PAYG‘AMBARIMIZ MUHAMMAD MUSTAFO ﷺ USTOZLARNING ENG ULUG‘IDIRLAR
24

Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ butun insoniyat uchun nainki din, balki hayot va axloq ustidagi eng ulug‘ ustozdirlar. Ular orqali Alloh taoloning kalomi – Qur’oni karim va nubuvvat ilmlari yuborilgan bo‘lib, barcha insonlarga haq yo‘lini ko‘rsatish, yaxshilikka da’vat qilish va ma’rifat nurini tarqatishda rahnamolik qilganlar.
Muhammad ﷺning hayotlari va faoliyatlari har bir inson uchun namuna va ibratdir. U zotning shaxsiy hayotlarida ham, jamoat bilan munosabatlarida ham yuksak odob-axloq va ilmga tayangan ishlarining barchasi buyuk maktab vazifasini o‘tagan. U kishi ta’lim va tarbiyaning eng ulug‘ namoyonchisi sifatida sahobalari va ummatlariga nafaqat diniy ilmlarni, balki dunyoviy ilmlarni ham o‘rgatganlar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz ﷺni barcha ustozlarning ustozi, buyuk ta’limotchi deb atash joizdir.
Muhammad ﷺ ilk davrlarda Makkada vahiy olganlarida, faqatgina bir guruh sahobalariga ta’lim berish bilan cheklanmasdan, butun bir xalqqa, qolaversa, butun insoniyatga ta’lim berish mas’uliyatini zimmalariga olgan edilar. U zot ilm va hikmatga chaqirar ekanlar, insonlarni zulmatdan nurga olib chiqish uchun Allohning kalomini yetkazishga katta ahamiyat berganlar. Payg‘ambarimiz ﷺning asosiy maqsadlari faqatgina ma’lum bir guruh yoki millatga emas, balki butun insoniyatga nasihat qilish, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish edi.
Payg‘ambarimiz ﷺni ustozlarning eng ulug‘idirlar deb atashning asosiy sabablaridan biri shundaki, U zot nainki ilm tarqatganlar, balki axloqiy tarbiyada ham chuqur ta’sir ko‘rsatganlar. Ularning har bir harakati, so‘zlari va tavsiyalari ma’naviyatni yuksaltirishga, odamlarni adolat va yaxshilikka chaqirishga qaratilgan edi. Masalan, Payg‘ambarimiz ﷺ “Men faqatgina go‘zal axloqni kamolga yetkazish uchun yuborilganman” deganlar. Bu so‘zlardan U zotning asosiy vazifasi faqatgina ilm o‘rgatish emas, balki insonlarning axloqiy fazilatlarini kamolga yetkazish ekanligi tushuniladi.
Ularning hayotlari davomida faqatgina din haqida bilim berish emas, balki ko‘plab sohalardagi ko‘nikma va tajribalarni ham o‘rgatganlar. Masalan, savdo-sotiq qoidalari, oilaviy munosabatlar, rahbarlik va boshqaruv borasida ham U zotning o‘rgatganlaridan ko‘plab saboqlar olish mumkin. Shu bilan birga, U zot adolatni qaror toptirishda, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda ham katta rol o‘ynaganlar. Ularning sahobalariga qilgan nasihatlari, ularning savollariga javoblarini o‘rganish orqali Payg‘ambarimiz ﷺning qanchalik ulkan bilim va hikmat sohibi ekanliklarini bilish mumkin.
Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺning ustozlik fazilatlari nainki musulmon ummatining, balki butun insoniyatning taraqqiyoti va rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. U zotning ta’limotlari asrlar davomida insoniyatga yorug‘ yo‘l ko‘rsatgan va bugungi kunda ham ushbu bilim va hikmatlar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ ustozlarning eng ulug‘idirlar!
Muhammad ﷺning hayotlari, so‘zlari va amallari har bir inson uchun ulug‘ dars, ibratdir. U zotning ko‘rsatmalariga amal qilish, u kishining odob-axloqlarini hayotimizda tatbiq qilish har birimizning burchimizdir. U zotni ulug‘lash, ularning buyuk ustozlik maqomini e’tirof etish har bir mo‘min-musulmonning farzandlari va kelajak avlodlariga o‘rnak bo‘ladigan bir ne’matdir.
Manbaalar asosida
Nilufar BERDIYEVA tayyorladi
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
