TIL – MILLATNING KO‘ZGUSI

30

          Til – har bir millatning milliy boyligi, ma’naviy qiyofasi va o‘zligini namoyon etuvchi muhim vositadir. Inson o‘z fikrini, his-tuyg‘ularini va orzu-intilishlarini til orqali ifoda etadi. Millatning tarixi, madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlari ham til orqali avloddan avlodga o‘tib keladi. Shuning uchun ham tilni millatning ko‘zgusi deb bejiz aytmaydilar.

Ona tili har bir inson uchun aziz va qadrlidir. Sababi inson ilk so‘zlarini ona tilida aytadi, atrofidagi olamni shu til orqali anglaydi. Ona tilidagi har bir so‘zda xalqimizning tarixi, mehr-oqibati, orzu-umidlari va hayotiy tajribasi mujassam. Tilini qadrlagan inson o‘z millatini, uning madaniyati va ma’naviyatini ham qadrlaydi.

O‘zbek tili – boy va go‘zal tillardan biri. Uning rivojlanishida buyuk ajdodlarimiz, xususan, Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Ulug‘ shoir o‘z asarlari orqali o‘zbek tilining naqadar boy, jozibali va keng imkoniyatlarga ega ekanini namoyon etgan. Bugungi kunda ham milliy adabiyotimiz va ma’naviy merosimiz tilimizning boyligini ko‘rsatib turibdi.

1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu voqea xalqimiz hayotida muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va kelajak avlodga sof holda yetkazish har birimizning vazifamizdir.

Bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Albatta, bir nechta tilni bilish inson uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Ammo boshqa tillarni o‘rganish jarayonida o‘z ona tilimizga bo‘lgan hurmatni unutmasligimiz kerak. Kundalik hayotda, ta’lim muassasalarida va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilida to‘g‘ri yozish, ravon so‘zlash va adabiy til qoidalariga amal qilish muhimdir.

Ayniqsa, yosh avlodda ona tiliga muhabbat uyg‘otish katta ahamiyatga ega. Buning uchun ko‘proq kitob o‘qish, badiiy adabiyotga qiziqishni oshirish, xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘rganish va nutq madaniyatiga e’tibor berish lozim. Chunki tilini yaxshi bilgan, uni qadrlagan yoshlar milliy qadriyatlarimizning davomchilari bo‘lib yetishadilar.

Xulosa qilib aytganda, til – millatning ko‘zgusi, uning ma’naviy boyligi va milliy iftixoridir. Ona tilini asrash va rivojlantirish faqat bir guruh insonlarning emas, balki butun jamiyatning burchidir. Har birimiz o‘z ona tilimizni sevishimiz, uning qadriga yetishimiz va kelajak avlodga munosib meros qilib qoldirishimiz zarur. Zero, ona tiliga hurmat – millatga hurmat, tilni asrash esa milliy o‘zlikni asrash demakdir.

Berdiyeva Nilufar

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi