BEMAZHABLARGA RADDIYA
23

Mazhab so‘zi arabcha so‘z bo‘li, yo‘nalish, oqim, yo‘l, ta’limot degan ma’noni bildiradi. Muqaddas dinimiz istilohida esa fiqhiy yo‘nalishlarga nisbatan aytiladi. Masalan: Hanafiy mazhabi desa, Abu Hanifa rahmatullohi alayh qo‘ygan usul bilan boriladi. Yani, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qo‘ygan usuli bilan islom tushuniladi va har bir mazhabning o‘zining usuli bilan islom tushuniladi.
O‘zi mazhab islom talimotida bormi, zarurmi, kerakmi degan savolga, Ulamolar bilittifoq kerak va zarur deyishgan. Chunki, islom dinini to‘g‘ri tushunishda ilmiy uslub qo‘yilmasa hamma o‘zicha tushunishni boshlaydi. Misol uchun: Jihodni oladigan bo‘lsak, jihodni hamma o‘zicha tushunib ketaverilib, oqibati nima bo‘ldi, qotillika aylanib ketdi. Ba’zilar jinoyatni jihod deb nomlab, jinoyat qilib qochib ketishni hijrat deb tushunmoqdalar.
Mazhab islomni qanday, qaysi uslubda mukammalroq tushunishligimiz uchun kerakdir. Mashhur alloma Abdulhay Naklaviy hazratlari o‘zlarining “Majma’tul fatavo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Mavorounnahr diyorlarida, Shofe’iylarni ham, Hanbaliylarni ham, Molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan. Boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Abu Hanifa rohimahullohning mazhablariga ergashishlik vojib bo‘ladi”-deganlar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda, bugungi kunimizda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsada, “Men Qur’on va Hadisdan o‘zim hukm olaman” deb da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmoqdalar. Bu ixtiloflar va muommolarning birdan-bir yechimi bemazhablikni qo‘yib, Ahli sunna val-jamaoning muayyan bir fiqhiy mazhabiga amal qilishimiz, mazhablar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatni saqlashimiz, Qur’on va Sunnatni ulug‘ mujtahid ulomolarimiz kabi tushunib, unga to‘g‘ri amal qilishimiz lozimdir.
Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy”o‘rta maxsus islom bilim yurti
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
