QUR’ONI KARIMDA ODAM ALAYHISSALOM ZIKRI

26

Qur’oni Karim insoniyatni hidoyatga yetaklovchi, uning kelib chiqishi, hayotiy vazifasi va oqibatini bayon qiluvchi ilohiy Manbadir. Kalomullohda insoniyat tarixi va ma’naviy kamoloti haqida so‘z yuritilganda, eng birinchi navbatda bashariyatning otasi – Odam alayhissalom qissasiga murojaat qilinadi.

Odam alayhissalom zikri Qur’oni Karimda shunchaki tarixiy ma’lumot yoki rivoyat sifatida emas, balki inson tabiatining murakkabligi, uning Yaratuvchi oldidagi mas’uliyati hamda ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi abadiy imtihon ummoni sifatida xizmat qiladi.

Qur’oni Karimda Odam (آدم) lafzi to‘g‘ridan-to‘g‘ri 25 marta zikr qilingan. Qiziqarli va ilmiy jihatdan e’tiborga loyiq joyi shundaki, Qur’onda Iso alayhissalomning ismi ham aynan 25 marta kelgan. Alloh taolo Oli Imron surasining 59-oyatida bu ikkala payg‘ambar o‘rtasidagi yaratilish mo‘jizasini quyidagicha qiyoslaydi:

إِنَّ مَثَلَ عِيسَىٰ عِندَ اللَّهِ كَمَثَلِ آدَمَ ۖ خَلَقَهُ مِن تُرَابٍ ثُمَّ قَالَ لَهُ كُن فَيَكُونُ

“Alloh huzurida Iso ham Odam kabidir, Uni tuproqdan yaratdi, so‘ngra Unga «Bo‘l!» dedi u bo‘ldi.”

Bundan tashqari, Odam alayhissalom va u kishining nasliga taalluqli bo‘lgan Bani Odam (Odam bolalari) birikmasi Qur’oni Karimda 7 marta uchraydi. Odam alayhissalom qissasi va u kishining zikri Qur’oni Karimning bir nechta suralarida turlicha burchak va mazmun bilan yoritilgan.

  • Baqara surasi: Bu yerda Odam alayhissalomning Yerdagi xalifa qilib yaratilishi, farishtalarga ismlarning o‘rgatilishi hamda Iblisning kibr sababli sajda qilishdan bosh tortishi hikoya qilinadi.

وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً ۖ قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ ۖ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ

“Eslang, Parvardigoringiz farishtalarga: «Men yerda bir xalifa yaratmoqchiman»,  degan edi. Ular dedilar: «Unda buzg‘unchilik qiladigan va qon to‘kadigan kimsani yaratasanmi? Vaholanki, biz Senga hamd aytish bilan Tasbeh aytamiz va Seni muqaddaslaymiz». U aytdi: «Albatta, Men sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman».”  (Baqara surasi, 30-oyat)

  • A’rof surasi: Ushbu surada Odam va Havoning jannatda yashashi, shaytonning vasvasasi, taqiqlangan daraxt mevasidan yeyilishi hamda ularning tavbasi va Yerga tushirilishi batafsil yoritilgan.

قَالَا رَبَّنَا ظَلَمْنَا أَنفُسَنَا وَإِن لَّمْ تَغْفِرْ لَنَا وَتَرْحَمْنَا لَنَكُونَنَّ مِنَ الْخَاسِرِينَ

“Ular: «Ey Parvardigorimiz! Biz o‘zimizga zulm qildik. Agar Sen bizi mag‘firat qilmasang va bizga rahm etmasang, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz», dedilar.” (A’rof surasi, 23-oyat)

  • Hijr surasi: Insonning loydan va shakllantirilgan qora tuproqdan

yaratilishi hamda unga ruh purkalishi jarayoni aks etgan.

 

وَلَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنسَانَ مِن صَلْصَالٍ مِّنْ حَمَإٍ مَّسْنُونٍ

“Qasamki, Biz insonni qora loydan shakllantirilgan quruq loysimon tuproqdan yaratdik.” (Hijr surasi, 26-oyat)

  • Isro surasi: Shaytonning insoniyatga nisbatan adovati va inson bolalarini

yo‘ldan ozdirish haqidagi qasamyodi bayon etiladi.

وَإِذْ قُلْنَا لِلْمَلَائِكَةِ اسْجُدُوا لِآدَمَ فَسَجَدُوا إِلَّا إِبْلِيسَ قَالَ أَأَسْجُدُ لِمَنْ خَلَقْتَ طِينًا

“Eslang, farishtalarga: «Odamga sajda qilingiz!» deganimizda, sajda qildilar. Illa Iblis: «Loydan yaratgan kimsangga sajda qilamanmi?!» dedi.” (Isro surasi, 61-oyat)

  • Toha surasi: Odam alayhissalomning unutuvchanligi, xatosi va

shundan so‘ng Alloh taoloning uni tanlab olib, tavbasini qabul qilgani va hidoyat bergani zikr etiladi.

 

وَلَقَدْ عَهِدْنَا إِلَىٰ آدَمَ مِن قَبْلُ فَنَسِيَ وَلَمْ نَجِدْ لَهُ عَزْمًا

“Ilgari Odam bilan ahd-poymon qilgan edik, u unutdi va Unda sobikadamlik topmadik.” (Toha surasi, 115-oyat)

  • Sad surasi: Inson yaratilishining g‘oyibona shakli va Iblisning o‘z havoi

nafsiga ergashib, Allohning rahmatidan quvilishi bayon qilingan.

إِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي خَالِقٌ بَشَرًا مِّن طِينٍ ۖ فَإِذَا سَوَّيْتُهُ وَنَفَخْتُ فِيهِ مِن رُّوحِي فَقَعُوا لَهُ سَاجِدِينَ

“Eslang, Parvardigoringiz farishtalarga degan edi: «Men loydan bir odam

yaratuvchidirman. Bas, qachonki uni rostlab, unga o‘z ruhimdan purkagan paytimda, unga sajda qilgan holingizda yiqilingiz!»” (Sad surasi, 71-72-oyatlar)

Odam alayhissalom zikrining Qur’oni Karimda takroran va turli suralarda kelishida juda katta tarbiyaviy, falsafiy va e’tiqodiy hikmatlar yotadi: Insonning Yerdagi xalifalik mas’uliyati Alloh taolo Odamni yaratishdan oldin farishtalarga «Men yerda bir xalifa yaratmoqchiman» deya xabar berdi. Bu hikmat shuni ko‘rsatadiki, inson Yer yuzida obodlik o‘rnatishi, adolat va ilohiy qonunlarni qaror toptirishi uchun mas’ul qilib yaratilgan. Ilm va ma’rifatning ustunligi Farishtalar insonning qon xunrezlik qilishidan xavotir olganlarida, Alloh Odamga barcha narsalarning ismlarini (ilmini) o‘rgatdi. Farishtalar bu ismlarni ayta olishmadi, Odam esa aytib berdi. Bu orqali Alloh taolo insonning ustunligi va buyukligi eng avvalo ilm va ma’rifatda ekanligini ko‘rsatib berdi. Kibr va Kamtarinlik toqati (Iblis va Odam qiyosi) Odam alayhissalom qissasidagi eng buyuk hikmatlardan biri adashgandan keyingi ikki xil munosabatdir:

  1. Iblis: Xato qildi (sajda qilmadi) va o‘z xatosini kibr va manmanlik bilan oqlashga urindi «Men undan yaxshiroqman» dedi. Oqibatda abadiy la’natga duchor bo‘ldi.
  2. Odam alayhissalom: Xato qildi (taqiqlangan mevalardan yedi), lekin darhol o‘z xatosini tan olib, tavba qildi «Ey Parvardigorimiz! Biz o‘zimizga zulm qildik…». Oqibatda Alloh uni kechirdi va mag‘firat qildi.

Bu hikmat insoniyatga xato qilish fojia emasligini, balki xatoda oyoq tirab turib olish (kibr) fojia ekanligini, tavba va istig‘for esa insonni yuksaklikka ko‘tarishini o‘rgatadi. Shaytoniy adovatdan ogohlik Odam alayhissalom qissasi orqali Alloh taolo insoniyatni shaytonning doimiy va ochiq-oydin dushman ekanligidan ogohlantiradi. Shayton insonni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirish uchun turli vasvasa va hiylalardan foydalanadi.

Qur’oni Karimda Odam alayhissalom zikrining 25 marta takrorlanishi va turli suralarda bayon etilishi shunchaki o‘tmish voqeasi emas, balki har bir davr insoni uchun ma’naviy darslikdir. Ushbu qissa insonning asli tuproq ekanini unutmamaslikka, ilmga intilishga, adashganda tavba qilishga va shaytoniy vasvasalardan ehtiyot bo‘lishga da’vat etadi.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Kamolov Jasur