O’QITUVCHINING TALABA USTIDAGI HAQLARI

2

Talabaning ustida ustozi uchun bo’lgan haqlar bor bo’lib, ularni bajarish ila talaba ilmida baraka va foida oladi aks holda, barakadan mahrum bo’lib qolishi va ilmi samara bermaskligi mumkin.

Haqlardan eng avvali unga hurmat ko’rsatish va u egallagan foydali ilmga kuchli ishtiyoq bilan qarash. Bergan vazifalarini so‘zsiz bajarish va ko‘ziga tik qaramaslik ham eng yuksak ishlardan va ustozga nisbatan qilinishi kerak bo‘lgan ishlardan sanaladi. Ushbu haqlarni bajo keltirishda biz uchun dalil bo‘ladigan hadis va sahobalarning amallarini keltiriamiz.

Hadisi sharifda Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kattalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimlarimizning haqqini bilmagan kishi mening ummatimdan emas”.

Sahobalar (Alloh ulardan rozi bo’lsin) Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga eng yuksak hurmat ko’rsatishgan, u kishini chuqur hurmat qilishgan va cheksiz hurmat bilan qarashgan. U zot birinchi muallim sollallohu alayhi va sallam edilar va u zotning sahobalari bu ummat ichidagi birinchi shogirdlari edilar.

Muhammad sollallohu alayhi va sallam sahobalari tomonidan ko’rsatilgan bu hurmatga namunalardan deb quyidagilarni keltirish mumkin:

Ibn Muflih Maqdisiy rohimahulloh shunday deganlar: “Sahobalar — Alloh ulardan rozi bo’lsin — Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamga shu qadar katta hurmat ko’rsatganlarki, bu Hudaybiyadagi tinchlik shartnomasi va boshqa hadislarda hamda Allohning: “Ey iymon keltirganlar, ovozingizni Payg’ambarning ovozidan baland ko’tarmang”. (Hujurot surasi 2-oyat), deb marhamat qilgan so’zlarida yaqqol namayon bo’lgani kabi, dushmanlarni hayratga solgan darajada edi. Kimdir aytishi mumkin, bular faqat Payg’ambar uchun qilinadigan hurmat namunasiir, deb. Aslida bularning hammasi kelajak avlodga dars bo‘lsin uchun dars sifatida qabul qilinadigan ishlardir. Har bir yaxshilik va ma’rifat beradigan ustozga nisbatan hurmat namunasidir. Bu haqda oyatdan dalil izlagan juda ko‘p oyatlarni uchratamiz. Ammo biz bu o‘rinda aqillik odamga bir so‘z yetadi degan umidda dalillarga kirishmaymiz. Balki sahobalarni muallimga nisbatan hurmatlaridan bir ikki voqealarni keltirib o‘tishimiz mumkin.

Umar roziyallohu anhu dedilar: “Biz janozada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning atroflarida xuddi boshimizga qushlar qo’ngandek (jim, qimirlamay) o’tirardik”. Mug’ira ibn Shu’ba roziyallohu anhudan kelgan rivoyat esa shunday deganlar: “Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalari u zotning eshiklarini (hurmatan) tirnoqlari bilan taqillatar edilar”. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Sahobalarni payg’ambar alayhissalomni o‘zlari uchun haq yo‘lga boshlovchi sodiq muallim va jaholatdan ilm nuriga yetaklagan rahnamo zot deb bilishgan. Shu sabalik u zotning huzurlarida nazardan qolmaslik uchun iznsiz so‘zlamay balki, qush qo‘nsa bo‘ladigan darajada o‘ta ehtirom namunasi sifatida jim turganlar. Shu bilan bir qatorda u zotning uylariga kelsalar, eshiklarini o‘ta ohistalik va ta’zim ila taqillatganlar, shovqin-suron, taqir-tuqur qilmaganlar, g’udurlamaganlar. Mana ustozga bo‘lgan ta’zimning eng oliy darajasi shudir.

