BIR HADIS SHARHI
17

عَنْ أَبِي مَسْعُودٍ الْأَنْصَارِيِّ ، قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:» مَنْ دَلَّ عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرٍ فَاعِلِه » رواه مسلم.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi», dedilar». Muslim rivoyat qilgan.[1]
1-bayt
Hadisga forscha bitilgan bayt:
Kimki xayr aylasa jazo topqay,
Ey xusho ulki bo‘ldi omili xayr.
Yana xayr ishga ulki bo‘ldi dalil,
Muzdidur misli muzdi foili xayr.
Baytning o‘zbekcha tarjimasi:
Kim birovga yaxshilik qilsa mukofotin topgay,
Yaxshilik qilgan bandaga Yaratgan ham yaxshi boqqay.
Yaxshilikka boshlagan ham ezgulikdan qolmagay,
Uning ajri yaxshilik qilgan ajridek bo‘lgay.
Hadisning mazmuni va tarbiyaviy ahamiyati.
Islom ta’limotida yaxshilik qilish, insonlarga manfaat yetkazish va ularni ezgu ishlarga undash muhim axloqiy qadriyatlardan hisoblanadi. Yaxshilik faqat insonning o‘zi amalga oshirgan xayrli ishlar bilangina cheklanmaydi, balki boshqalarni ham ezgulikka yo‘naltirish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va xayrli amallarga rag‘batlantirishni ham qamrab oladi. Bu mazmun Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan юқорида зикр қилинган mashhur hadisda o‘z ifodasini topgan.
Ushbu hadis insonni nafaqat shaxsan yaxshilik qilishga, balki boshqalarning ham xayrli ishlarni amalga oshirishiga sababchi bo‘lishga chorlaydi. Zero, ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z, o‘rinli maslahat yoki to‘g‘ri ko‘rsatma inson hayotida katta ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hadisning aytilishiga sabab bo‘lgan voqea қуйидагича, рivoyat qilinishicha, bir kishi ulovidan ayrilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, uni birga olib ketishlarini so‘raydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni mindirishga imkonlari yo‘qligini bildiradilar. Shunda boshqa bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, men unga uni mindiradigan kishini ko‘rsatib beraman», deydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikka yo‘llagan kishi ham uni bajargan inson kabi savob olishi haqidagi hadisni aytadilar.
Mazkur voqea hadisning amaliy mazmunini ochib beradi. Yordamga muhtoj kishiga bevosita yordam berish katta savobli amal bo‘lsa, unga yordam bera oladigan insonni ko‘rsatish ham ezgulikning bir ko‘rinishidir. Demak, insonning imkoniyati cheklangan taqdirda ham, boshqalarning yaxshilik qilishiga ko‘maklashish orqali savobga erishishi mumkin.
Hadis sharhlovchi ulamolar yaxshilikka yo‘llash tushunchasini keng ma’noda izohlaganlar. Ularning fikricha, bu faqat og‘zaki nasihat bilan cheklanmaydi. Yaxshilikka so‘z, amaliy namuna, ishora, yozuv va boshqa vositalar orqali ham yo‘llash mumkin.
Imom Navaviy rahimahulloh ushbu hadisda yaxshilikka yo‘llash, unga undash va uni amalga oshiruvchiga yordam berishning fazilati borligini ta’kidlaydi. Shuningdek, hadis ilm o‘rgatish, ibodatlarni tushuntirish va insonlarni xayrli amallarga yo‘naltirishning ulug‘ savobli ish ekaniga dalolat qiladi.
Mulla Ali al-Qori rahimahulloh hadisdagi yaxshilikka dalolat qilishni so‘z, amal, ishora yoki yozuv orqali ezgu ishga yo‘naltirish sifatida sharhlaydi. Bunda yaxshilikka sababchi bo‘lgan inson ham uni amalga oshirgan kishiga o‘xshash ajrga ega bo‘ladi, ammo amal egasining savobi kamaymaydi.
Al-Mazhariy rahimahulloh esa birovni sadaqa berishga, masjid va madrasa qurishga yoki boshqa xayrli ishlarga undashni yaxshilikka dalolat qilish jumlasiga kiritadi. Shuningdek, insonni gunohlardan qaytarib, solih amallarga yo‘naltirish ham ushbu fazilatning muhim ko‘rinishidir.
Shayx Ibn Usaymin rahimahulloh yaxshilikka dalolat qilishning bevosita va bilvosita shakllarini ajratib ko‘rsatadi. Masalan, kishiga bir ibodatning tartibini o‘rgatish bevosita yo‘llash bo‘lsa, diniy savolga javob bera oladigan ishonchli olimni tavsiya qilish bilvosita yo‘llash hisoblanadi. Bundan tashqari, insonlar boshqalarning nafaqat so‘zlariga, balki amaliy xatti-harakatlariga ham ergashadilar. Shu sababli ezgu ishlarda shaxsiy namuna ko‘rsatish ham muhim ahamiyatga ega.
Hadisdagi «unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi» jumlasi ikki kishining savobi har doim miqdoran aynan teng bo‘lishi shartligini anglatmaydi. Imom Navaviy rahimahulloh ta’kidlaganidek, bundan murod yaxshilikka yo‘llagan kishiga ham o‘sha amal sababli savob berilishidir.
Buning hikmati shundaki, yaxshilikka sababchi bo‘lgan insonning ta’siri birgina amal bilan tugamasligi mumkin. U o‘rgatgan ilm, bergan nasihat yoki ko‘rsatgan namuna orqali boshqa insonlar ham xayrli ishlarni davom ettiradilar. Natijada ezgulikning ta’siri kengayib, savob olishga sabab bo‘ladigan imkoniyatlar ortadi.
As-San’oniy rahimahulloh hadisdagi «xayr» tushunchasi dunyo va oxirat yaxshiliklarini qamrab olishini qayd etadi. Demak, insonlarga foydali ilm o‘rgatish, muhtojlarga yordam berishga undash, ibodatlarni to‘g‘ri bajarishni tushuntirish, odob-axloqni targ‘ib qilish va jamiyat uchun manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ushbu hadis mazmuniga muvofiq keladi.
Ayniqsa, ilm o‘rgatishning ahamiyati katta. Bir kishiga foydali bilim bergan inson shu bilim orqali amalga oshirilgan xayrli ishlarga sababchi bo‘lishi mumkin. O‘rgatilgan ilm boshqalarga yetkazilsa, uning foydasi yanada kengayadi. Shu bois ilmni xolis niyat bilan o‘rgatish va uni boshqalarga yetkazish islomiy axloqning muhim tamoyillaridan sanaladi.
Hadisdan olinadigan hayotiy xulosalar
Mazkur hadis bugungi jamiyat hayotida ham muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Har bir inson o‘z oilasi, mahallasi, ta’lim muassasasi va ish joyida yaxshilikning tarqalishiga hissa qo‘shishi mumkin. Buning uchun katta imkoniyat yoki moddiy boylik shart emas. Ba’zan muhtoj kishini yordam beruvchi inson bilan tanishtirish, yoshga foydali bilim o‘rgatish, biror kishini halol mehnatga rag‘batlantirish yoki savobli ishga yo‘naltirishning o‘zi kifoya.
Shu bilan birga, yaxshilikka chaqirish hikmat, samimiyat va odob bilan amalga oshirilishi lozim. Inson boshqalarga nasihat qilish bilan birga, o‘zi ham aytayotgan so‘zlariga amal qilishi, ezgu ishlarda namuna ko‘rsatishi kerak. Yaxshilikka undashning maqsadi insonlarni kamsitish yoki o‘zini ulardan ustun ko‘rsatish emas, balki ularga manfaat yetkazish va ezgulikning keng tarqalishiga xizmat qilishdir.
Xulosa qilib aytganda, Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis yaxshilikning faqat shaxsiy amal emas, balki boshqalarga yetkaziladigan ma’naviy boylik ham ekanini ko‘rsatadi. Yaxshilik qilgan inson savobga erishganidek, unga sababchi bo‘lgan kishi ham ajr oladi. Shuning uchun har bir musulmon imkon qadar ezgulikni targ‘ib qilishi, foydali ilmni ulashishi, yaxshi amallarda boshqalarga ko‘maklashishi va o‘z xulqi bilan ibrat bo‘lishga intilishi lozim. Zero, bir inson boshlab bergan yaxshilik ko‘plab insonlarga tarqalib, uzoq davom etadigan manfaat manbaiga aylanishini aslo unutmasligimiz lozim.
Utkir Maxmudov
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
[1] Muhayyir qalamiga mansub hijriy 1325 yozilgan arbain (qirq hadis) to‘plamining 1-hadisi va unga bitilgan forscha bayt
