SAHOBALARNING QUR’ONNI JAMLASHDAGI XIZMATLARI

9

Qur’oni karim – Alloh taoloning insoniyatga yuborgan oxirgi ilohiy kitobi bo‘lib, uning asl holicha saqlanib qolishi musulmonlar uchun ulkan ne’matdir. Qur’onning bugungi kungacha o‘zgarmagan holda yetib kelishida sahobalarning xizmatlari beqiyosdir. Ular Rasululloh ﷺ hayotlik chog‘larida Qur’on oyatlarini yod oldilar, yozib bordilar va Payg‘ambarimiz ﷺ vafotlaridan so‘ng uni bir mushaf holida jamlash uchun katta sa’y-harakat qildilar.

Rasululloh ﷺ davrida Qur’onning yozilishi

Qur’oni karim 23 yil davomida bosqichma-bosqich nozil bo‘ldi. Har safar oyatlar nozil bo‘lganda Rasululloh ﷺ vahiy kotiblarini chaqirib, oyatlarni yozdirar va qaysi suraga joylashtirishni ko‘rsatardilar. Vahiy turli narsalarga, jumladan xurmo shoxlari, teri, yupqa toshlar va suyaklarga yozilgan.

Payg‘ambarimiz ﷺ davrida Qur’on to‘liq yozilgan bo‘lsa-da, u hali bir kitob shaklida jamlanmagan edi. Chunki vahiy nozil bo‘lishi davom etayotgan edi.

Abu Bakr roziyallohu anhu davridagi jamlash

Rasululloh ﷺ vafotlaridan keyin Yamoma jangida Qur’onni yod olgan ko‘plab qorilar shahid bo‘ldilar. Bu hol Umar ibn Xattobni tashvishga soldi. U Abu Bakr Siddiqga Qur’onni bir mushaf holida jamlashni taklif qildi.

Dastlab Abu Bakr roziyallohu anhu bu ishni Rasululloh ﷺ qilmaganlari sababli ikkilanadilar. Ammo keyinchalik buning musulmonlar manfaatiga xizmat qilishini anglab, rozi bo‘ldilar.

Bu muhim vazifa yosh, ishonchli va vahiy kotibi bo‘lgan Zayd ibn Sobitga topshirildi. U Qur’on oyatlarini yozma nusxalar va sahobalarning yod olgan qiroatlari asosida nihoyatda ehtiyotkorlik bilan jamladi. Har bir oyat kamida ikki guvoh bilan tasdiqlangachgina mus’hafga kiritildi.

Shu tariqa Qur’on birinchi marta yagona mushaf holida jamlandi. Bu mushaf avval Abu Bakr roziyallohu anhuda, keyin Umar roziyallohu anhuda, undan so‘ng esa Hafsa bint Umarning huzurlarida saqlandi.

Usmon roziyallohu anhu davridagi ko‘paytirish

Islom hududi kengaygani sari turli qabilalar o‘rtasida Qur’onni o‘qish usullarida kelishmovchiliklar yuzaga kela boshladi. Buni ko‘rgan Huzayfa ibn al-Yamon xalifa Usmon ibn Affonga bu masalada chora ko‘rishni maslahat berdi.

Usmon roziyallohu anhu Hafsa onamizdagi mushafni olib, Zayd ibn Sobit boshchiligida maxsus hay’at tuzdilar. Mushaf nusxalari ko‘chirilib, Makka, Madina, Kufa, Basra va Damashq kabi yirik shaharlarga yuborildi. Shu bilan birga, odamlarni aynan shu rasmiy mushaf asosida Qur’on o‘qishga chaqirdilar.

Natijada musulmon ummati Qur’on matni borasida yagona mushaf atrofida birlashdi.

Sahobalarning xizmatlarining ahamiyati

Sahobalarning Qur’onni jamlashdagi xizmatlari quyidagi jihatlarda alohida ahamiyat kasb etadi:

  1. Qur’on matnining asl holicha saqlanishini ta’minladilar.
  2. Qur’onning yo‘qolishi yoki buzilishining oldini oldilar.
  3. Musulmonlar o‘rtasidagi ixtiloflarni bartaraf etdilar.
  4. Keyingi avlodlarga ishonchli va yagona mushafni meros qilib qoldirdilar.
  5. Qur’onni yod olish va o‘qish an’anasini mustahkamladilar.

Sahobalarning Qur’onni jamlashdagi xizmatlari Islom tarixidagi eng ulug‘ ishlardan biridir. Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Zayd ibn Sobit va boshqa sahobalarning fidokorona mehnati tufayli Qur’oni karim bugungi kungacha asl holicha saqlanib kelmoqda. Bu ish Alloh taoloning Qur’onni O‘zi asrash haqidagi va’dasining amalga oshishiga sabab bo‘lgan ulug‘ vositalardan biridir. Shu bois musulmonlar sahobalarning ushbu xizmatlarini ehtirom bilan eslaydilar va ulardan ibrat oladilar.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi Homidov Hikmatulloh