 Sahobalar va ulardan keyingi izdoshlarining olimlarga ko’rsatgan hurmati:

Ibn Muflih rohimahulloh shunday deganlar: «Imom Sha’biy aytadilar: Ibn Abbos roziyallohu anhumo Zayd ibn Sobitning (ulovi) uzangisini ushlab: «Olimlarga shunday munosabatda bo’lishadi», deganlar. Ya’ni, ustozga hurmat ko’rsatish uchun ulovini yonida yetaklab kutib olar edi. Huddi bugungi kunda ustozning avto ulovini eshigini ochib yopib turish kabi. Shayx Ayyub Mujohiddan rivoyat qilib: «Ibn Umar uning (Zayd ibn Sobitning) ulovi uzangini tutib turgan edi», deganlar. Sahobalar ham o‘zaro ustoz-shogird munosabati tarzida hurmatni namayon qilganlar. Ibn Abbos va Ibn Umar roziyallohu anhumlarning o‘zlari ham yetuk darajada alloma va buyuk sahobiy bo‘lishlariga qaramay ustozga ta’zimda bo‘lganlar.

Boshqa o‘rinda Ibn Muflih rohimahulloh shunday deganlar: “Abdurazzoq Ma’mardan u esa Ibn Tovusdan u otasidan rivoyat qiladi: “To’rt kishini hurmat qilish sunnatdandir: olim, keksa oqsoqol, hukmdor va ota-onani. Kishi o‘z otasini ismini aytib chaqirishi qo’pollikdandir”. Imom Bayhaqiy Abu Umoma roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: “Uch narsa Allohning ulug’vorligiga munosib hurmatdandir: Islomdagi keksa odam, Allohning kalomini yod olgan va ilm egasini, u yoshmi yoki qari bo’lishidan qat’i nazar ularni ezozlashdir”, deganlar.

Imom Savriy Mug’iyradan rivoyat qilib shunday deganlar: “Biz (ustozimiz) Ibrohimdan podshohdan haybatlangandek hayabtlanar edik”. Imom Molikning shogirdlari ham ustozlari Imom Molik bilan ham shunday hurmat va ta’zim ila munosabatda edilar”.

Robi’ aytadi: Allohga qasamki, Shofe’iy menga qarab turganida, men uning haybatidan suv ichishga jur’at eta olmadim. Imom Shofe’iy  rohmatullohi alayhi shunday deganlar: Agar siz hadis ahlidan bir kishini ko‘rsangiz, go‘yo Rasulullohning sahobalaridan bir kishini ko‘rgandek bo‘lardingiz. Ya’ni, ularning viqori va haybatidan ilm ahlini hurmati va ezozi shunday darajada bo‘lar edi.

Ibn Muflih rohimahulloh talabalarning salaf solih olimlarga ko’rsatadigan hurmatining bir misolini keltirib shunday dedilar: “Imom Hokim o’z tarix kitobida shunday degan: Imom Muslim ibn Hajjoj Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning oldiga kelib, u zotning ikki ko’zlari orasidan o’pib: “Ey ustozlar ustozi, muhaddislar ustozi va hadis nuqsonlari bo’yicha shifokor, oyoqlaringizni o’pishga ijozat bering”, dedilar”.

Ma’lum bo‘lyaptiki, tarixda hech bir sahoba va tobe’iyn yoki boshqa mashhur olim ustoziga nisbatan e’tiborsiz munosabtda bo‘lmaganlar. Aksincha, bir hadis bo‘lsa ham ta’lim olgan ustozlarini hurmatini joyiga qo‘yib, ularni ezozlaganlar. Biz uchun sahobalarni Payg’ambar alayhissalom bilan bo‘lgan hayotlari oliy darajada namuna bo‘lishi zarur. Biz ham hayotda yuksalishimiz uchun ustozlik qilgan zotlarni hurmatlab, ularning xizmatida bo‘lishimiz, ular haqida yaxshi gaplar aytishimiz va sha’nini himoya qilishimiz muhim sanaladi. Yuqoridagi ustoz-shogird munosabatlarini go‘zal tarzda namoyon qilib berib ketgan ulamolar hayotini o‘zimiz uchun dastur qilib olishimiz kerak. Ana shundagina ilmda baraka, samara va fayz bo‘ladi. Ana shundagina muvoffaqiyatga erishish oson bo‘ladi.

Muhibullayev Saidmuhammadxon