AXLOQ — INSON ZIYNATIDIR

20

Insonni inson qiladigan eng go‘zal fazilatlardan biri — bu go‘zal axloqdir. Chiroy, boylik va mansab vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, ammo go‘zal xulq insonning nomini qalblarda uzoq yashatadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٍ
«Albatta, siz ulug‘ xulq uzradirsiz».
(Qalam surasi, 4-oyat)
Yaxshi axloq — kattaga hurmat, kichikka mehr, rostgo‘ylik, sabr, tavoze’ va kechirimlilikda namoyon bo‘ladi. Insonning haqiqiy go‘zalligi uning tashqi ko‘rinishida emas, balki qalbi, so‘zlari va muomalasidadir.
Shuning uchun ilm olish bilan birga, go‘zal axloqni ham o‘rganishimiz kerak. Zero, ilm insonni yuksaltirsa, axloq uni bezaydi. Ilm bilan yuksalgan insonni axloq ziynatlaydi, go‘zal xulq esa uni el orasida aziz qiladi.
Ustozlarimiz aytganlaridek: «Ilm o‘rganishga o‘n yil, axloq o‘rganishga esa yigirma yil ketadi». Chunki ilmni egallashdan ham muhimroq masalalardan biri — o‘rgangan ilmimizga munosib odob va go‘zal xulq bilan ziynatlanishdir.

Abdulatifov Muhammadjon 1-kurs talabasi