MASHAQQATLAR ORTIDA — ALLOHNING RAHMATI
4

Inson hayoti sinov va mashaqqatlardan xoli emas. Har bir insonning umrida quvonchli kunlar bilan bir qatorda tashvishli damlar, kutilmagan sinovlar va qalbni charchatadigan og‘ir kechinmalar ham uchraydi. Ba’zan inson o‘zini ojiz, yo‘lini berk va muammolarini yechib bo‘lmasdek his qiladi.
Ana shunday paytlarda insonga eng katta madad — uning Robbisiga bo‘lgan ishonchi va qalbidagi iymonidir. Allohni zikr qilish, U Zotga tavakkal etish, sabr qilish va berilgan har bir ne’matga shukr aytish — qalbni mustahkamlaydigan buyuk ma’naviy kuch manbaidir.
Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ogoh bo‘lingizkim, qalblar faqat Allohning zikri bilan orom topur” (Ra’d surasi, 28-oyat).
Bu oyat inson qalbining haqiqiy taskini qayerda ekanini ochiq bayon qiladi. Dunyodagi mol-dunyo, mansab, shuhrat va turli imkoniyatlar insonga ma’lum darajada qulaylik berishi mumkin, ammo qalb xotirjamligining manbai — Allohni tanish va Uni yod etishdir.
Zikr insonni muammolardan bir zumda xalos qilib qo‘ymasligi mumkin, ammo u insonning muammoga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi. Qalbi Allohga bog‘langan inson sinov oldida sinmaydi, qiyinchilik oldida umidsizlikka berilmaydi. U har bir mashaqqatning ortida bir hikmat, har bir kechikishning ortida bir xayr va har bir sinovning ortida Rabbisining marhamati borligiga ishonadi.
Payg‘ambarlar va solih zotlar hayotiga nazar tashlasak, ular turli va og‘ir sinovlarga duch kelganlarini ko‘ramiz. Ammo ularning qalbida umid so‘nmagan. Chunki ular qiyinchilikda ham Robbisini unutmagan, duo va zikrdan uzilmagan, sabr va tavakkulni mahkam tutganlar. Shu bois ularning hayoti biz uchun ham sabr, matonat va iymon maktabidir.
Inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri — qiyinchilik kelganda “nega aynan men?” deb qolishdir. Iymonli qalb esa: “Bu sinovda men uchun qanday hikmat bor? Robbim mendan nimani istayapti?” deb fikr yuritadi. Ana shu qarash insonni tushkunlikdan sabrga, xavotirdan tavakkulga, ojizlikdan matonatga yetaklaydi.
Xalqimizda:
“Sabr tagi — sariq oltin” degan purma’no hikmat bor. Bu maqol sabrning mevasi shirin bo‘lishini, shoshmasdan, umidni yo‘qotmasdan harakat qilgan inson oxir-oqibat yaxshilikka yetishini anglatadi.
Yana: “Shukr qilgan ko‘paytirar, noliyvergan yo‘qotar” degan nasihat ham bejiz aytilmagan. Zero, shukr insonni bor ne’matning qadriga yetkazadi. Qalbi shukrga odatlangan inson hatto sinov ichida ham yaxshilikni ko‘ra oladi.
Qur’oni karimda: “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik bor. Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik bor” (Inshiroh surasi, 5–6-oyatlar.) deb marhamat qilingan.
Bu oyat mo‘min qalbi uchun buyuk tasallidir. Chunki hech bir qiyinchilik abadiy emas. Qorong‘u tun ortidan tong otganidek, mashaqqat ortidan ham yengillik keladi. Insondan talab qilinadigani — sabrni boy bermaslik, duoni tark etmaslik, zikrdan uzilmaslik va Allohning rahmatidan umidsiz bo‘lmaslikdir.
Ba’zan inson hayotidagi eng og‘ir kunlar uning eng katta ma’naviy o‘sishiga sabab bo‘ladi. Sinovlar insonni sabrli qiladi, sabr esa qalbni pishitadi. Qalbi pishgan inson esa ne’matni ham, mashaqqatni ham boshqacha qabul qiladi: ne’matda shukr qiladi, sinovda sabr qiladi.
Shunday ekan, hayotimizda qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, Allohni eslashni, U Zotga tavakkal qilishni va shukrni unutmasligimiz lozim.
Zikr — qalbga taskin, sabr — sinovda suyanch, tavakkal — qo‘rquvga qarshi kuch, shukr esa ne’matni asraydigan ma’naviy boylikdir.
Zero, inson har qanday mashaqqatdan o‘tishi mumkin, ammo Rabbisi bilan bog‘liqligini yo‘qotmasa, u hech qachon haqiqiy ma’noda yolg‘iz qolmaydi.
Mashaqqatlar o‘tadi, tashvishlar ketadi, ammo sabr bilan Allohga suyangan qalbda qolgan iymon va xotirjamlik insonga butun umri davomida hamroh bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni har qanday sinovlarda sabrli, ne’matlarda shukrli, qarorlarimizda tavakkulli, tillarimizni zikrli va qalblarimizni O‘zining yodi bilan xotirjam qilsin.
Maxtumquli TOSHQULOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
