BID’AT TUSHUNCHASINING NOTO‘G‘RI QO‘LLANISHI VA UNING OQIBATLARI
25

Islomda bid’at tushunchasi muhim masalalardan biridir. Bid’at lug‘atda ilgari bo‘lmagan narsani yangidan paydo qilish ma’nosini bildiradi. Diniy istilohda esa shariatda asosi bo‘lmagan e’tiqod yoki ibodatni dinning bir qismi sifatida joriy qilish ma’nosida ishlatiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bizning bu ishimizga undan bo‘lmagan narsani kiritsa, u rad etiladi.” Yana u zot sollallohu alayhi vasallam: “Ishlarning eng yomoni keyinchalik paydo qilinganlaridir. Har bir bid’at zalolatdir”, deb ogohlantirganlar. Demak, din nomidan Alloh taolo va Rasulining shariatida asosi bo‘lmagan narsani kiritishdan ehtiyot bo‘lish zarur.
Biroq bugungi kunda bid’at tushunchasi ba’zan haddan tashqari kengaytirib talqin qilinmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida aynan shu shaklda mavjud bo‘lmagan har qanday narsa bid’at va harom, degan xulosa ilmiy jihatdan to‘g‘ri emas. Chunki yangi paydo bo‘lgan narsaning hukmi uning o‘ziga emas, balki uning shariatga muvofiq yoki zid ekaniga qarab belgilanadi. Din asoslariga zid bo‘lgan yangi e’tiqod va ibodatlar bilan, mavjud shar’iy amalni bajarishga xizmat qiluvchi yangi vositalarni bir xil deb bo‘lmaydi.
Bunga sahobalarning amaliyotidan ham dalil mavjud. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Ramazon oyida odamlarning taroveh namozini bir imom ortida jamoat bilan o‘qiyotganlarini ko‘rib: “Bu qanday yaxshi bid’at!” deganlar. Bu rivoyat “Sahihul Buxoriy”da keltirilgan. Agar “bid’at” so‘zi mutlaq ravishda har qanday yangi paydo bo‘lgan narsani, hech qanday tafsilotsiz, harom va zalolat degan ma’noni bildirganida, Umar roziyallohu anhuning bu iborasini tushunish qiyin bo‘lardi. Shu sababli ulamolar bid’at masalasini tafsilot bilan izohlab, shariatga zid bo‘lgan yangilik bilan shariatning umumiy asoslariga muvofiq bo‘lgan yangilikni farqlaganlar.
Qur’onning bir mushafga jamlanishi ham muhim dalildir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin Yamoma jangida ko‘plab qorilar shahid bo‘lgach, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Qur’onni jamlash zarurligini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga taklif qilganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu avvaliga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qilishdan xavotirlangan bo‘lsalar-da, keyinchalik uning musulmonlar uchun katta manfaat ekanini anglab, Qur’onni jamlashga buyurdilar. Bu voqea “Sahihul Buxoriy”da batafsil rivoyat qilingan. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida aynan shu shaklda amalga oshirilmagan ish oʻz-o‘zidan harom yoki zalolat bo‘lib qolmaydi.
Bugungi hayotimizdagi ko‘plab vositalar ham shunga o‘xshashdir. Masjidda mikrofon orqali azon va xutbani eshittirish, Qur’onni telefon yoki elektron qurilmadan o‘qish, diniy kitoblarni elektron shaklda tarqatish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida mavjud bo‘lmagan. Ammo bularning hech biri yangi ibodat yaratish emas, balki mavjud ibodat va ilmni amalga oshirish vositalaridir. Shuning uchun ularni faqat “oldin bo‘lmagan” degan sabab bilan bid’at deb hukm qilish to‘g‘ri emas.
Bid’at tushunchasini noto‘g‘ri qo‘llashning yana bir xavfli tomoni musulmonlarni bir-birini asossiz ravishda bid’atchi deb ayblashga olib kelishidir. Ayniqsa, mu’tabar ulamolar o‘rtasida ixtilof mavjud bo‘lgan fiqhiy masalalarni darhol bid’at deb atash musulmonlar orasidagi birlikka zarar yetkazadi. Har qanday fiqhiy ixtilof aqidaviy ixtilof emas. Muayyan masalada turli qarash mavjud bo‘lishi uning tarafdorlarini darhol bid’atchi yoki zalolatda deb hukm qilishga asos bo‘la olmaydi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Agar sizlarga bir fosiq xabar keltirsa, uni aniqlab-surishtiringlar. Bilmasdan bir qavmga zarar yetkazib qo‘yib, qilgan ishingizdan pushaymon bo‘lib qolmanglar.” Bu oyat musulmon kishini xabar va hukmlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi. Diniy masalada esa bu ehtiyotkorlik yanada muhimdir.
Shunday ekan, bid’atga munosabatda ikki chekka holatdan saqlanish kerak: bir tomondan, din nomidan shariatda asosi bo‘lmagan narsalarni kiritishdan ehtiyot bo‘lish, ikkinchi tomondan esa har qanday yangi vosita, odat yoki ijtihodiy masalani bid’at deb e’lon qilmaslik.
Haqiqiy ilmiy yondashuv – masalani Qur’on, Sunnat, sahobalar amaliyoti va mu’tabar ulamolarning tushuntirishlari asosida baholashdir. Bid’atga qarshi kurashish ham ilm, adolat va hikmat bilan olib borilsagina o‘zining haqiqiy maqsadiga xizmat qiladi.
Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
