TIL OFATLARIDAN BIRI — GʻIYBAT

21

«Gʻiybat» soʻzi lugʻatda bir narsaning koʻzdan toʻsilishini bildiradi. Gʻiybat — insondagi bor ayblarini oʻzi yoʻqligida zikr qilishdir.

Alloh taʼoloning Kitobi — Qurʼonda gʻiybat keskin ravishda qoralangan va gʻiybatchi oʻlik etini yeganga oʻxshatilgan. Allohning Rasuli Muhammad sollollohu alayhi vasallam dedilar: «Musulmonga musulmonning qoni, moli va nomusi xaromdir, yaʼni: musulmon uchun musulmonning qonini toʻkish yoki molini oʻzlashtirish xarom boʻlganiday, uning nomusiga tegish ham xaromdir». Yana bir hadisda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam dedilar: «Meʼroj kechasi bir toʻda kishilarga duch keldim. Tirnoqlari bilan yuzlarini timdalardilar. «Ey Jabroil, kim bular?» — dedim. Bular odamlarni gʻiybat qilganlar va ularning or-nomuslariga til tekkizganlar» — dedi.

Hamma ulamolar bir ovozdan gʻiybatni gunohi kabira ekanini eʼtirof etishgan. Gʻiybat qiluvchining ishi zino qilib qoʻygan kishinikidan ham yomonroqdur. Chunki, kishi zino qilib qoʻyib chin dildan tavba qilsa Alloh tavbasini qabul etishi mumkin. Ammo gʻiybat qilingan  kishi gʻiybat qilganni kechirmasa, Alloh ham afv etmaydi. Shu sababli ham musulmon kishi birovni gʻiybat qilmasligi hamda gʻiybat boʻladigan joylarga bormasligi kerak.

Atavullayev Ziyoviddin, 3-kurs talabasi