MEHNAT — INSONNI ULUG‘LAYDIGAN BUYUK QADRIYAT

4

Mehnat — inson hayotining mazmunini belgilaydigan, uni kamolot sari yetaklaydigan va jamiyat taraqqiyotining asosini tashkil etadigan buyuk qadriyatdir. Insonning har qanday yutug‘i, obro‘-e’tibori, farovonligi va hayotda erishgan natijalarining zamirida, avvalo, halol mehnat, sabr va izlanish yotadi.

Dunyoda hech bir yuksak natija osonlik bilan qo‘lga kiritilmaydi. Ilmda yutuqqa erishish uchun o‘qish va izlanish, kasbda mahorat orttirish uchun mashq va tajriba, oila farovonligi uchun esa halol mehnat va mas’uliyat talab etiladi. Mehnat insonda sabrni tarbiyalaydi, irodani mustahkamlaydi va o‘z kuchiga ishonch uyg‘otadi.

Dinimizda ham halol mehnat va kasb qilishga yuksak baho berilgan. Halol mehnat bilan topilgan rizq inson uchun nafaqat moddiy ne’mat, balki ma’naviy poklik manbai hamdir. Inson o‘z peshona teri bilan rizq topsa, o‘ziga ham, oilasiga ham, jamiyatga ham manfaat keltiradi.

Halol mehnatning qadri shundaki, inson birovga qaram bo‘lmasdan, o‘z qo‘li va qobiliyati bilan hayotini barpo etadi. Oilasini halol rizq bilan ta’minlaydi, farzandlariga mehnatsevarlik namunasini ko‘rsatadi. Shu ma’noda mehnat — nafaqat tirikchilik vositasi, balki tarbiya maktabi hamdir.

Tarixga nazar tashlasak, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar ham o‘z maqsadlariga osonlik bilan erishmaganlar. Ular tunlarni bedor o‘tkazib, kitob mutolaa qilib, yillar davomida izlanib, bilimni avlodlarga meros qilib qoldirganlar. Bugun biz foydalanayotgan ilmiy va ma’naviy xazinalar ana shu fidokorona mehnatning samarasidir.

Shuning uchun ham iste’dod insonga imkoniyat bersa, mehnat ana shu imkoniyatni natijaga aylantiradi. Qobiliyatning o‘zi kifoya emas; uni mehnat, intilish va sabr bilan rivojlantirish lozim.

Xalqimiz azaldan mehnatni ulug‘lab kelgan. Bejiz: “Mehnatning tagi – rohat”, “Ter to‘kkan – to‘yadi”, “Ishlagan tishlaydi”, deb aytilmagan.

Bu hikmatlarning zamirida bir haqiqat bor: inson harakat qilsa, intilishdan to‘xtamasa, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari qat’iyat bilan bora olsa, mehnatining samarasini albatta ko‘radi.

Biroq mehnat faqat jismoniy harakat emas. Ilm o‘rganish ham mehnat, kasb egallash ham mehnat, farzand tarbiyasi ham mehnat, el-yurtga xizmat qilish ham mehnatdir. Insonning o‘z ustida ishlashi, kamchiliklarini tuzatishi, yaxshi xulqlarni shakllantirishi ham ulkan mehnat talab qiladi.

Ayniqsa, yoshlik — inson o‘z kelajagiga poydevor qo‘yadigan davrdir. Yoshlikda o‘rganilgan ilm, egallangan kasb va shakllangan mehnatsevarlik insonning butun umriga xizmat qiladi. Shuning uchun yoshlar vaqtini qadrlashi, ilm olishi, kasb-hunar o‘rganishi va o‘z oldiga ezgu maqsadlar qo‘yib, unga intilishi muhim.

Jamiyatning taraqqiyoti ham ana shunday mehnatkash insonlar bilan bunyod bo‘ladi. Har bir halol mehnat — umumiy taraqqiyotga qo‘shilgan kichik, ammo qimmatli hissadir. Dehqonning yerdagi mehnati, ustozning ta’limdagi fidoyiligi, shifokorning bemorga xizmati, olimning ilmiy izlanishi, hunarmandning mahorati — barchasi jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi.

Eng muhimi, mehnat insonni nafaqat boylikka, balki qadr-qimmatga ham yetaklaydi. O‘z mehnati bilan biror ezgu natijaga erishgan insonning qalbida qoniqish va shukr tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Chunki u o‘z yutug‘ining qiymatini biladi.

Shunday ekan, mehnatdan qochmaslik, halol rizq izlash, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashish va har bir ishni sidqidildan bajarish — insonning go‘zal fazilatlaridandir.

Mehnat insonni charchatishi mumkin, ammo halol mehnat insonni xor qilmaydi. Mehnat yo‘li mashaqqatli bo‘lishi mumkin, ammo uning samarasi insonga sharaf va xotirjamlik beradi.

Zero, insonning qo‘lidagi mehnat — bugungi harakati, uning ertangi natijasi, kelajak avlodga qoldiradigan eng qimmatli merosidir.

Alloh taolo barchamizga halol mehnat qilish, halol rizq topish, o‘z mehnatimiz bilan oilamiz va jamiyatimizga manfaat yetkazish, qilgan mehnatlarimizga baraka ato etishni nasib qilsin. Omin.

 

Maxtumquli TOSHQULOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi