SOXTA SALAFIYLARGA RADDIYA
14

Bugungi kunda turli guruhlar tarafidan mazhablarni inkor qilish holatlari uchrab turibdi. Ular mazhabsizlik g‘oyasini ilgari surib, asosiy maqsadlari asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan fiqhiy mazhablarni inkor qilishdan iborat. Mazhabsizlik g‘oyasi deyarli o‘n to‘rt asrdan ortiq vaqt mobaynida yashagan minglab ulamolarning butun umrlari davomida olgan ilmlari va qoldirgan meroslarini, yozgan asarlarini bekorga chiqaradi. Shu bilan birga asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan an’analar noto‘g‘ri, ularga amal qilgan musulmonlar esa adashgan ekan degan xulosaga olib keladi. Bundan tashqari musulmonlar birligini xavf ostida qoldiradi.
Mazhabsizlik g‘oyasini soxta salafiylar ilgari surmoqda. Ularning fikricha, fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan qoidalarni to‘g‘ri tushunish usuli sifatida tan olinmaydi, balki shariat ahkomlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga tatbiq etish lozim deb hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, mazhabsizlarning da’vosi bo‘yicha har bir kishi, o‘zi Qur’ondan yoki hadisdan hukm olishi mumkin. Chunki mujtahidlarning xulosasi boshqalar uchun asos bo‘la olmaydi, har bir odam o‘zi fatvo berishi mumkin.
Ularning bu g‘oyasiga amal qilinsa, barcha Qur’on va hadisdan hukm olishga o‘tsa, jamiyat hayoti o‘z-o‘zidan izdan chiqadi. Chunonchi tibbiyot, arxitektura va hokazo soha vakillari ham o‘zlari mustaqil tarzda Qur’on yoki hadislarni o‘rganib o‘z masalalarini hal etishlari lozim bo‘lib qolar edi.
Mazhabsizlikni targ‘ib qilayotgan soxta salafiylik mafkurasiga ko‘ra fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan kategoriyalar shariatni to‘g‘ri tushunish uslubi sifatida tan olinmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shariat ahkomlarini amalga tatbiq etish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Bu yo‘l bilan minglab olimlarning mashaqqat bilan amalga oshirgan ishlarini bekorga chiqaradi. Shu bilan birga asrlar davomida musulmonlar tomonidan amal qilinib kelinayotgan an’analarni noto‘g‘riga chiqarib, “o‘tmishdagi musulmonlarni adashgan edilar” degan buzuq xulosani beradi. Buning natijasida musulmonlar orasida parokandalik yuz beradi. Hozirgi kundagi ahli sunna val jamoa musulmonlarining barchasi to‘rt mazhabdan biriga ergashadi. Shu bilan birga ular bir-birini inkor qilmaydi va aqidada bir hisoblanadi.
Mazhabsizlarning da’volaridan yana biri faqat sahih hadisga amal qilish lozim, chunki mujtahidlar har xil fatvo chiqarganlar, shuning uchun bu bo‘linish hisoblanadi, deydilar. Aslida mazhablardagi bir masalaga turlicha qarash mujtahidning o‘sha masalani qanday tushunishi bilan bog‘liq. Arab tili boy til bo‘lgani sababli, bir olim Qur’ondagi so‘zning bir ma’nosini qabul qilgan bo‘lsa, ikkinchi mujtahid boshqa ma’nosini olgan. Hukm ham, hadislardan hukm olish ham shunga yarasha bo‘lgan. Bir mujtahid bir hadisni olgan va unga qarshi bo‘lgan hadisni esa, hukmi o‘chgan deb, boshqa mujtahid esa, o‘sha hadisni hukmi o‘chmagan deb qabul qilgan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, islomdagi fiqhiy mazhablar musulmonlarning birligini saqlashga va xalqning diniy hukmlarga rioya etishlaridagi qiyinchiliklarini oldini olishga xizmat qilgan. Biroq mazhablarni inkor qilish musulmonlar qalbiga turli shubhalarni solish barobarida sof islom aqidasini buzish va jamiyatda ixtilofli holatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan.
Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy”o‘rta maxsus islom bilim yurti
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
