YANGI O‘QUV YILI KO‘TARINKI RUHDA BOSHLANDI

24

Bugun, 7-sentabr kuni “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 2026/2027-o‘quv yili boshlandi.
Shu munosabat bilan ta’lim muassasasida o‘qituvchi va talabalar ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi. Tadbir avvalida ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir domla G‘uzarov so‘zga chiqib, barcha ustoz va talabalarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlangani bilan samimiy muborakbod etdi.
Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari zamon talablaridan kelib chiqib muntazam takomillashtirib borilayotgani ta’kidlandi. Ustoz va talabalar yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, puxta bilim va ko‘nikmalarni egallash, dinimiz rivoji hamda Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida astoydil harakat qilishlari lozimligi qayd etildi.
Tadbir doirasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida Mustaqillik darsi ham tashkil etilib, unda ta’lim muassasasida yangi o‘quv yilining ilk dars jarayonlari boshlandi.
Tadbir yakunida yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi, mustaqilligimizning bardavom bo‘lishi hamda yangi o‘quv yilining sermazmun, muvaffaqiyatli va xayrli-barakali o‘tishini so‘rab ezgu duolar qilindi.

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi matbuot xizmati!