ISLOM — TINCHLIKKA CHORLAYDI

57

Tinchlik — Islom dinining eng asosiy tamoyillaridan biridir. Islomda asl holat urush emas, balki tinchlikdir. Shu bois Alloh taolo mo‘minlarga shunday xitob qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘la-to‘kis kiringlar va shaytonning izidan ergashmanglar. Albatta, u sizlar uchun ochiq dushmandir». (Baqara surasi, 208-oyat)

Tafsir olimlari ushbu oyatdagi «silm» so‘zi Islom ma’nosini anglatishini ta’kidlaganlar. Islom «tinchlik» ma’nosi bilan ifodalanishi bejiz emas. Zero, u insonning qalbiga, oilasiga, jamiyatiga va atrofidagi odamlar bilan munosabatlariga tinchlik va osoyishtalik olib keluvchi dindir.

«Islom» so‘zining o‘zi ham «silm» (tinchlik) ildizidan kelib chiqqan. Shuning uchun tinchlik Islomning eng muhim qadriyatlaridan biri, hatto uning mazmunini ifoda etuvchi asosiy tushuncha sifatida qaraladi.

Islomda tinchlik insonlar o‘rtasida hamkorlik, o‘zaro tanishish va ezgulikni yoyish uchun eng tabiiy muhit hisoblanadi. Agar boshqa din vakillari ham tinchlik yo‘lini tutsalar, Islom ularni insoniyatdagi birodarlar sifatida ko‘radi. Shuningdek, musulmonlar bilan boshqa insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning asosi ham tinchlikdir. Agar musulmonlarga qarshi tajovuz qilinmasa, ular bilan tinch-totuv yashash tabiiy va doimiy qoida hisoblanadi.

Shunday ekan, musulmonlar boshqa din va millat vakillari bilan mehr-oqibat, yaxshilik va adolat asosida munosabat o‘rnatishlari lozim. Bu Qur’oni karimdagi quyidagi oyat bilan ham mustahkamlangan: «Ey insonlar! Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda bir-biringizni tanishingiz uchun sizlarni xalqlar va qabilalar qildik». (Hujurot surasi, 13-oyat)

Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, insonlarning turli xalq va millatlarga bo‘linishi o‘zaro dushmanlik uchun emas, balki bir-birini tanish, hurmat qilish va hamjihatlikda yashash uchundir.

Qur’oni karimda musulmonlar tinchlikka moyil bo‘lganlar bilan sulh qilishga chaqiriladi. Alloh taolo marhamat qiladi: «Agar ular tinchlikka moyil bo‘lsalar, sen ham unga moyil bo‘l va Allohga tavakkal qil». (Anfol surasi, 61-oyat)

Bu oyat Islomning tinchlikni urushdan ustun qo‘yishini ochiq-oydin ko‘rsatadi. Agar qarshi tomon sulhni istasa, musulmonlar ham uni qabul qiladilar, faqat bu orqali musulmonlarning haq-huquqlari poymol etilmasligi lozim.

Tafsir olimlari Ismoil ibn Abdurrahmon  as-Suddiy va Abdurrahmon ibn Zayd ushbu oyatning ma’nosini: «Agar ular sizni sulhga chaqirsalar, qabul qiling», deb izohlaganlar. Keyingi oyatda esa, hatto dushmanlar tinchlikni bahona qilib aldashni maqsad qilgan taqdirda ham, Allohning himoyasiga suyanish lozimligi ta’kidlanadi:

«Agar ular seni aldamoqchi bo‘lsalar, bas, senga Allohning O‘zi kifoyadir. U seni O‘z yordami va mo‘minlar bilan qo‘llab-quvvatladi». (Anfol surasi, 62-oyat)

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ham doimo tinchlik va ofiyatni Allohdan so‘rab duo qilganlar. U zot shunday deganlar: «Ey Alloh! Sendan dunyo va oxiratda ofiyat so‘rayman». Yana bir hadislarida: «Dushman bilan to‘qnash kelishni orzu qilmanglar. Allohdan ofiyat so‘ranglar. Agar ular bilan to‘qnash kelib qolsangiz, sabr qilinglar», — deb marhamat qilganlar.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hatto «Harb» (urush) nomini ham xush ko‘rmaganlar. U zot shunday deganlar: «Allohga eng sevimli ismlar — Abdulloh va Abdurrahmondir. Eng rostgo‘y ismlar — Horis va Hammom, eng yoqimsiz ismlar esa Harb va Murradir».

Xulosa qilib aytganda, Islom dini insonlarni tinchlik, bag‘rikenglik, adolat va o‘zaro hurmatga chaqiradi. Urush esa faqat zarurat tug‘ilgandagina va muayyan shartlar asosida ruxsat etilgan holatdir. Shuning uchun Islomning haqiqiy ruhi tinchlikni asrash, insonlar o‘rtasida totuvlikni mustahkamlash va butun insoniyat farovonligiga xizmat qilishdan iborat. Bugungi tahlikali zamonda Islom dinining tinchlikka chorlovchi ulug‘ da’vati yanada teran mazmun kasb etib, uning insoniyat uchun eng to‘g‘ri va ezgu yo‘l ekanini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.

 

Manbaalar asosida

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi O‘tkir Mahmudov tayyorladi