QUR’ONI KARIM TIL JIHATDAN E’JOZI
13

lug‘aviy ma’nosi: «E’joz» so‘zi arab tilidagi «a’jaza» (أعجز) fe’lining masdari bo‘lib, «biror kimsani ojiz qildi» yoki «uni ojiz holatda topdi» degan ma’nolarni bildiradi. «Biror narsa uni ojiz qoldirdi» iborasi esa o‘sha narsa unga yetib bo‘lmas darajada o‘tib ketgani va unga kuchi yetmaganini anglatadi. Nutqda e’joz esa ma’noni eng balog‘atli uslubda ifodalashdir.
Istilohiy ma’nosi: Ma’noni boshqa barcha uslublardan ustun bo‘lgan eng balog‘atli uslubda ifodalash bo‘lib, hatto uni tinglagan va o‘qigan har qanday kishi unga taqlid qilishdan ojiz qoladi.
Qur’on e’jozining ma’nosi: Maxluqotlarning Qur’on o‘rtaga tashlagan chaqirig‘iga (tahaddiyga) teng keladigan narsa keltirishdan ojiz ekanini Qur’on tomonidan isbotlanishidir.
Mo‘jiza esa odatdan tashqari, da’vat va o‘zaro bellashuv (tahaddiy) bilan yo‘g‘rilgan hodisa bo‘lib, Alloh taolo uni payg‘ambarning da’vatiga hujjat va Parvardigoridan yetkazayotgan xabarlarida uning rostgo‘yligiga dalil bo‘lishi uchun payg‘ambar vositasida yuzaga keltiradi.
Qur’oni karim e’jozining o‘ziga xos xususiyatlari
Qur’oni karim e’jozi ikki asosiy xususiyat bilan ajralib turadi:
- U rivojlanishda davom etuvchi mangu e’jozdir: Har bir davr tadqiqotchilari Qur’ondan uning avvalgi ma’lum jihatlariga qo‘shimcha tarzda yangi mo‘jizaviy qirralarni kashf etaveradilar. Ular bu jarayon qiyomat kuniga qadar davom etishiga qat’iy ishonch hosil qilganlar. Bu esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: إن هذا القرآن لا تنتهي عجائبه («Albatta, bu Qur’onning ajoyibotlari tugamaydi») degan so‘zlarining amaliy tasdig‘idir. Shu bois Qur’oni Karim Islomning boqiy mo‘jizasi hisoblanadi.
- U ko‘p qirralidir: Qur’oni karim e’jozi ham adabiy, ham ilmiy maydonni qamrab oladi. Ushbu e’jozning asosiy qirralarini quyidagicha umumlashtirish mumkin:
Qur’onning (til va balog‘at) e’jozi
Qur’oni karimning lug’aviy e’jozi haqida bitilgan asarlar behisob bo‘lib, ularni sanab tugatish mushkul. Quyida undan ba’zi qisqa misollarni keltiramiz:
- «Ar-Riyh» (الريح – shamol) va «Ar-Riyaah» (الرياح – shamollar) so‘zlarining qo‘llanishi
Qur’oni karim «ar-riyaah» (shamollar – ko‘plik shaklida) so‘zini insoniyat uchun ne’mat, xayr va baraka bo‘lgan o‘rinlarda qo‘llagan:
Alloh taolo aytadi:
وَهُوَ الَّذِي يُرْسِلُ الرِّيَاحَ بُشْرًا بَيْنَ يَدَيْ رَحْمَتِهِ
«U O‘z rahmati (yomg‘ir) oldidan shamollarni xushxabar qilib yuboradigan Zotdir». (A’rof surasi, 57-oyat)
Yana marhamat qiladi:
وَأَرْسَلْنَا الرِّيَاحَ لَوَاقِحَ فَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَسْقَيْنَاكُمُوهُ
«Biz shamollarni (bulutlarni) urug‘lantiruvchi qilib yubordik, so‘ng osmondan suv yog‘dirib, sizlarni u bilan sug‘ordik». (Hijr surasi, 22-oyat)
Yana shunday marhamat qiladi:
وَمِنْ آيَاتِهِ أَن يُرْسِلَ الرِّيَاحَ مُبَشِّرَاتٍ وَلِيُذِيقَكُم مِّن رَّحْمَتِهِ
«Uning alomatlaridan biri – sizlarga O‘z rahmatidan totdirish uchun shamollarni xushxabarchi qilib yuborishidir». (Rum surasi, 46-oyat)
Aksincha, «ar-riyh» (shamol – birlik shaklida) so‘zini esa azob-uqubat va jazo o‘rinlarida qo‘llagan:
Alloh taolo shunday degan:
إِذْ جَاءَتْكُمْ جُنُودٌ فَأَرْسَلْنَا عَلَيْهِمْ رِيحًا وَجُنُودًا لَّمْ تَرَوْهَا
«O‘shanda sizlarga qo‘shinlar kelgan edi, Biz ularning ustiga shamol va sizlar ko‘rmagan qo‘shinlarni yubordik». (Ahzob surasi, 9-oyat)
Yana boshqa o‘rinda aytadi:
إِنَّا أَرْسَلْنَا عَلَيْهِمْ رِيحًا صَرْصَرًا فِي يَوْمِ نَحْسٍ مُّسْتَمِرٍّ
«Albatta, Biz ularning ustiga davomli mash’um (shumlik) kunida qattiq sovuq shamol yubordik». (Qamar surasi, 19-oyat)
Boshqa oyatda shunday deydi:
وَأَمَّا عَادٌ فَأُهْلِكُوا بِرِيحٍ صَرْصَرٍ عَاتِيَةٍ
«Ood (qavmi) esa shiddatli, qattiq shamol bilan halok qilindilar». (Haaqqa surasi, 6-oyat)
Buning hikmati shundaki: Shamollar ko‘plik shaklida («riyaah») bo‘lsa, ular turli yo‘nalishlardan esadi va bir-birining shiddatini sindirib, tezligini mo‘tadillashtiradi. Natijada yengil va foydali shamollar hosil bo‘lib, ulardan xayr-baraka keladi. Yolg‘iz bitta shamol («riyh») esa aksariyat hollarda bir tomonga qarab shiddat va tezlik bilan esadi hamda bunday shamol odatda faqat ofat keltiradi. Shu bois Qur’oni karim uni azob va halokat o‘rinlarida ishlatgan.
Faqatgina bitta oyat bundan mustasno bo‘lib, unda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
حَتَّىٰ إِذَا كُنتُمْ فِي الْفُلْكِ وَجَرَيْنَ بِهِم بِرِيحٍ طَيِّبَةٍ
«Hatto sizlar kemalarda bo‘lganingizda va ular kishilarni xush (muloyim) shamol bilan olib ketganida…» (Yunus surasi, 22-oyat)
Chunki kema dengizda faqat shamol bir yo‘nalishda esgandagina oldinga siljiydi. Agar shamollar turli yo‘nalishlardan essa, kema bir joyda aylanib qoladi. Biroq mazkur oyatdagi bir yo‘nalishli shamol o‘z turdoshlari kabi halokatli va shiddatli emas, balki muloyim va me’yoriydir. Shu sababli Qur’oni karim uni «tayyiba» (xush va yoqimli) deb sifatlagan.
Bularning barcha Qur’on karim Buyuk Allohning kalomi ekani, Muhammad alayhissalom esa U Zotning yuborgan so‘ngi payg’ambari ekaniga yaqqol dalillardir. Biz bandalar esa Allohga muhtoj va ojiz bandamiz. (davomi bor)
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
Muhibullayev Saidmuhammadxon tayyorladi
