ODAMLAR O‘RTASIDA ISHONCHNI YEMIRUVCHI KASALLIK
18

Bakir ibn Munir aytadi: Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning bunday deyayotganlarini eshitdim: «Allohdan unga ro‘baro‘ kelganimda, meni biron kimsani g‘iybat qilganim uchun hisob-kitob qilma» degan umidim bor. Imom Buxoriy Rabbilariga yo‘liqqanlarida hadis rivoyat qilgan kishilardan birortasi haqida yomon so‘z aytib qo‘ygan bo‘lishidan qo‘rqib yig‘ladilar. Holbuki, bu ishda Islom va hadislarni isloh qilish bor edi. Tabiiyki hadis ilmi bilan mashg‘ul kishilar bir-birlari bilan roviylarning holati, hadislarga biror shikast yetganmi yoki adolatlimi, deya o‘shani aniqlash uchun Alloh yo‘lida gaplashib olishgan. Bular orasida ham eng odoblisi Imom Buxoriy bo‘lganlar. Abdurrahmon ibn Yazid ibn Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Abdurrahmon ibn Yazid ibn Muoviya Abdulmalik ibn Marvonni eng yaqin do‘sti edi. Abdulmalik ibn Marvon vafot etgan chog‘ida uning qabrini odamlar tayyor qilishdi. Qabr tepasida turib: «Sen podshoh Abdulmalik menga va’da qilarding, sening va’dalaringdan umidlanib yurardim. Ba’zan qo‘rqinchli so‘zlaringdan cho‘chirdim. Ana endi sen shunday holatga tushdingki, qo‘l ostingdagi hisobsiz mulklaringdan faqat ikki kiyiming va eniga ikki ziro uzunligi to‘rt ziro joydan boshqa hech narsang yo‘q”, deya ahliga qaraydi va ibodatga qattiq bel bog‘ladi. Xuddi u yaroqsiz eski meshga o‘xshab qoldi. Ba’zi yaqinlari uning oldiga kirib, o‘ziga zarar yetkazayotganligida uni koyidi ham. Uni aytar edi: «Sendan bir narsa haqida so‘rasam, aytganimni tasdiqlaysanmi» dedi. Shunda u «ha» dedi. «Qani menga aytchi, uxlab yotgan holatingda o‘lishga rozimisan» dedi u. «Yo‘q” dedi. «Sen hech bu dunyodan boshqa dunyoga ko‘chishni qasd qilib ko‘rganmisan dedi. «Bu haqda o‘ylab ham ko‘rmabman” dedi u: “Sen shu turgan holatingda senga o‘lim kelib qolishidan xotirjam dedi. «Yo‘q, omonda emasman” dedi. So‘ngra u: «Aqilli kishining holati shu bo‘lsa” deya namozga kirishdi.[1]
G‘iybat – kimnidir yo‘qligida u yoqtirmaydigan, uning obro‘sini to‘kadigan yomon so‘zlar aytishdir. Islom ta’limotida g‘iybatni «o‘lik birodarning go‘shtini yeyish»ga qiyoslashadi, chunki u ham mo‘min birodarni yomonlab, obro‘siga putur yetkazishdir. G‘iybat qilinayotgan gaplar rost bo‘lsa ham, g‘iybat hisoblanadi, chunki uning yomon tomonlarini boshqalarga fosh qilish odamning qadrini tushiradi.
Gap so‘z – yolg‘on yoki haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, ularni boshqalarga yetkazish. Bu turli xil maqsadlarda bo‘lishi mumkin, masalan, kimnidir o‘z manfaatlariga mos kelmagan holatlarga tushirish yoki boshqalarning ishonchiga putur yetkazish. Gap so‘z tarqatish ko‘pincha yanglish fikrlar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi, shu sababli u salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ig‘vo – atrofdagilar o‘rtasida nizo yoki kelishmovchilik yaratish maqsadida yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan tarqatishdir. Ig‘vo tarqatish bu odamlar o‘rtasidagi ishonch va do‘stona munosabatlarni buzishga olib keladi. Islomda ig‘vo qilish qattiq qoralanadi, chunki u jamiyatda zararli tarqalishga va odamlar o‘rtasida o‘zaro dushmanlik va adovat paydo qilishga sabab bo‘ladi.
Bu uchala holat ham musulmonchilikda qoralanadi va jamiyatdagi munosibatlarga salbiy ta’sir qiladi. Yaxshi jamiyat qurish uchun ushbu salbiy odatlardan uzoq turish, boshqalar haqida yaxshi gumonda bo‘lish, to‘g‘ri va adolatli gapirish tavsiya qilinadi.
Nilufar BERDIYEVA
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i
[1] «Sarvari koinot alayhissalom va solih ummatlarning ko‘z yoshi» kitobidan.
