buzg‘unchiliklariga internetni vosita qilmoqdalar.

Sarhadsiz internet dunyosiga kirgan shaxs vaqt, umr g‘animat ekanini doimo yodda saqlamog‘i lozim. Zero, bu global tarmoq bepoyon hududlarga ega bo‘lib, unda inson adashib soatlar, kunlarini samarasiz o‘tkazib yuborishi mumkin.

Internetdagi g‘oyaviy tuzoqlar go‘yo madaniyatga o‘xshashi va yoshlarga moydek yoqishi bilan ham xatarlidir. Insoniy axloqga ters olomoncha madaniyat ayrim yoshlar ongiga chang solib, ma’naviyat kushandasiga aylanmoqda. Achinarlisi, mazkur “madaniyat” ta’siriga berilib qolganini yoki uning qurboniga aylanayotganini ko‘pincha yoshlar o‘zlari sezmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarning oila va jamiyat barqarorligiga solayotgan eng katta tahdidlaridan yana biri – ulardagi muloqotlar sababli ko‘plab tinch -totuv oilalar barbod bo‘lib ketayotganidir.

Hozir internet butun dunyoni egallab olgan. Uning yordamida bir daqiqada dunyoning narigi chetidagi kishi bilan suhbatlashish, o‘zaro fikr almashish mumkin. Lekin turli saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, forum va chatlardagi tanish-bilishlar haqida xolis ma’lumotga ega bo‘lish mutlaqo imkonsiz. Ularning kimligini, niyati qandayligini bilmasdan turib, kiber do‘stlarga ko‘nglini ochayotgan — shaxsiy hayoti, o‘y-kechinmalari, tuyg‘ularini ishonib aytayotgan yoshlar ko‘p. Natijada, ularning daldasi, shirin aldovlari, soxta mulozamatlariga uchgan yoshlar oxiri internetsiz yashay olmay qoladi. Bu esa kompyuterni odam emas, kompyuter odamni boshqarish imkoniyatini yuzaga keltiradi.

Aynan globallashuv bahonasida qaysidir davlatlar yoki qandaydir markazlar dunyoning boshqa chetidagi odamlar mafkurasini o‘zgartirishga, ularni o‘z g‘arazli g‘oyalariga ishontirishga, binobarin, ularni o‘z ortidan ergashtirishga urinmoqda. Bunga “nishon bo‘lgan” insonlarning na milliy qadriyatlari, na urf-odatlari va na o‘sha yurtda yashaydigan insonlarning dinu diyonati, imon-e’tiqodi, xohish — irodasi e’tiborga olinadi.

Internet – bu katta bir do‘kon. Do‘konga borganda, odam xohlagan molini sotib oladi. Internetni ham shunday bir bozor, ya’ni axborot bozori, deb tushunish kerak. Yosh avlod  axborot makoniga kirganda, faqat o‘zi uchun zarur va foydali narsani olsin, internetdan foydalanish madaniyatini o‘rgansin.

Xulosa o‘rnida, farzandining yorqin kelajagini istaydigan har-bir ota-ona tarbiya masalasiga jiddiy e’tibor bermog‘i zarur. Bola tarbiyani turli kompyuter o‘yinlari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan emas, eng avvalo ota-onalaridan, bobo-momolaridan, ezgulikka, poklikka, mehr-oqibat va dinu diyonatga chaqiruvchi yaxshi kitoblardan olsin.

Muzaffar Qosimov,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

 ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari