DINDAGI OTA
39

Oʻzgalarga ilm oʻrgatish, maʼrifat ziyosini tarqatish, nihoyatda savobli amaldir. Bunday masʼuliyatli vazifaga mutasaddi boʻlgan insonlarning darajasi ham buyukdir. Darhaqiqat, kishida ilm oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Albatta, buning uchun ustoz zarurdir. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulugʻ boʻlsa, ilm oʻrgatish, yaʼni ustozlik qilishining fazilati undan buyukdir.
Zero Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Umoma Bahiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan muborak hadislarida: “Alloh, Uning farishtalari, osmonlar-u yerning ahli, hattoki uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o’rgatuvchi kishiga salavot aytadilar” deb marhamat qilganlar.(Termiziy rohimahulloh rivoyat qilganlar).
Bu hadisni sharhlab, ulamolar: “Bu sharafga muyassar bo’ladiganlarga kichkintoylarga harflarni o’rgatayotgan muallimlardan tortib, fan doktorligi ilmiy ishlariga rahbarlik qilayotgan ustozlar, ilmiy kashfiyotlarni boshqarayotgan rahbarlargacha barchalari kiradilar” deganlar. Payg‘ambar alayhissalom eng yetuk muallim bo‘lganlar. Muoviya ibn Hakam Sulamiy roziyallohu anhu aytadilar: “Ota-onam Nabiy alayhissalomga fido bo‘lsin! Oldin ham, keyin ham U Zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim” — Imom Muslim rivoyati.
Burhonul Islom Zarnujiy rohimahulloh “Sen unga diningda muxtoj bo’ladigan narsalardan “bir harf” o’rgatgan kishi sening dindagi otangdir” deganlar.Shuning uchun barchamizga ustozlarimizni hurmat qilib, ularga odob ila muomalada bo’lmoqligimiz lozim bo’ladi. Xalqimizda “Ustoz-Otangday ulug’ ” degan hikmat ham bejizga aytilmagan.Chunki Ota insonning dunyoga kelishiga sabab bo‘lsa, ustoz uning ma’naviy kamol topishiga sabab bo‘ladi. Ota farzandining jismini voyaga yetkazsa, ustoz uning aqlini va ruhini tarbiyalaydi, tafakkurini charxlaydi, qalbiga ma’rifat nurini singdiradi. Shuning uchun bu yuqoridagi iboralarda ustozlarni otaning o‘rniga qo‘yish emas, balki ularning inson kamolotidagi ulug‘ xizmatlarini e’tirof etish mujassam.Bu hikmatlarni anglash-ustozlarni shunchaki bayram bilan tabriklash emas, balki ularning mehnatlarini qadrlash, ularning bergan ilmlarini e’zozlash va eng muhimi ustozlar o’rgatgan ilmga amal qilib ularning haqlariga doim duolar qilishdir.
Ustozning maqomi haqida ulug’ ajdodimiz Alisher Navoiy rohimahulloh bunday deganlar:
“Haq yolida kim sanga bir harf o’rgatmish ranj ila,
Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming gang ila”
Bundan ma’lum bo’ladiki: Bizga yaxshilikdan ta’lim bergan ustozlarimizning haqlarini hech qanday dunyo matohlari bilan ado etolmaymiz.
Aynan o’zim ham Ustoz qadrini faqat kitob varaqlarida o‘qib emas, balki ilm yo‘lida qadam tashlaganim sari anglab boryapman. Misol uchun ba’zan birgina jumlaning ma’nosini tushunish uchun uzoq vaqt sarflaymiz. Ustozlarimiz esa o‘sha jumlani tushuntirish bilan kifoyalanmay, uning ortidagi ma’noni, undan olinadigan saboqni va uni hayotda qanday qo‘llashni ham ko‘rsatadilar.Madrasa hayotida shuni tushundimki, ustozning shogirdga bergan eng katta boyligi-uning daftaridagi yozuvlar emas. Bu boylik — qalbga singdirilgan ilm, shakllangan odob va to‘g‘ri yo‘lni tanlash qobiliyatidir.
Xulosa qilib aytganda Ustozlar Allohga eltuvchi yo’l, unga yo’l ko’rsatuvchi va unga kiriladigan eshikdirlar. Ustozning yo’l-yo’rig’iga xilof ish tutish halokatli bir zahardir. Unda ommaviy zararlar bor.Barcha Ustzolarimizni Alloh ikki dunyo saodatiga Musharraf aylasin, Ilm yo’lida qilayotgan xizmatlarini qabul qilib dunyo-yu oxiratda ulug’ darajotlar, ajru-aziymlar nasib qilsin.Bizlarga ham Ustozlarimizga munosib izdosh bo’lishizmizga O’zi tavfiq bersin.!!!
3-“A” guruh talabasi Abdug’ofurov Bilolxon
