ONA TILI MILLATNING RUHIDIR…

56

“Har bir millatning millat ekanligini

 ko‘rsatadurg‘on oyinai jahoni uning

 tili va adabiyotidir. Tilni yo‘qotmak

-millatni yo‘qotmak demakdir”

Abdulla Avloniy

 Ona tili bu shunday tilki, inson dunyoga keliboq birinchi eshitadigan yoqimli alla bilan qalbga kirib borgan so‘zlar jilosidir. Onasining allasi bilan, bobo-buvisining ertaklari orqali qalbiga singadigan tildir. Odam u orqali o‘ylaydi, tuyg‘ularini ifodalaydi, atrofdagi olamni anglaydi. Shuning uchun ona tili oddiy muomala vositasi emas, u millatning ruhi, xotirasi va kelajagidir.

Har-bir xalqning dunyoqarashi, urf-odatlari va hayotiy tajribasi uning tilida aks etadi. Maqol va matallar, topishmoqlar, dostonlar, termalar va qo‘shiqlar ajdodlarimizning asrlar davomida to‘plagan donoligini bizgacha yetkazgan. “Tiling-dushmaning” degan maqolda so‘zning qudrati, “Yaxshi so‘z-jon ozig‘i” degan hikmatda esa uning shifobaxshligi ifodalangan.

Til yo‘qolsa, u bilan birga xalqning tarixi, qarashlari va o‘ziga xosligi ham yo‘qoladi. Shuning uchun olimlar tilni millatning eng ishonchli “xotira ombori” deb ataydi.

O‘zbek tili uzoq va boy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Turkiy tillarning qadimiy yodgorliklari Urxun-Enasoy bitiklari bugungi tilimizning eng qadimiy ildizlaridan dalolat beradi.

XI asrda Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida turkiy xalqlar tilini ilk bor ilmiy tarzda tavsiflab bergan. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonida davlat boshqaruvi, adolat va axloq haqidagi qarashlarini turkiy tilda bayon etgan. Ahmad Yassaviy hikmatlari, Hakim Sulaymon ota she’rlari, Sakkokiy, Lutfiy kabi shoirlarning ijodi tilimizning shakllanishiga katta hissa qo‘shgan.

O‘zbek adabiy tilini yuksak darajaga ko‘targan daho Alisher Navoiydir. U o‘z asarlarini ona tilida yaratib, turkiy tilning fors tilidan kam emasligini amalda isbotladi. 1499 yilda yozilgan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida Navoiy turkiy tilning so‘z boyligi, ifoda imkoniyatlari va nafosatini ilmiy asoslab berdi. Navoiydan keyin Bobur, Munis, Ogahiy, Furqat, Muqimiy kabi ijodkorlar tilimizni yanada boyitdi. XX asr boshida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi jadid ma’rifatparvarlari tilning sofligi va xalq orasida keng yoyilishi uchun fidokorona kurashdi.

1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu voqea xalqimiz tarixida milliy o‘zlikni anglash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Mustaqillik yillarida tilimizning qo‘llanish doirasi kengaydi, ta’lim, fan, hujjatchilik va ommaviy axborot vositalarida uning o‘rni mustahkamlandi. Har yili 21 oktabr O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanishi ham tilga bo‘lgan e’tiborning ifodasidir. Shuningdek, 21 fevral-Xalqaro ona tili kuni sifatida YUNESKO tomonidan belgilangan bo‘lib, dunyodagi barcha tillarning xilma-xilligini asrash maqsadini ko‘zlaydi.

Xulosa o‘rnida, Ona tili – bizga ajdodlardan qolgan eng qimmatli meros. U orqali biz o‘tmishimiz bilan bog‘lanamiz, bugunimizni anglaymiz va kelajagimizni quramiz. Tilini sevgan, hurmat qilgan xalq hech qachon o‘z o‘zligini yo‘qotmaydi. Shunday ekan, ona tilimizni avaylash, uni boyitish va kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish-har birimizning muqaddas burchimiz va chin ma’nodagi vatanparvarlikdir.

Muzaffar Qosimov, Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy ma’rifiy

ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari