TIL – MILLATNING RUHIDIR

43

Mazkur maqolaga “Til-millatning ruhidir” degan mavzu qo‘yildi. Chunki har bir shaxsga ruhiyat qanchalik muhim bo‘lsa, o‘z ona tilisining pokligi ham shunchalik ahamiyatli ekanligini anglatadi. Zero, insonning ruhiyati buzilsa, uning tanasidagi barcha a’zolari buzilishiga olib kelgani kabi, millatning tili buzilsa, e’tiborsiz qoldirilsa, o‘sha millat tanazzulga uchrashi aniq.

Har bir millatning o‘z tili borki, u faqat so‘zlar yig‘indisi emas. Til ajdodlarning xotirasi, avlodlarning hamrohi, millatning dunyoga boqish ko‘zidir. Tilini yo‘qotgan el asta-sekin o‘zligini, o‘zligini yo‘qotgan el esa tarixdagi o‘rnini yo‘qotadi. Shu bois tilni asrash bir millatning madaniy vazifasi bo‘lib qolmay, ma’naviy va diniy mas’uliyati hamdir.

Til ilohiy ne’mat va Allohning oyatlaridan biridir. Alloh taoloning ham “Kalom-so‘zlovchi” sifati bor. Shunday ekan, Alloh taolo bandalariga so‘zda fasohatli, balog‘atli bo‘lishga va faqat yaxshi so‘zlarni so‘zlashga buyurgan. Qur’oni Karimda tillarning turfa xilligi Alloh taoloning qudrati belgilari orasida zikr etiladi: «Va osmonlaru yerning yaratilishi va tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishi Uning oyat-belgilaridandir. Albatta, bunda olimlar uchun oyat-belgilar bordir». (Rum, 22). Demak, har bir til Yaratuvchining in’omi va insoniyatning umumiy boyligi. Biror tilni mensimaslik yoki uning yo‘qolishiga beparvo qarash bu ne’matga hurmat sustligidan dalolatdir.

Qur’onda yana shunday marhamat qilinadi: «Qaysiki rasulni yuborgan bo‘lsak, bayon qilib berishi uchun o‘z qavmi tili ila yuborganmiz….» (Ibrohim, 4). Bu oyat til fikrni yetkazishning vositasi ekanini, hatto ilohiy xitob ham insonga uning o‘z tili orqali yaqin bo‘lishini ko‘rsatadi. Odam eng chuqur his va eng toza ishonchni ona tilida anglaydi.

Yana bir oyatda Alloh insonlarni qavmu qabilalarga ajratganidan maqsad bir-birini tanishdir, deb ta’kidlaydi: «Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmaligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor Zotdir» (Hujurot, 13). Tafovutlar dushmanlik uchun emas, o‘zaro tanish va boyish uchun berilgan. Har bir millat o‘z tilini asrashi insoniyat gulzorida o‘z gulini saqlashi demakdir.

Islomiy tarbiyada omonatga xiyonat qilmaslik eng ulug‘ fazilatlardan. Til ham ajdodlardan avlodlarga o‘tgan omonatdir. Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig»ni, Mahmud Koshg‘ariy «Devonu lug‘otit turk»ni, Alisher Navoiy «Xamsa»ni shu tilda bitgan. Bu omonatni toza holda vorislarga topshirish har bir zamondoshning burchidir.

Navoiy «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida ona tilining so‘z boyligi, nozik ma’no va she’riy qudratini himoya qilib, bu tilning ilm va adabiyot tili bo‘la olishini amalda isbotladi. Bu yuksak ibrat shuni anglatadiki, tilning qadri uni ishlatuvchining o‘z tiliga qilgan mehnati bilan belgilanadi. Til o‘z-o‘zidan yuksalmaydi, uni boyitadigan ham, kamsitadigan ham uning egalaridir.

Dinimiz so‘zga va so‘zlashishga alohida ahamiyat beradi. Qur’onda so‘zning go‘zali «yaxshi so‘z» (qavlan ma’ro‘fan, qavlan sodiqan) deb ta’riflanadi, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimni Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin…”, dedilar”. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati. So‘zga bunday e’tibor tilning pokizaligi haqidagi mas’uliyatni ham o‘z ichiga oladi. Tilni so‘kish, yolg‘on, g‘iybat va beodob iboralar bilan bulg‘ash uning ruhini zaiflashtiradi. Tilni asrash avvalo undan o‘rinli, go‘zal va hikmatli foydalanish demakdir.

Xo‘sh, til shunchalik muhim narsa ekan uni qanday qilib asrash kerak? Tilni asrash shior bilan emas, uning meyorlariga kundalik amal qilish bilan ro‘yobga chiqadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z hadislarida:  «Odam bolasi tong ottirganda, uning a’zolarining barchasi tilga bo‘yin egib (ta’zim qilib) yolboradilar va: «Bizning haqqimizda Allohdan qo‘rqgin! Zero, biz senga bog‘liqmiz. Agar sen to‘g‘ri bo‘lsang, biz ham to‘g‘ri bo‘lamiz. Agar sen egri bo‘lsang, biz ham egri bo‘lib (halok bo‘lib) ketamiz», deydilar». Termiziy rivoyati.

Oilada farzand tilni avval onasining allasidan, bobosining ertagidan o‘rganadi. Bolaga ona tilida kitob o‘qib berish, maqol va matal o‘rgatish uni milliy ongga bog‘laydi.

Maktabda adabiy tilning sof va ravon o‘rganilishi, mumtoz asarlarning sevib o‘qilishi tilning umrini uzaytiradi. Jamiyatda esa, xorij tillarini o‘rganish zamon talabi va fazilat hisoblanadi. Ammo o‘z tilini kamsitib, begona tilga o‘tib ketish emas, o‘z tilini bilgan holda boshqa tillarni o‘zlashtirish aqllilik, ma’naviyat va o‘z tiliga bo‘lgan hurmat belgisidir. Ko‘p til bilgan odam qancha ko‘p boyisa, o‘z tiliga shuncha ko‘p foyda keltiradi. Axborot makonida raqamli davrda o‘z tilida sifatli mazmun yaratish, internetda tilning mavqeini mustahkamlash zamonaviy qahramonlikdir.

Til xalqning yuragi urib turgan joy. Uni asragan xalq o‘zligini, o‘zligini saqlagan xalq esa kelajagini asraydi. Alloh taolo tillarni oyat qilib bergan ekan, ularni asrash, boyitish va avlodlarga sof holda yetkazish har bir millatning ham ma’naviy qarzi, ham omonatdorlik imtihonidir.

Utkir Maxmudov

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom  ta’lim muassasasi o‘qituvchisi