“Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila”.

Alisher Navoiy

 Inson dunyoga onadan tug‘iladi, lekin ongli inson bo‘lib yetishishida ustozning o‘rni beqiyos. Xalqimiz “Ustoz-otangday ulug‘” deb bejiz aytmagan. Ota-ona jismimizni tarbiyalagan bo‘lsa, ustoz qalbimiz va ongimizni kamolga yetkazadi.

Arab shoiri Ahmad Shavqiy ustoz martabasini shunday ta’riflagan: “Muallim oldida o‘rningdan tur va ta’zim qil, zero muallim payg‘ambarlikka oz qolgan zotdir”. Bu so‘zlar o‘qituvchi kasbining naqadar sharafli ekanini ko‘rsatadi.

Ustoz bilan muomalada odob saqlash, uning so‘ziga quloq solish, oldida ovozni balandlatmaslik shogirdlik odobidandir. Hadisi sharifda: Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni hurmat qilmagan bizdan emas” (Imom Termiziy rivoyati). Ilm egasini hurmatlash bu hadisning ma’nosiga mos amaldir.

Ustoz bergan bilimni o‘zlashtirish va amalda qo‘llash unga ko‘rsatilgan eng yaxshi hurmatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi”. (Imom Muslim rivoyati). Ilm yo‘lida charchamaslik ustozning mehnatini oqlalashdir.

Martaba va mansabga erishgandan keyin ham ustozini eslash, hol-ahvol so‘rash, qiyin paytida yonida bo‘lish vafo belgisidir. Hazrat Aliga nisbat berilgan rivoyatda shunday deyiladi: “Menga bir harf o‘rgatgan kishi meni o‘ziga qul qilib oldi”. Bu so‘zlar kichik bir bilim uchun ham minnatdor bo‘lish kerakligini eslatadi. Alisher Navoiy ijodida ham ustoz haqqini ado etish mehr-oqibat va ma’naviy yetuklik alomati sifatida ulug‘langan. Ustoz hayotligida ham, vafotidan keyin ham uning haqqiga duo qilish, shogirdlik ishlari orqali uning nomini yashatish muhim burchdir. Ustoz haqqi faqat alohida shogirdning ishi emas. Jamiyat o‘qituvchining mehnatini munosib rag‘batlantirishi, obro‘sini himoya qilishi va ijtimoiy mavqeini ko‘tarishi lozim.

O‘qituvchisini qadrlamagan millat kelajagini qadrlamagan bo‘ladi. Haq o‘zaro bo‘ladi. Ustoz ham shogirdiga xolis va halol ilm berishi, o‘z xulqi bilan ibrat bo‘lishi, e’tiborini adolat bilan taqsimlashi kerak. Shundagina hurmat majburiy bo‘lmay, ko‘ngildan chiqadi.

Xulosa o‘rnida, Ustoz haqqini ado etish o‘tmishga ta’zim emas, kelajakka sarmoyadir. Shogird ustozini qanchalik qadrlasa, ilm va tarbiya an’anasi shunchalik mustahkam bo‘ladi. Har birimiz o‘z ustozlarimizni yodga olib, ularga yaxshilik qilaylik, chunki bugungi e’tiborimiz ertaga bizning shogirdlarimiz ko‘zida ham mezon bo‘ladi.

Muzaffar Qosimov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari