MEHR-OQIBAT
45

Inson bolaligidan to umrining oxirigacha ikki narsaga muhtoj bo‘ladi: bittasi-unga berilgan mehr, ikkinchisi-o‘sha mehrga javoban ko‘rsatgan oqibat. Bu ikki tushuncha bir-biridan ajralmas bo‘lib, insoniy munosabatlarning poydevori hisoblanadi. Mehr-yurakdan chiqqan iliqlik, g‘amxo‘rlik va sadoqat bo‘lsa, oqibat-o‘sha mehrga minnatdorlik bilan javob qaytarish, uni unutmaslik va qadrlashdir.
Mehr-bu insonning boshqa bir insonga, ko‘pincha yaqinlariga nisbatan ko‘rsatadigan samimiy, beg‘araz munosabati. Ona bolasiga bo‘lgan mehri eng toza va beg‘araz mehr namunasidir. Ona farzandini tarbiyalash, unga bilim va axloq berish yo‘lida kechayu kunduz mehnat qiladi, uning baxti va salomatligi uchun o‘z manfaatlaridan voz kechadi. Xuddi shunday mehr ota-ona, aka-uka, ustoz-shogird, do‘st-birodar orasida ham mavjud bo‘ladi.
Mehr faqat so‘zda emas, amalda namoyon bo‘ladi. Kimningdir qiyin paytida yordam qo‘li cho‘zish, kasal bo‘lganda uning yonida bo‘lish, xafa bo‘lganda dalda berish bular barchasi mehrning amaliy ko‘rinishidir.
Agar mehr berilsa, unga javoban oqibat kutiladi. Oqibat bu ota-onaning qariganida ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ustozning bergan bilimini qadrlab, uni ehtirom bilan eslash, do‘stning yaxshiligini unutmaslikdir. Xalqimizda “oqibatli farzand”, “oqibatli shogird” kabi iboralar bejiz paydo bo‘lmagan bular insonning qadr-qimmati va tarbiyasining o‘lchovi hisoblanadi.
Oqibatsizlik esa, aksincha, jamiyatda eng qoralanadigan xislatlardan biri. O‘ziga ko‘rsatilgan yaxshilikni unutgan, keksaygan ota-onasini esidan chiqargan yoki unga nisbatan beparvo bo‘lgan inson jamiyat nazarida qadrsizlanadi. O‘zbek xalqi azaldan mehr-oqibatli, mehmondo‘st va bir-biriga g‘amxo‘r bo‘lgan. Qo‘ni-qo‘shnichilik, mahalla-ko‘y an’analari, hashar, to‘y-marosimlarda bir-biriga yordam berish bularning barchasi mehr-oqibat tuyg‘usining amaliy ko‘rinishidir. Yoshlar keksalarni hurmat qilishi, keksalar esa yoshlarga nasihat va mehr bilan qarashlari avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘lanishni ta’minlaydi.
Dinimizda ham ota-onaga mehr-oqibat ko‘rsatish alohida o‘ringa ega. Ularga yaxshilik qilish, ehtirom bilan muomala qilish insonning eng muhim burchlaridan biri sifatida ta’kidlanadi.
Mehr-oqibat jamiyatni bir-biriga bog‘lovchi ko‘zga ko‘rinmas rishtadir. Mehrsiz jamiyat sovuq, oqibatsiz jamiyat esa qadrsiz bo‘lib qoladi. Har birimiz atrofimizdagilarga mehr bilan qarab, bizga ko‘rsatilgan yaxshiliklarga oqibat bilan javob bersak, jamiyatimiz yanada inoq, totuv va baxtli bo‘ladi. Mehr-oqibat faqat bir xislat emas, balki insoniylikning o‘zidir.
Muzaffar Qosimov, Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
