TINCHLIK ENG ULUG‘ NE’MAT
13

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, yurtimiz yildan yilga obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan buyuk bunyodkorlik ishlari tabora ravnaq topib bormoqda. Albatta, biz insonlar bunday ulug‘ ne’matlarning shukronasini ado etib bormog‘imiz lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida marhamat qilib: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne’mat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd bo‘lsin” desa, shunda u o‘sha ne’matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi”, — deganlar.
Tinchlik va xotirjamlik ulug‘ ne’mat ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz-u, ammo uni qadriga yetish lozimligini ayrimlar tushunmaydi. Payg‘ambar (alayhissalom) ta’kidlaganlaridek: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmaydilar. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”.
Islom dinida tinchlikni ulug‘lash komil insonning muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Qur’oni karimda bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey, iymon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz!…” (Baqara surasi, 208-oyati).
Tinchlikni qadrlash, uni saqlab qolish va mustahkamlash har birimizning burchimizdir. Jamiyatda yashaydigan barcha insonlar o‘zlarining zimmasidagi burchlarini chuqur anglasalar va amal qilsalargina bunday jamiyatda beparvolik va loqaydlikka yo‘l qo‘yilmaydi.
Qur’oni karimda ham berilgan ne’matga shukr qilish va qadriga yetib asrab avaylab yashashga targ‘ib qilinadi. Agar inson berilgan ne’matlarni shukrini ado qilmasa, u beparvo va loqaydlikka yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Qur’oni karimda insonni noshukur, beetibor, beparvo va loqayd bo‘lishdan qaytarilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro surasi, 83-oyat), — deb qayd etilganini fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Har bir musulmon kishi yer yuzida tinchlik, osoyishtalik va adolat o‘rnatish uchun avvalo Ulug‘ Yaratguvchini, qolaversa Vatani va xalqini oldida mas’uldir. Muqaddas dinimizda barcha xalqlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga rahna soladigan fitna-fasod ishlar ulkan gunoh ishlardan sanaladi. Bu amallar esa Qur’oni karimda munofiqlarning amali sifatida baholanadi: “(Oldingizdan) ketganida yerda fitna fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilik) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda dunyoning ayrim mamlakatlarida bo‘layotgan voqealar insonni tashvishga soladi. Shuning uchun ham barchamiz hushyor, ogoh va vatanni sevish iymondan ekanligini his etib, bizlarga berilgan eng oliy ne’matlar mustaqillik, tinchlik va xotirjamlik ne’matlarining qadriga yetib yashasak zimmamizdagi vatan va yurt oldidagi ulkan vazifalarni bajargan bo‘lamiz.
Mardonov Xayrullo
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
