“YAGONA VATAN – UMUMIY MAS’ULIYATIMIZ”

29

Insonga cheksiz orom va xotirjamlik bag‘ishlaydigan eng muqaddas tuyg‘ulardan biri – bu Vatanga bo‘lgan muhabbatdir. Vatan – bu shunchaki inson tug‘ilib o‘sgan joylar bilan ajratilgan ma’lum bir hudud yoki tuproq maydoni emas. Vatan – insonning ruhiy ildizlari, ajdodlar merosi, imon va e’tiqod, til va madaniyat, o‘tmish va kelajak mujassamlashgan muqaddas maskandir.

Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, har bir xalq va millat o‘z yurtini asrab-avaylash, uni rivojlantirish va kelajak avlodga omon-eson topshirishga intilib kelgan. Islom ta’limotida Vatanga bo‘lgan muhabbat va unga xizmat qilish inson fitratiga, insoniylik tabiatiga chuqur singdirilgan fazilat sifatida e’tirof etiladi. Inson o‘z uyini, oilasini va farzandlarini qanchalik yaxshi ko‘rsa va ularni himoya qilishga intilsa, o‘z Vatanini ham shunchalik yaxshi ko‘rib, uning tinchligi va farovonligi asrab avaylashga undanda ko‘proq intilmoqligi zarur bo‘ladi.

Biz yashab turgan zamon – juda murakkab va shiddat bilan o‘zgarib borayotgan davrdir. Globallashuv, mafkuraviy tahdidlar va turli geosiyosiy jarayonlar yuz berayotgan bir paytda “Yagona Vatan” va “Umumiy mas’uliyat” tushunchalari har qachongidan ham muhimroq va dolzarbroq ahamiyat kasb etmoqda. Jamiyatning har bir a’zosi – xoh u olim bo‘lsin, xoh dehqon, xoh shifokor, xoh o‘qituvchi yoki harbiy – o‘zining bu buyuk Vatani oldidagi mas’uliyatini chuqur anglab yetishi kerak.

Vatan – bu umumiy xonadonimiz. Uning tinchligi – hammamizning tinchligimiz, uning obodligi – hammamizning farovonligimizdir. Shu sababli, Vatanni sevish va uning ravnaqi uchun mas’uliyatni his qilish faqatgina quruq gaplardan iborat bo‘lmay, balki amaliy ishlar, xayrli amallar va yuksak axloq orqali namoyon bo‘lishi lozim.

Qur’oni karimda ham insonning o‘z yurti, vatani va uy-joyiga bo‘lgan bog‘liqligi bir nechta oyatlarda bayon qilingan.

Aloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Agar Biz ularga: “O‘zingizni o‘ldiringlar yoki diyoringizdan chiqinglar”, deb farz qilganimizda edi, ulardan juda ozchiligigina buni qilar edi…” [1] (Niso surasi, 66-oyat)

Ushbu oyati karimada Alloh taolo o‘z diyoridan, Vatanidan chiqib ketishni insonning o‘z joniga qasd qilishi bilan bir qatorda eslatmoqda. Bu esa inson uchun o‘z Vatanidan va tug‘ilib o‘sgan yurtidan ayrilish qanchalik og‘ir va azobli ekanini ko‘rsatadi.

Alloh taolo shuningdek, tinch va farovon yurtni ulug‘ bir ne’mat sifatida eslatadi. Ibrohim alayhissalomning Vatan va yurt tinchligi uchun qilgan duolari Qur’oni karimda shunday muhrlangan:

“Eslang, Ibrohim: “Robbim, buni tinchlik shahri qilgin va uning ahlidan Allohga va oxirat kuniga imon keltirganlarini turli mevalar bilan rizqlantirgin”, degan edi…” (Baqara surasi, 126-oyat)

Payg‘ambarlar alayhimussalomning eng birinchi duolari sifatida Vatanning tinchligi va farovonligini so‘raganliklari bejiz emas. Chunki tinchlik va xotirjamlik bo‘lmagan yurtda na ibodat, na taraqqiyot, na ilm va na sog‘lom turmush tarzi bo‘lishi mumkin.

Sarvari koinot Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning hayotlari, muborak hadislari va sunnatlarida ham Vatanga bo‘lgan muhabbat va mas’uliyatning eng go‘zal namunalarini ko‘rishimiz mumkin.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘zlari tug‘ilib o‘sgan muqaddas Makka shahrini juda qattiq sevar edilar. Mushriklarning zug‘umi va tazyiqi sababli Makkadan Madinaga hijrat qilayotganlarida, shahar tashqarisiga chiqib, mahzunlik bilan Makkaga qarab shunday degan edilar:

Abdulloh ibn Adiy ibn Hamro az-Zuhriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

U kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning Makka bozoridagi Hazvara degan joyda turib, shunday deganlarini eshitgan:

“Allohga qasamki, sen, albatta, Allohning yerlari ichida eng yaxshisisan va Alloh azza va jallaga eng suyukli yersan. Agar men sendan chiqarib yuborilmaganimda, aslo sendan chiqmagan bo‘lar edim”, dedilar.

 (Imom Termiziy rivoyati). [2]

Ushbu hadisi sharif Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning insoniy fitratga mos ravishda o‘z tug‘ilgan maskanlariga bo‘lgan cheksiz muhabbatlarini namoyon etadi.

Madinai Munavvaraga hijrat qilganlaridan so‘ng, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinani ham o‘zlari uchun vatan deb qabul qildilar va uning tinchligi va obodligi uchun duo qildilar:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ey Alloh! Makkani bizga suyukli qilganingdek, Madinani ham bizga suyukli qilgin yoki undan ham ziyoda qilgin. Madinaning isitmasini Juhfa tomonga ko‘chirgin. Ey Alloh! Biz uchun muddimiz va so’imizga baraka ato etgin”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati). [3]

Payg‘ambar alayhissalom biror safardan Madinaga qaytayotganlarida, Madinaning devorlari va daraxtlari ko‘ringanda, Vatanga bo‘lgan sog‘inch sababli ulovlarini tezlatar edilar. Bu holat manbalarda shunday bayon qilinadi:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam safardan qaytib kelganlarida, Madinaning devorlarini ko‘rsalar, ulovlarini tezlatar edilar. Agar boshqa bir hayvonga mingan bo‘lsalar ham, Madinaga bo‘lgan muhabbatlari tufayli uni tezroq yurishga undar edilar”. [4] (Imom Buxoriy rivoyati).

Bundan tashqari, Vatan va jamiyat tinchligini himoya qilishda tunlari poyloqchilik qilish va yurt chegaralarini qo‘riqlashning fazilati haqida shunday marhamat qilganlar:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar:

“Men Rasululloh sollallohu alayhi va olihi va as’hobihi vasallamning shunday deganlarini eshitdim:

“Ikki ko‘zga do‘zax olovi tegmaydi: Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z va Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilib tunni o‘tkazgan ko‘z”, dedilar.

 (Imom Termiziy rivoyati). [5]

Ushbu hadislar Vatanni sevish va uni avaylash faqatgina ma’naviy burch emas, balki ulkan savoblarga erishtiruvchi ibodat darajasidagi amal ekanini ko‘rsatadi.

Vatanga bo‘lgan muhabbat shunchaki hissiyotlar majmuasi emas, balki u muayyan majburiyatlar va mas’uliyatni talab etadi. “Yagona Vatan” deganda, biz shu yurtda yashayotgan, millati, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va yoshidan qat’i nazar, sidqidildan xizmat qilayotgan barcha fuqarolarning umumiy xonadonini tushunamiz.

Jamiyatni bir yaxlit jismga o‘xshatish mumkin.

“Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Mo‘minlarning o‘zaro rahm qilishlari, do‘stliklari va mehribonchiliklarida xuddi bir tanadek ekanini ko‘rasan. Biror a’zo xastalansa, tananing qolgan joylari bedorlik va isitmalash bilan unga hamdard bo‘ladi”. [6] (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu qoida Vatandoshlar o‘rtasidagi munosabatlarga ham bevosita tegishlidir. Agar yurtning bir chekkasida biror muammo, tabiiy ofat yoki qiyinchilik yuz bersa, butun mamlakat ahli unga befarq qarab turmaydi. Birgalikda yordam berish, yelkadosh bo‘lish va qayg‘uni baham ko‘rish –umumiy mas’uliyatning oliy ko‘rinishidir.

Vatanparvarlik – eng avvalo, o‘z ishini halol va mukammal bajarishda namoyon bo‘ladi. Har bir inson o‘zi egallab turgan kasbi, egallab turgan mavqei va imkoniyatlaridan kelib chiqib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shishi lozim.

“Yagona Vatan – umumiy mas’uliyatimiz” g‘oyasi shunchaki bugungi kunning shiori emas, balki ajdodlardan bizga meros bo‘lib kelayotgan va kelajak avlodlarga topshirishimiz kerak bo‘lgan eng oliy ma’naviy qadriyatdir.

Bugungi kunda biz yashab turgan tinch va farovon kunlar, ozod va obod yurt – ajdodlarimizning mashaqqatli mehnati, duolari va fidokorona kurashlari evaziga kelgan. Ushbu ne’matning qadriga yetish, uni avaylab-asrash va yanada go‘zal va qudratli holda farzandlarimizga topshirish – hammamizning muqaddas burchimizdir.

Alloh taolo muqaddas Vatanimizni tinch, elimizni farovon, yurtimiz osmonini musaffo qilsin! Jamiyatimizdagi ahillik va birdamlikni ziyoda aylab, har birimizga Vatan ravnaqi yo‘lida halol va xolis xizmat qilish baxtini nasib etsin!

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

  1. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Tarjimon va sharhlar muallifi: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – Toshkent: «Hilol-Nashr», 2022.
  2. Imom Abu Iso at-Termiziy. Al-Jomi’ as-Sahih (Sunani Termiziy). 3925-hadis
  3. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-Jomi’ as-Sahih. 5677-hadis
  4. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-Jomi’ as-Sahih. 1886-hadis.
  5. Imom Abu Iso at-Termiziy. Al-Jomi’ as-Sahih (Sunani Termiziy). 1639-hadis
  6. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-Jomi’ as-Sahih. 6011-hadis
  7. Imom Muslim ibn Hajjoj. Sahihi Muslim. 3-jild. – Toshkent: «Hilol-Nashr», 2020.
  8. Imom Abu Bakr al-Bayhaqiy. Shu’ab ul-imon (Imon tarmoqlari). – Toshkent: «Islom universiteti», 2019.

Xalikov Nurullo Jo‘rayevich

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi