USTOZ VA SHOGIRD AN’ANALARI

52

Insoniyat tarixida bilim va tajriba avloddan-avlodga o‘tib keladi. Bu jarayonning markazida esa ikki muqaddas tushuncha turadi: ustoz va shogird. Ustoz-bilim chirog‘ini yoquvchi, yo‘l ko‘rsatuvchi inson bo‘lsa, shogird-o‘sha chiroq nurida yurib, kelajakda o‘zi ham chiroq yoqadigan davomchidir. Sharq madaniyatida, xususan o‘zbek xalqida ustoz-shogirdlik munosabati nafaqat ta’lim jarayoni, balki axloqiy tarbiya, ruhiy yaqinlik va avlodlar bog‘lovchisi sifatida qadrlanib kelingan.

O‘zbek va umuman Sharq xalqlarida ustozga bo‘lgan munosabat alohida ehtirom bilan sug‘orilgan. Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek kabi buyuk allomalarimiz ham avvalo kimlarningdir shogirdi, keyin esa ustozi bo‘lishgan. Ulug‘bek akademiyasida yuzlab olimlar tarbiyalanib, ular o‘z navbatida yangi avlodga ilm tarqatishgan. Bu zanjir asrlar davomida uzilmay, bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Xususan, tasavvuf adabiyotida “pir va murid” tushunchasi ustoz-shogirdlik munosabatining eng yuksak ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda ustoz shunchaki bilim beruvchi emas, balki shogirdning ma’naviy kamolotiga yo‘l ko‘rsatuvchi murabbiy sifatida talqin etiladi.

Bugungi raqamli asrda ham ustoz-shogirdlik munosabati o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, aksincha, yangi shakllarda davom etmoqda. Maktab o‘qituvchisi bilan o‘quvchi, oliy ta’lim muassasasidagi professor bilan talaba, kasb-hunar sohasidagi ustaxona boshlig‘i bilan shogird, hatto sport murabbiyi bilan sportchi o‘rtasidagi munosabat ham aynan shu qadimiy an’ananing davomidir.

Internet va masofaviy ta’lim imkoniyatlari kengaygan bo‘lsa-da, inson qalbiga ta’sir ko‘rsatuvchi, shaxsiy namuna bilan tarbiya beruvchi ustozning o‘rnini hech qanday texnologiya to‘liq egallay olmaydi. Chunki ta’lim faqat axborot uzatish emas, balki inson shaxsini shakllantirish jarayonidir.

Xulosa o‘rnida, Ustoz-shogirdlik munosabati-milliy madaniyatimizning eng qimmatli boyliklaridan biri. Bu munosabat orqali bilim, tajriba va axloqiy qadriyatlar avloddan-avlodga uzatilib kelinadi. Har bir inson hayotida yo‘l ko‘rsatgan ustozlarini eslab, ularga nisbatan minnatdorchilik hissini saqlashi, o‘z navbatida o‘zi ham kimgadir ustoz bo‘lishga intilishi -jamiyatimizning ma’naviy yuksalishi uchun muhim omildir. Zero, “Ustozning qadriga yetgan-kelajakning qadriga yetadi” degan hikmatli so‘zlar bejiz aytilmagan.

Muzaffar Qosimov, Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari