DINIY BAGʻRIKENGLIK — OTA-BOBOLARIMIZDAN QOLGAN MILLIY QADRIYAT
19

Diniy bagʻrikenglik — turli diniy eʼtiqoddagi kishilarning olijanob gʻoya va niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashi, kishilik jamiyati ravnaqi yoʻlida xizmat qilishini anglatadigan tushuncha. Bu qadriyat Oʻzbekistonda asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib kelmoqda. Insonlarni birlashtiradigan muhim qadriyatlardan biri aynan bagʻrikenglikdir. Globallashuv davrida diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni asrash har qachongidan ham muhim.
Odamlarning eʼtiqodi va urf-odatlari har xil boʻlishi tabiiy. Asosiysi, bu farqlarni nizo sababiga emas, tushunish va hamkorlik uchun imkoniyatga aylantira olishdir. Bagʻrikenglik ham aynan shu: oʻzgacha fikrlaydigan odamni kamsitmaslik va uning huquqlarini hurmat qilish. Bu tushuncha vijdon erkinligini tan olishni, yaʼni har kim eʼtiqodini oʻzi tanlashiga imkon berishni ham oʻz ichiga oladi. 1995-yil 16-noyabrda UNESCO qabul qilgan Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasida bagʻrikenglik dunyo madaniyatlarining xilma-xilligini hurmat qilish va qadrlash sifatida taʼriflangan.
Aynan shu sana munosabati bilan 16-noyabr kuni Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida nishonlanadi. Oʻzbekistonda ham 2019-yildan buyon bu kun keng nishonlanib kelinmoqda. Shu kunlarda turli tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari oʻtkaziladi, ularda turli millat va din vakillari ishtirok etadi.
Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimiz asrlar davomida turli xalqlar, savdogarlar va olimlar uchrashadigan joy boʻlgan. Buyuk Ipak yoʻli orqali faqat tovar emas, ilm, sanʼat va urf-odatlar ham almashgan. Bu esa xalqimizning boshqa madaniyatlar bilan yaqin aloqada boʻlganini koʻrsatadi.
Ajdodlarimiz asarlarida ham inson qadri yuqori qoʻyilgan. Abu Nasr Forobiy «Fozil odamlar shahri» asarida jamiyat farovonligini odamlarning oʻzaro yordami bilan bogʻlagan, chunki inson yolgʻiz oʻzi hamma ehtiyojini qondira olmaydi. Mutafakkir bu haqda shunday yozadi:
«Insonlar oʻz ehtiyojlarini qondirish va kamol topish uchun jamoaga va jamiyatga birlashuvlari zarur boʻladi. Bu jamoada har bir shaxs oʻz tabiatiga, isteʼdodi va qobiliyatiga yarasha kasb-hunarlarni oʻrganib, har kun oʻz sanʼatida (hunarida) kamolotga etishga harakat qiladi. Shu sababli (turli millat va turli dinga mansub) turli joylarda yashovchi odamlar turli jamiyatlarga birlashadilar.»
Forobiyning bu fikrlaridan koʻrinadiki, turli millat va din vakillari ham bir jamiyatda birga yashab, bir-birini toʻldirishi mumkin. Demak, hamjihatlik va hurmat gʻoyalari bizga bobolarimizdan oʻtgan. Bagʻrikenglik gʻoyasi muqaddas manbalarimizda ham oʻz ifodasini topgan. Qurʼoni karimning 50 dan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar tinchliksevar boʻlishga va boshqa din vakillariga nisbatan bagʻrikeng munosabatda boʻlishga chaqirilgan. Xususan, Mumtahana surasining 8-oyatida shunday deyiladi:
«Dinlaringiz toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz diyorlaringizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingizdan va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatlilarni sevar».
Oʻzbekiston koʻp millatli davlat. Turli millat vakillarining yagona Vatan yoʻlida hamjihat yashashi jamiyat barqarorligining asosidir. Konstitutsiyaning 19-moddasida barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini va eʼtiqodidan qatʼi nazar, qonun oldida teng ekani belgilangan. 35-moddada esa vijdon erkinligi kafolatlangan: har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega.
Bu kafolatlar amalda ham oʻz ifodasini topgan. Yurtimizda masjidlar bilan bir qatorda cherkovlar, sinagogalar va boshqa din vakillarining ibodatxonalari ham faoliyat yuritadi. Har bir inson oʻz diniga oid ibodatxonada bemalol ibodat qila oladi. Musulmon masjidga, xristian cherkovga, yahudiy sinagogaga borib, oʻz urf-odatlariga muvofiq eʼtiqodini erkin ado etadi. Bu Oʻzbekistonda turli din vakillari bir-biriga halaqit bermay, tinch-totuv yashayotganining yorqin dalilidir.
Lekin bagʻrikenglik faqat qonunda yozilgan qoida emas, u kundalik hayotda koʻrinishi kerak. Qoʻshnimiz boshqa millatdan boʻlsa yoki hamkasbimiz oʻzgacha fikrlasa, bu ularga munosabatimizni oʻzgartirmasligi lozim.
Bagʻrikeng jamiyat yoshlarning tarbiyasiga bogʻliq. Bola ota-onasining boshqalarga munosabatidan oʻrnak oladi, maktab va oliygohda esa turli qarashdagi odamlar bilan muloqot qilishni oʻrganadi. Shuning uchun yoshlarga bilim bilan birga hurmat, hamdardlik va masʼuliyatni ham oʻrgatish kerak.
Diniy bagʻrikenglik jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi qadriyatdir. U tarixiy meros va huquqiy tamoyil boʻlib qolmay, har birimizning kundalik hayotimizda namoyon boʻlishi kerak. Jamiyatning haqiqiy boyligi moddiy yutuqlarda emas, odamlar orasidagi ishonch, mehr-oqibat va hurmatdadir. Bagʻrikenglik oʻtmishdan qolgan meros, bugungi ehtiyoj va kelajak oldidagi masʼuliyatimizdir.
Ibrohimov Yusufjon 3-kurs talabasi
