ILM AHLI BILAN SUHBAT — KAMOLOT SARI YO‘L

9

Ilm — insonni jaholat zulmatidan ma’rifat nuriga olib chiqadigan, qalbini uyg‘otib, aqlini charxlaydigan buyuk ne’matdir. Inson ilm orqali haqni botildan, ezgulikni yovuzlikdan, to‘g‘ri yo‘lni adashishdan ajrata bilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham islomda ilmga intilish va ilm ahlini hurmat qilish yuksak fazilatlardan sanaladi.

Ilm egalari bilan suhbatlashish esa inson uchun alohida bir ma’naviy boylikdir. Zero, olim bilan birga o‘tirgan kishi faqat uning aytgan ma’lumotlarini emas, balki ilmga munosabatini, odobini, tavozesini, hayosi va hayot tajribasini ham o‘rganadi. Ba’zan bir olimning bir og‘iz so‘zi inson qalbida yillar davomida saqlanib, uning butun hayotiga yo‘lchi bo‘lishi mumkin.

Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:

“Biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar bo‘lurmi?” (Zumar surasi, 9-oyat).

Bu oyat ilmning inson hayotidagi o‘rni qanchalik ulug‘ ekanini anglatadi. Ilm insonga nafaqat ma’lumot beradi, balki unga fikrlash, anglash, tafakkur qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini ham ato etadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam:

“Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir”, deganlar”.

Bu hadis ilm ahlining jamiyatdagi yuksak maqomiga ishora qiladi. Payg‘ambarlardan qolgan eng buyuk meros mol-dunyo emas, balki ilm, hikmat va haqiqatdir. Ana shu merosni avloddan avlodga yetkazishda ulamolarning xizmati beqiyosdir.

Ulamolar bilan hamnishin bo‘lgan inson ulardan ilm bilan bir qatorda odobni, sabrni, halollikni, kamtarlikni, odamiylikni va hayotda to‘g‘ri yo‘l tutishni ham o‘rganadi. Chunki haqiqiy ilm insonning faqat tilida emas, uning xulq-atvorida ham namoyon bo‘ladi.

Ayniqsa, yosh avlodning kimlar bilan suhbatdosh bo‘lishi juda muhim. Zero, insonning fikri, dunyoqarashi va hatto hayotga munosabati ko‘p jihatdan uni o‘rab turgan muhit va suhbatdoshlar ta’sirida shakllanadi. Yaxshi insonlar davrasi insonni ezgulikka chorlasa, ilm ahlining suhbati uning qalbida ilmga muhabbat, haqiqatga intilish va kamolotga ishtiyoq uyg‘otadi.

Xalqimizda:

“Olim bilan o‘tirgan olim bo‘lar, zargar bilan o‘tirgan zar bo‘lar”
degan hikmat bor. Bu maqol insonning kim bilan birga yurishi, kimning suhbatini tanlashi uning ma’naviy qiyofasi va kelajagiga ta’sir qilishini teran ifoda etadi.

Yana xalqimiz:

“Yaxshi bilan yursang, yetasan murodga, yomon bilan yursang, qolasan uyatga” deb bejiz aytmagan.

Zero, suhbat — inson qalbiga sekin-asta singib boradigan tarbiyadir. Kishi o‘zi bilmagan holda ham suhbatdoshining so‘zi, fikri, odati va dunyoqarashidan ta’sirlanadi. Shuning uchun aqlli inson mol-mulkini tanlaganidek, suhbatdoshini ham tanlaydi.

Ilm ahlining davrasida o‘tirish — faqat bir necha soatlik suhbat emas. Bu qalbga urug‘ sochishga o‘xshaydi. Bugun eshitilgan bir hikmat ertaga fikrga, fikr amalga, amal esa insonning xulqi va hayot tarziga aylanishi mumkin.

Shunday ekan, ilm ahliga hurmat ko‘rsatish, ulamolarning suhbatini qadrlash, ulardan nasixat va ibrat olish har bir inson uchun katta saodatdir. Chunki ilm ahli bilan hamnishinlik insonni dunyoda ma’rifatli, oxiratda esa najotga umidvor banda bo‘lish sari yetaklaydi.

Eng ulug‘ saodat esa ilmni eshitish bilangina cheklanib qolmay, uni qalbga jo etib, hayotda amalga aylantirishdir. Zero, ilm insonni yuksaltiradi, odob uni bezaydi, solih suhbat esa uni kamolot sari yetaklaydi.

 

Maxtumquli TOSHQULOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi