TIL — MILLATNING MA’NAVIY BOYLIGI VA RUHIY KO‘ZGUSI
28

21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni
“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur.
Milliy tilni yo‘qotmak — millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
— Abdulla Avloniy
Til shunchaki muloqot vositasi emas, balki millatning tarixiy xotirasi, madaniyati va milliy o‘zligini namoyon etuvchi beqiyos qadriyatdir. Xalqning urf-odatlari, dunyoqarashi, quvonchu qayg‘usi va ma’naviy merosi aynan til orqali avloddan avlodga o‘tadi. Til yashasa — millat yashaydi, til rivojlansa — xalqning qaddi va qadri yuksaladi.
1989-yil 21-oktabr xalqimiz xotirasiga oltin harflar bilan muhrlandi. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Istiqlol ostonasida erishilgan bu voqea milliy o‘zlikni anglash va g‘ururimizni tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Keyinchalik 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni etib rasman belgilandi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 4-moddasida davlat tilining o‘zbek tili ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
O‘zbek tili boy tarixga va tengsiz adabiy merosga ega. XI asrda Mahmud Koshg‘ariy yaratgan “Devonu lug‘atit turk” asari turkiy tillarning lug‘at boyligi va fonetik xususiyatlarini ilmiy asoslab bergan jahonshumul manbadir. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asari esa turkiy adabiyot va davlatchilik tafakkurining yirik yodgorligi hisoblanadi. O‘zbek adabiy tilining poydevorini mustahkamlashda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida u turkiy va forsiy tillarni qiyoslab, ona tilimizning boyligi va badiiy imkoniyatlarini amalda isbotlab berdi. Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab va boshqa ajdodlarimiz ham o‘z asarlari bilan tilimizning nafisligini dunyoga ko‘rsatdilar.
Bugun o‘zbek tili davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan, adabiyot va ommaviy axborot vositalarida keng qo‘llanmoqda. Biroq XXI asr tilimiz oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. O‘zbek tilining axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, elektron lug‘atlar, dasturlash va avtomatik tarjima tizimlaridagi imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Tilning zamonaviy ravnaqi xalqaro ilmiy atamalarni o‘zlashtirish va raqamli makonda o‘zbekcha resurslarni ko‘paytirish bilan bevosita bog‘liq.
Ona tiliga hurmat, eng avvalo, undan to‘g‘ri, go‘zal va savodli foydalanishda ko‘rinadi. Afsuski, peshlavhalar, reklama va e’lonlardagi imlo xatolari, so‘zlarning noto‘g‘ri qo‘llanishi va chet tillaridan o‘rinsiz so‘z olish til madaniyatiga e’tiborni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatmoqda. Adabiy me’yorlarga rioya qilish, so‘z birikmalarini to‘g‘ri ishlatish har bir fuqaroning vazifasidir. Boshqa tillarni o‘rganish zamon talabi, biroq bunda ona tiliga e’tibor ikkinchi darajaga tushib qolmasligi shart. O‘zbek tilining nufuzini boshqa tillarni inkor etish bilan emas, balki uni ilm-fan, texnologiya, ta’lim va kundalik turmushda faol qo‘llash orqali oshirish mumkin.
Xulosa
Ona tilining rivojiga har birimiz hissa qo‘sha olamiz. Buning uchun yosh avlodda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, so‘z boyligimizni oshirish, yoshlarimiz qalbida ona tiliga ehtirom uyg‘otish va jamoat joylarida adabiy me’yorlar buzilishiga befarq bo‘lmaslik zarur.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi shonli tarixiy yutuq bo‘lsa, bu ma’naviy xazinani asrab, kelajak avlodlarga beg‘ubor yetkazish barchamizning muqaddas mas’uliyatimizdir. Ona tilini asrash — millatning o‘zligini, ruhiyatini va kelajagini asrash demakdir.
Manbaalar asosida “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi Madaminov Muhammadsharif
