ILM VA USTOZNI ULUG‘LASH
63

Ilm — fazilatlarning eng ulug‘i, xislatlarning eng sharaflisi, inson ziynatlanishi mumkin bo‘lgan eng aziz ne’matdir. U taraqqiyot asosi, xalqlar shon-shuhratining manbai, ularning hayotdagi yuksalishi va ustunligining belgisi, insonni abadiy saodat sari yetaklovchi yo‘lchi va ikki dunyo sharafining manbaidir.
Olimlar esa payg‘ambarlarning vorislari, ilm xazinabonlari, haqiqat da’vatchilari va din himoyachilaridir. Ular insonlarni Allohni tanish va Unga itoat etishga yo‘llaydilar, yaxshilik va ezgulik sari boshlaydilar.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilganlarni darajalar bilan yuksaltiradi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir». (Mujodala surasi, 11-oyat)
Yana U zot shunday marhamat qiladi:
«Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladimi?” Albatta, faqat aql egalari eslatma olurlar». (Zumar surasi, 9-oyat)
Agar biror millat yuksalish, azizlik va qudrat pog‘onalaridan ko‘tarilishni istasa, avvalo ilm va olimlar, insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi ustozlarning qadrini baland qilishi lozim. Olim va ustozlardan ustun qo‘yiladigan hech kim bo‘lmasligi, ularga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi, odob bilan muomala qilinishi zarur.
Buyuk shoir Ahmad Shavqiy aytganidek:
Muallim uchun o‘rningdan tur, unga ehtirom ko‘rsat,
Zero, muallim go‘yo payg‘ambar kabidir.
Senga insonlar orasida undan ham sharafli,
Ulug‘roq kim borligini bilasanmi?
Ustoz insonlarning ruhi va aqllarini bunyod etadi. Ummat taraqqiy etgan, yuksalgan davrlarda muallim va olimlar eng katta e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lganlar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bir janozada ishtirok etdilar. Qaytishga chog‘langanlarida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Zayd ibn Sobitning ulovga chiqishlari uchun oyoq qo‘yadigan temir uzangisini ushlab turdi. Shunda Zayd ibn Sobit:
Menga siz yordam beryapsizmi? Axir siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalarisiz-ku!, dedilar. Ibn Abbos esa: Biz ulamolarimizga shunday ehtirom ko‘rsatamiz, dedilar.
Imom Abu Hanifa rahimahulloh ustozlari Hammad rahimahullohning uylari tomonga oyoqlarini uzatib o‘tirmas edilar. Holbuki, Abu Hanifaning uylari bilan ustozlarining uylari orasida ancha uzoq masofa bor edi.
Imom Shofe’iy rahimahulloh Imom Molik rahimahullohning darslarida o‘tirganlarida qog‘ozlarni juda ehtiyotkorlik bilan, shovqin qilmay varaqlar edilar, ustozlarini bezovta qilib qo‘yishdan qo‘rqardilar.
Robi’ ibn Sulaymon esa o‘zlari haqlarida:
Allohga qasamki, Shofe’iy menga qarab turgan bo‘lsalar, u zotdan haybatlanganimdan suv ichishga ham jur’at qilmasdim, deganlar.
Mana, butun dunyoning yarmiga hukmronlik qilgan Horun ar-Rashidni olaylik. U kishi osmonda suzib borayotgan bulutga qarab:
Qayerga yomg‘ir yog‘dirsang ham, baribir sening xirojing menga keladi, der edilar. Shunday buyuk hukmdor o‘z farzandlariga ta’lim-tarbiya berish va odob o‘rgatish uchun buyuk olim Asma’iyni ustoz qilib tayinlagan.
Kunlarning birida Horun ar-Rashid Asma’iyning huzurlaridan o‘tayotib, u zotning oyoqlarini yuvayotganini ko‘rdilar. Suv quyib turgan esa Horun ar-Rashidning o‘z o‘g‘li edi.
Shunda Horun ar-Rashid Asma’iyni chaqirib:
Men farzandimni sizga ta’lim va tarbiya olsin deb topshirgan edim. Nega unga suvni bir qo‘li bilan quyib, ikkinchi qo‘li bilan sizning oyog‘ingizni yuvishni buyurmadingiz? dedilar.
Yana bir misol.
Xalifa Ma’mun Farrodan o‘z ikki o‘g‘liga nahv ilmini o‘rgatishni so‘radi. Bir kuni Farro darsdan turmoqchi bo‘lganida, ikki shahzoda uning kavushini kim olib berishi haqida talashib qoldilar. Oxir-oqibat har biri bittadan kavushini olib berishga kelishdilar.
Bu voqea Ma’munga yetkazildi. U Farroni huzuriga chaqirib:
Eng aziz inson kim? deb so‘radi.
Farro:
Amirulmu’minindan azizroq insonni bilmayman, dedi.
Ma’mun:
Yo‘q. Eng aziz inson — o‘zi o‘rnidan turganida uning kavushini olib berish uchun musulmonlarning ikki bo‘lajak rahbari talashadigan inson. Oxir oqibat har biri bittadan kavushini olib berishga rozi bo‘ladi, dedi.
Farro bu holat xalifaning g‘azabini keltirgan, deb o‘ylab, o‘zini oqlashga urina boshladi:
Men ularni bundan qaytarishga harakat qildim, ammo ular o‘zlari shunday qilishdi, dedi.
Shunda Ma’mun:
Agar ularni bundan qaytarganingizda, sizni koyir edim, dedi.
So‘ng xalifa bu ish ularning sharafini kamaytirmaganini, aksincha, qadr-qimmatlarini yanada oshirganini ta’kidladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhuning:
«Talaba bo‘lib xorlandim, talab qilinadigan inson bo‘lib azizlandim», degan so‘zlari naqadar haq!
Zero, ustozga kamtarlik bilan munosabatda bo‘lish va uni hurmat qilish insonga ustozning barcha bilimini berishga sabab bo‘ladi. Bugun ustozga ta’zim qilgan shogird ertaga shunday darajaga yetishi mumkinki, odamlar unga ehtiyoj sezadi.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida Yaponiya imperatoridan mamlakatining qisqa vaqt ichida taraqqiy etishi sabablari haqida so‘ralgani va u kishi:
Biz boshqalar tugatgan joydan boshladik, ularning xatolaridan saboq oldik va muallimga diplomatik daxlsizlik maqomini, vazir maoshiga teng maosh berdik, deb javob bergani haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Shuningdek, Germaniyada sudyalar maoshlarini muallimlar maoshi bilan tenglashtirishni talab qilganlarida, kansler Angela Merkel:
«Sizlarni sizlarga ta’lim bergan insonlar bilan qanday tenglashtiraman?»
deb e’tiroz bildirgani haqida ham ma’lumotlar tarqalgan.
Bugun Yangi O‘zbekistonda muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan ustoz va muallimning qadri yuksak darajaga ko‘tarilmoqda. Ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor, ustozlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish va ularning jamiyatdagi nufuzini oshirish kelajak avlodga bo‘lgan yuksak ishonch ifodasi sifatida qaralmoqda. Zero, ustozni e’zozlagan yurtning kelajagi hamisha buyuk bo‘lishi ta’kidlanmoqda va hukumatimiz tomonidan bu borada barcha zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda.
Muallim va tarbiyachi oldida bajarilishi lozim bo‘lgan bir qancha burchlar bor:
- U bilan yaxshi muomala qilish, uni hurmat va qadrlash. Chunki ustozingiz siz uchun ota maqomidadir.
- Ustozdan foyda olishga intilish. Zero, u sizda yo‘q bo‘lgan ko‘plab bilim va tajribalarga ega.
- Yaxshi va solih amallarda unga ergashishga harakat qilish.
- Uning sha’nini himoya qilish va uni g‘iybat qilishdan uzoq bo‘lish.
- Duolaringizda unga ham o‘rin ajratish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inson vafotidan keyin ham unga yetib boradigan amallardan biri solih farzandning duosi ekanini xabar berganlar. Shogird ham solih farzand kabidir.
- Ustoz ham inson ekanini va xatodan xoli emasligini anglash.
Ustoz xato qilganida quyidagi odoblarga rioya qilish lozim:
Ustozning xatosiga ergashmaslik va uni takrorlamaslik.
Uning xatolari va ayblarini yashirish, ularni boshqalarga oshkor qilmaslik. Boshqalar uning oldida ustozni tanqid qilishsa, bunga rozi bo‘lmaslik.
Ustozning xatosiga uzr izlash va unga yaxshi gumonda bo‘lish.
Ustozga nasihat qilish va xatosini muloyimlik bilan bildirish. Bunda yosh va martaba farqini inobatga olish, munosib va chiroyli uslubni tanlash lozim.
Ustozning ham inson sifatida ayrim kamchiliklari bo‘lishi mumkinligini anglash. Inson kamchilikdan xoli emas. Ammo ustozingizdagi ayrim kamchiliklarni anglab qolishingiz uning qadrini tushirishingizga yoki undan yuz o‘girishingizga sabab bo‘lmasin. Aksincha, o‘zingizda yetishmayotgan jihatlarni boshqa manbalardan to‘ldirishga harakat qiling.
Bugun ko‘plab jamiyatlarimizda farzandlarning muallimlarga munosabati kishining yuzini yerga qaratadigan darajaga tushib qolgani achinarli holdir. Muallimni haqoratlab, unga til tekkizayotganlar, hatto ustozlariga qo‘l ko‘tarib, tahdid qilayotgan va ularning mol-mulkiga zarar yetkazayotganlarni ham ko‘rib turibmiz.
Shoir aytganidek:
Muallim va tabib — ikkovi ham,
Agar qadrlanmasa, maslahat bermas.
Tabibingni xor qilsang darding bilan sabr qil,
Muallimini mensimasang jaholating bilan sabr qil.
Muallim va muallimayu ustozlarni e’zozlang! Farzandlarimiz qalbiga ularga nisbatan muhabbat, hurmat va ehtirom tuyg‘ularini singdiring. Ustozlarning ba’zi ozorlariga sabr qilishni o‘rgating. Zero, buning ortida siz uchun katta yaxshilik bor.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini hamisha yodda tutaylik:
«Kim kattamizni ulug‘lamasa, kichigimizni rahm qilmasa va olimimizning haqqini tanimasa, u bizdan emas».
Utkir Maxmudov
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
