USTOZ – MA’RIFAT CHIROG’I
69

1 oktabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan
Inson dunyoga kelganda hech narsani bilmaydi. Uni bilim egasi qiladigan, harfni tanitib, hayot yo’lini ko’rsatadigan zot ustozdir. Shuning uchun xalqimiz «Ustoz otangdek ulug'» deydi. Bu naql bejiz aytilmagan: ota jismimizni tarbiyalasa, ustoz qalbimiz va ongimizni tarbiyalaydi.
Islom dini ilmga chorlash bilan boshlangan. Vahiyning birinchi so’zi «Iqro» – «O’qi» bo’ldi: (Alaq surasi, 1–5-oyatlar). Inson bilim olishi uchun avvalo o’rgatuvchi kerak, bu esa ustozning zimmasidagi ulug’ vazifadir.
Alloh taolo ilm ahlining martabasini alohida ta’kidlaydi: «Ayting: ‘Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo’larmidi?'» (Zumar surasi, 9-oyat). Yana bir oyatda: «Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko’taradi» (Mujodala surasi, 11-oyat). Ustozlar mana shu oliy martabaga munosib insonlardir, chunki ular ilm olib, uni o’zgalarga ulashadi. Hatto Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham Alloh taolo shunday duo qilishni buyurgan: «Ayting: ‘Robbim, ilmimni ziyoda qil'» (Toha surasi, 114-oyat). Eng ulug’ inson ham ilm talabida bo’lgan ekan, bu bizga tinimsiz o’rganishning go’zal namunasidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’zlari eng buyuk muallim edilar. Sahobiy Muoviya ibn Hakam as-Sulamiy roziyallohu anhu u zotdan avval ham, keyin ham u kishidan yaxshiroq ta’lim beruvchini ko’rmaganini aytadi: Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam na koyidilar, na urdilar, na so’kdilar (Imom Muslim rivoyati). Bu ustozga xos eng go’zal fazilatlarni – sabr, mehr va yumshoq muomalani ko’rsatadi. Ta’lim berishning fazli haqida u zot sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: «Sizlarning eng yaxshingiz Qur’onni o’rgangan va uni o’rgatgan kishingizdir» (Imom Buxoriy rivoyati).
Ilm yo’lining savobi haqida ham xabar bor: «Kim ilm talab qilish yo’liga tushsa, Alloh unga jannat yo’lini yengillashtiradi» (Imom Muslim rivoyati). Ustoz bu yo’lda shogirdlariga yetakchi, chirog’ni yoqib turuvchi insondir. Uning mehnati u dunyoga ham yetib boradi: «Inson vafot etsa, amali uziladi, faqat uch narsadan: davomli sadaqa, foydalaniladigan ilm va o’zi uchun duo qiluvchi solih farzand» (Imom Muslim rivoyati). Ustozning bergan ilmi shogirdlari orqali avloddan avlodga o’tib, uning savob daftarini to’ldirib boraveradi. Yana bir hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Alloh kim haqida yaxshilikni xohlasa, uni dinda tushunchali qiladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Insonni tushunchali, ziyoli qilish yo’lida mehnat qilayotgan ustozlar ana shu yaxshilikning sababchilaridir.
Tarixga nazar tashlasak, buyuk allomalarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy – har biri o’z ustozlari tarbiyasida kamol topgan. Ular yozgan asarlar bugun ham dunyoga nur sochib turibdi. Har bir ulug’ olim ortida sabr bilan o’rgatgan, shogirdi haqida qayg’urgan ustoz turadi. Xalqimiz ustozni har doim hurmat qilib, uni ulug’lashni o’ziga sharaf bilgan.
Bugungi kunda ham o’qituvchi va murabbiylarimiz zimmasida ulkan mas’uliyat bor: ular kelajak avlodni ilm, axloq va vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydi. Ular har kuni darsga tayyorlanadi, o’quvchining kayfiyatini sezadi, qiyin damda yelka tutadi. Ularning mehnatini pul yoki mukofot bilan o’lchab bo’lmaydi, uning bahosi faqat shogirdlarning kamolida ko’rinadi.
Hurmatli ustozlar! Siz yoqqan ma’rifat chirog’i millatimiz kelajagini yoritib turibdi. Siz o’rgatgan har bir harf, aytgan har bir pand-nasihat shogirdlaringiz qalbida umr bo’yi saqlanadi. Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mehnatingizda barakalar tilaymiz. Alloh taolo bergan ilmlaringizni sadaqai joriya qilib, savoblaringizni ziyoda etsin. Shogirdlar ham ustozlariga hurmatda bo’lsin, ularning haqqiga duo qilsin, chunki ustozga qilingan eng katta yaxshilik – uning ilmiga amal qilish va uni boshqalarga ulashishdir.
Bayramingiz muborak bo’lsin, aziz ustozlar!
ALIMARDON KAROMATOV,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi MATBUOT KOTIBI
