KECHIRISHNI O‘RGATGAN ZOT: RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING HAYOTLARIDAN IBRATLAR
41

Inson hayotida shunday damlar bo‘ladiki, kimdir uni ranjitadi, ko‘nglini og‘ritadi yoki haqqiga tajovuz qiladi. Bunday paytda qalbda g‘azab uyg‘onishi tabiiy. Inson o‘zini haq deb biladi va qarshisidagi kishidan qasos olishni xohlaydi. Ammo buyuklik har doim ham javob qaytarishda emas. Ba’zan eng katta jasorat – o‘zingga ozor bergan insonni kechira olishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shu yuksak fazilatni o‘z hayotlari bilan namoyon etgan zot edilar. U zotning hayotlariga nazar tashlasak, kechirimlilik oddiy bir xulq emas, balki qalb pokligi va ulug‘ insoniylikning belgisi ekanini ko‘ramiz. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida:
“Albatta, siz buyuk xulq ustidasiz”, deb marhamat qilgan. (Qalam, 4-oyat.) Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlarini bir necha so‘z bilan ifodalab bergan. U zotning kechirimliliklari ham ana shu buyuk xulqning yorqin ko‘rinishlaridan edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlaridagi eng og‘ir voqealardan biri Toif safari edi. U zot insonlarni Allohga iymon keltirishga, yaxshilikka va najot yo‘liga chaqirib bordilar. Ammo Toif ahli da’vatni qabul qilish o‘rniga u zotni haqorat qildi, bolalar va johil kishilarni ortlaridan qo‘yib, toshbo‘ron qildirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoqlari qonadi. U zot charchab, yaralanib qaytdilar. Oddiy inson bunday vaziyatda o‘ziga ozor berganlardan qasos olishni xohlashi mumkin edi.
Ammo u zotning qalblari boshqacha edi. Rivoyatlarda keladiki, tog‘lar farishtasi kelib, agar xohlasalar, ikki tog‘ni ularning ustiga qulatishini aytganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni istamadilar. Balki ularning zurriyotlaridan Allohga ibodat qiladigan insonlar chiqishidan umid qildilar. Qarang, qanday buyuk qalb! U zot o‘zlari uchun qasos olishni emas, kelajak avlodning hidoyatini o‘yladilar. O‘zlariga tosh otganlarning farzandlari uchun yaxshilik tiladilar. Bu – kechirimning eng oliy darajalaridan biridir.
Uhud kuni musulmonlar uchun og‘ir kun bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jarohatlandilar, muborak yuzlari qonadi, tishlari sindi. Ko‘plab sahobalar shahid bo‘ldilar. Bunday og‘ir sinovdan keyin ham Qur’on Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga odamlarni kechirishni o‘rgatdi:
“Bas, ularni afv eting, ular uchun mag‘firat so‘rang va ishda ular bilan maslahat qiling”, deb buyurildilar (Oli Imron, 159-oyat.). Bu oyatning o‘zi inson qalbini larzaga soladi. Xato qilgan odamni kechirishning o‘zi bir fazilat bo‘lsa, u uchun Allohdan mag‘firat so‘rash bundan ham yuksak fazilatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlariga kechirishni faqat so‘z bilan emas, amallari bilan o‘rgatdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlaridagi eng ta’sirli voqealardan biri Makka fathidir. Yillar davomida u zot va sahobalar zulm ko‘rdilar. Ularni haqorat qilishdi, qiynoqqa solishdi, yurtlaridan haydadilar. Musulmonlar Madinaga hijrat qilishga majbur bo‘ldilar. Oradan yillar o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka shahriga g‘olib holda qaytdilar.
O‘sha kuni Makkaliklarning ko‘z oldida bir savol turardi: endi nima bo‘ladi? Kecha kuchsiz bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallam bugun g‘olib edilar. Kecha musulmonlarni quvib chiqarganlar bugun u zotning qarshilarida ojiz turishardi. Agar u zot qasos olishni xohlaganlarida, buning uchun imkonlari bor edi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qasos yo‘lini emas, kechirim yo‘lini tanladilar. Bu kun tarixda kuchning emas, kechirimning buyuk g‘alabasi sifatida qoldi.
Inson o‘zidan kuchsiz bo‘lgan kishini kechirsa, bu yaxshi xulqdir. Ammo inson o‘zidan ojiz qolgan, yillar davomida unga zulm qilgan dushmanini kechirsa, bu – buyuklikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shunday buyuklikni namoyon etdilar.
Ba’zan odamlar kechirishni ojizlik deb o‘ylaydilar. Go‘yoki kimnidir kechirgan odam o‘z haqqini himoya qila olmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari esa buning aksini ko‘rsatadi. Kechirish qo‘rqoqning emas, qalbi kuchli insonning ishidir. Chunki g‘azab kelganda o‘zini tutish, qasos olish imkoniyati bo‘la turib afv etish katta iroda talab qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Quvvatli kishi kurashda boshqalarni yiqitadigan emas, g‘azablangan paytida o‘zini tuta oladigan kishidir”, deb marhamat qilganlar. Demak, haqiqiy kuch insonning qo‘lida emas, avvalo o‘z nafsini boshqara olishidadir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muomalalarida yana bir buyuk fazilat ko‘zga tashlanadi: yomonlikka yaxshilik bilan javob berish. U zotga qo‘pol gapirgan kishiga qo‘pollik bilan javob bermadilar. Ozor bergan kishining hidoyatini istadilar. O‘zlariga qarshi chiqqan insonlarning ham qalblari isloh bo‘lishini xohladilar. Shuning uchun u zotning atrofidagi insonlar faqat qo‘rquv sababli emas, muhabbat sababli ham jamlangan edilar.
Alloh taolo marhamat qiladi:
“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen eng go‘zal yo‘l bilan daf qil”, deb buyuradi. (Fussilat, 34-oyat.) Bu oyatni hayotimizga tatbiq qilsak, ko‘plab nizolar tugashi mumkin. Bir og‘iz achchiq so‘zga yana bir achchiq so‘z bilan javob berilsa, janjal kuchayadi. Ammo bir tomon sukut qilsa, kechirsa yoki muloyim gapirsa, ko‘pincha adovatning olovi so‘nadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘qir ekanmiz, faqat tarixiy voqealarni bilish bilan kifoyalanmasligimiz kerak. O‘zimizdan so‘rashimiz lozim: Meni ranjitgan insonni kechira olamanmi?
Biror kishi xato qilib, uzr so‘rasa, uni afv eta olamanmi? Oilamizda kimdir ko‘nglimizni og‘ritsa, eski xatolarini qayta-qayta eslatmay qo‘ya olamizmi? Do‘stimiz bizni xafa qilsa, munosabatni darhol uzish o‘rniga uni tushunishga harakat qilamizmi?
Balki bizning kechirimimiz sababli bir insonning qalbi yumshar. Balki birgina “Seni kechirdim” degan so‘z ikki inson o‘rtasidagi yillar davomida yig‘ilgan gina-kuduratni yo‘q qilar. Balki biz kechirgan inson ertaga bizni yaxshilik bilan eslar. Eng muhimi, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashgan bo‘lamiz.
Gina insonning qalbini band qilib qo‘yadi. Inson o‘ziga ozor bergan kishini unutolmaydi, uning gaplarini qayta-qayta eslaydi, ichida alam saqlaydi. Natijada boshqa birovga emas, ko‘pincha o‘ziga zarar yetkazadi. Kechirish esa qalbga yengillik beradi.
Kechirish – qilingan xatoni to‘g‘ri deb tan olish degani emas. Kechirish – zulmni oqlash ham emas. Ba’zi vaziyatlarda inson o‘z haqqini talab qilishi, adolatni qaror toptirishi mumkin. Ammo qalbni adovat va nafratga mahkum etmaslik – mo‘minning go‘zal fazilatidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shuni o‘rgatdilar: insonning ulug‘ligi uning boshqalardan o‘ch olishida emas, balki o‘z nafsini yengib, kechira olishidadir.
Ba’zan bir insonni kechirish bilan faqat uning qalbini emas, o‘z qalbimizni ham ozod qilamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga qoldirgan eng go‘zal saboqlardan biri ham shudir: kuchli bo‘lsang – kechir; haqing bo‘lsa – afv et; g‘azablangan bo‘lsang – o‘zingni tut; senga yomonlik qilgan kishiga esa yaxshilik qilishga harakat qil.
Chunki kechirim – zaiflik emas. Kechirim – qalbning buyukligi
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Xayrulloh domla Mardonov
