FIRQALARGA BO‘LINISHNING ZARARLARI  

33

Alloh taolo insonlarni bir ota va bir onadan paydo qilib, ularni Yer yuzi bo‘ylab turli xil millat va elatlar shaklida tarqatib yubordi. Insonlarning bu kabi xilma-xilligi fitriy bo‘lib, Alloh taolo uni ilohiy hikmat ila joriy qildi. YA’ni, bu bo‘linish ajralish uchun emas, balki birlashish va o‘zaro yaqinlashish uchun ekanligini Qur’oni karimda bayon qildi: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”. Hujurot surasi, 13-oyat.

Dinimizda mana shu haqiqatni bayon qilish orqali insonlarni birlikda va  hamjihatlikda yashashga da’vat etiladi.

Ayni paytda dinimiz bizlarni o‘zaro ixtilof qilishdan, tafriqaga bo‘linishimizdan qaytaradi. Zero, ixtilof va tafriqa insonlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, o‘rtada adovat va fitna paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dinda tafriqaga bo‘linish zalolat sanalib, insonning ikki dunyosini ham barbod bo‘lishiga olib boradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting! Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”. Oli Imron surasi, 103-oyat.

Hozirgi kunda biz Alloh taoloning bu amrini to‘g‘ri tushunib olishimiz kerak. “Firqalarga bo‘linmang!” dedimi, biz o‘zaro nizo va adovatlarni yig‘ishtirib, firqalarga bo‘linishni to‘xtatishimiz kerak.

Qachonki bizlar Qur’oni Karimni mahkam tutish uchun birlashib, yonma-yon turar ekanmiz, oralarimizdagi adovat ham yo‘qola boshlaydi, o‘zaro hamjihatlik rivoj topadi.  Qur’onning mo‘jizasi ham shunda, aslida. Bir tarafdan Alloh taoloning “firqalarga bo‘linmang!” degan oyatlarini zikr qilib tursagu, boshqa tarafdan olimlarni, imomlarni, mazhablarni, boshqa musulmonlarni va ular qilayotgan ishlarni tanqid qilib tursak, oyatga zid ish qilgan bo‘lmaymizmi?! Darvoqe’, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ulamolarni, boshqa mo‘minlarni, diniy tashkilotlarni tanqid qiladiganlar ko‘payib ketdi. Holbuki, oyati karimada mo‘minlarning birodar bo‘lib yashashlari Allohning ne’mati ekanligi, aynan birodarlik tufayligina do‘zax chohi yoqasidan omon qolish mumkin ekanligi eslatilmoqda.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta meni ummatim zalolatga jamlanmaydi, shunday ekan, qachon ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga savodi a’zamni (ya’ni, eng ulug‘ jamoani)  lozim tuting”. Imom Ibn Moja rivoyati.

Qalbida Allohdan qo‘rquvi bo‘lib, hikmat egasi bo‘lgan kishi hech qachon Islom dunyosi ulamolari Firqatun nojiya (najot topuvchi toifa), deb ijmo’ qilgan, ahli sunnat val jamoatga qarshi chiqib, yangi firqalar tuzmaydi, boshqa firqalarga ergashmaydi.

Islom tarixida qanchadan-qancha mazhablar, firqalar chiqqan bo‘lsa-da, ulamolar ularning yo‘llari to‘g‘riligiga ijmo’ qilmaganligidan, tezda yo‘qolib ketishdi.

Xulosa o‘rnida, Islom dini nomidan targ‘ibot va tashviqot qilayotgan har qanday kimsaga ergashib ketaverish yaramaydi! Ayniqsa, zamonaviy elektron vositalari, internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan diniy mavzudagi ma’lumotlarning hammasi ham sof islom g‘oyasiga, bizning aqidamizga to‘g‘ri kelavermaydi. Shuning uchun internet tarmog‘idan foydalanadigan farzandlarimizdan ogoh bo‘laylikki, toki ular adashgan oqimlar ta’siriga tushib, aldanib qolmasinlar.

 

Muzaffar Qosimov,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

 ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari