VAQTNI QADRLASH — ILM VA KAMOLOT GAROVI

13

Olamlar Parvardigoriga hamdu sanolar, uning suyukli Payg‘ambari va bizlarga ilm, odob hamda vaqt qadrini o‘rgatgan Zot — Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovatu salomlar bo‘lsin!

Inson hayotidagi eng buyuk ne’matlardan biri — vaqt va umrdir. Ularning oldida dunyoning barcha mol-mulki va xazinalari ham arzimas bo‘lib qoladi. Bu ne’matlar nafaqat shaxsiy saodatimiz, balki Vatanimiz kelajagi, millatimiz ravnaqi va dinimiz ma’rifati uchun Alloh taolo bizga bergan eng ulug‘ omonatidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga, xususan, diniy va dunyoviy ilmlarni egallayotgan talabalarga yaratib berilayotgan sharoitlar, ilm-fanga bo‘lgan yuksak e’tibor har birimizdan vaqtni g‘animat bilishni va yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishni talab etadi. Alloh taolo Qur’oni karimda vaqt birliklariga qasam ichar ekan, insonni har bir daqiqadan unumli foydalanishga chaqiradi:

﴿وَٱلۡعَصۡرِ ١ إِنَّ ٱلۡإِنسَـٰنَ لَفِی خُسۡرٍ ٢ إِلَّا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ وَتَوَاصَوۡاْ بِٱلۡحَقِّ وَتَوَاصَوۡاْ بِٱلصَّبۡرِ ٣﴾

«Asrga qasamki, albatta, inson ziyon va zarardadir. magar iymon keltirgan, solih amallar qilgan, bir-birlariga haqni va sabrni tavsiya qilganlar bundan mustasno« (Asr surasi)

Buyuk ulamolarimiz aytishadiki, vaqtni zoye qilish — insonning o’ziga va jamiyatiga zarar yetkazishdir. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ham vaqt qadrini shunday anglatganlar:

نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ: الصِّحَّةُ وَالْفَرَاغُ

«Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar ularning qadriga yetmay, aldanib qoladilar: bular — salomatlik va bo‘sh vaqtdir.» (Imom Buxoriy rivoyati)

Biz shunday tabarruk zaminga mansubmizki, bu tuproqdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Al-Xorazmiy va Ahmad Farg‘oniy kabi dunyo tamadduniga tamal toshini qo‘ygan poyonsiz ilm egalari yetishib chiqqan.

Imom Termiziy (rahimahulloh) “Sunan” asarlarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadis rivoyat qilganlar:

لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ، وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ، وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ، وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلَاهُ

“Qiyomat kuni banda to umri haqida (uni nimada tugatgani), ilmi haqida (u bilan nima amal qilgani), moli haqida (uni qayerdan topib, nimaga sarflagani) va jismi haqida (uni nimada eskirtirgani) so’ralmaguncha, joyidan jilolmaydi.”

Salafi solihlardan Hasan Basriy (rahimahulloh) ham shu haqiqatni shunday ifodalagan:

يَا ابْنَ آدَمَ إِنَّمَا أَنْتَ أَيَّامٌ، كُلَّمَا ذَهَبَ يَوْمٌ ذَهَبَ بَعْضُكَ

«Ey Odam bolasi! Sen kunlardan iborat bir vujudsan. Bir kuning o‘tdimi, sening bir bo‘laging ketdi, demakdir!»

Biz ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishimiz uchun vaqtni ilm olishga, Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga taratishga sarflashimiz shart. Davlatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, yangi madrasalar, ilmiy-tadqiqot markazlarining ochilishi va talabalarga yaratilgan keng imkoniyatlar shunchaki sharoit emas, balki bizga bildirilgan ulug‘ ishonchdir.

  • Vaqtni isrof qilish — ishonchni oqlamaslikdir: Ijtimoiy tarmoqlardagi besamar ko‘ngilochar narsalarga soatlab vaqt sarflash, ilm o‘rniga dangasalikka berilish — ham o‘z umrimizga, ham yurtimiz taraqqiyotiga yetkazilgan zarardir.
  • Ma’rifatli jamiyat — qudratli Vatan: diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan, vaqtini ilm va kasb-hunarga bag‘ishlagan yoshlar har qanday jaholat va yot g‘oyalarga qarshi mustahkam qalqon bo‘la oladi.

Vaqt ne’matini g‘animat bilib, Yurtimizga munosib farzand bo‘lish uchun talaba quyidagi tamoyillarga amal qilishi lozim:

  1. Ilmda yuksak marralarni ko‘zlash: Faqat darsliklar bilan cheklanmay, xorijiy tillarni va zamonaviy texnologiyalarni egallash. Bu Islom ma’rifatini dunyoga to‘g‘ri yetkazish va Vatanimiz sharafini himoya qilish uchun zarurdir.
  2. Tonggi barakani g‘animat bilish: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «اللَّهُمَّ بَارِكْ لأُمَّتِي فِي بُكُورِهَا» («Allohim, ummatimning erta tongdagi vaqtiga baraka ber») deb duo qilganlar. Erta tongdan ilm va zikr bilan mashg‘ul bo‘lish — kun davomida samarali faoliyat yuritishga yordam beradi.
  3. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish: Vaqtni zoye qilmay, chuqur ilm egallash orqali jamiyatimizda bag‘rikenglik, tinchlik hamda ahillik g‘oyalarini targ‘ib qilish.

Xulosa qilib aytganda, vaqt — bebaho ne’mat, umr esa qaytarilmas imkoniyatdir. Har bir talaba vaqtini ilm olishga, odob-axloqini yuksaltirishga va Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishga sarflashi lozim. Zero, bugun ilmga sarflangan vaqt ertangi kunimizning mustahkam poydevoridir. Alloh taolo barchamizga vaqtimizni g‘animat bilib, undan unumli foydalanishni nasib etsin.

4-kurs talabasi Madaminov Muhammadsharif