عن أبي سعيد سعد بن سنان الخدري رضي الله عنه : أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال  :لا ضرر ولا ضرار .حديث حسن رواه ابن ماجة

Hadis matnining tarjimasi: Abu Sa’id Sa’d ibn Sinan al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam  dedilar: “Zarar yetkazish ham yo‘q, zararga zarar bilan javob berish ham yo‘q”. Hadis hasan bo‘lib, uni Ibn Moja rivoyat qilgan.

Sharh: Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bizga din ishlarini to‘liq o‘rgatganlar, ularni aniq tushuntirib berganlar va adolat ustuvor bo‘lgan, har bir inson o‘z amaliga javobgar bo‘ladigan, boshqalarga zarar yetkazilmaydigan to‘g‘ri hayot asoslarini qo‘yib berganlar.

Islom shariati qoidalari o‘zining keng qamrovli va chuqur ma’noga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Shundayki, inson ular orqali ko‘plab masalalarning shar’iy hukmini anglab olishi mumkin.

Ana shu buyuk qoidalardan biri Payg‘ambarimiz alayhissalomning: “Zarar yetkazish ham yo‘q, zararga zarar bilan javob berish ham yo‘q”, degan so‘zlaridir.

Bu hadis qisqa bo‘lishiga qaramay, juda ko‘p shar’iy hukmlarni o‘z ichiga oladi va shariat insonlarning dunyo va oxirat manfaatlarini himoya qilish uchun qanday mustahkam tizim barpo etganini ko‘rsatib beradi.

Payg‘ambarimiz qo‘shnilar o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lganda ham shu qoida asosida hukm chiqarganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Hech kim qo‘shnisiga devoriga yog‘och qo‘yishga to‘sqinlik qilmasin”, deganlar. Yana Buxoriy rivoyatida aytilishicha, yo‘l ustida tortishuv bo‘lsa, yo‘l kengligi yetti gaz qilib belgilanadi.

Mazmuni shuki, hech kim boshqa insonga biror tarzda zarar yetkazmasligi lozim. “Zarar” va “ziror” o‘rtasidagi farq haqida ulamolar turlicha izoh berganlar.

“Zarar” — qasdsiz yetkazilgan zarar bo‘lib, agar zarar yetkazgan odam buni bilsa, uni bartaraf etishi kerak.

“Ziror” — qasddan zarar yetkazish va bundan mamnun bo‘lishdir.

Yana aytilishicha “Zarar” — birinchi bo‘lib zarar yetkazish,  “Ziror” — o‘sha zararga javoban zarar yetkazishdir.  Ba’zi ulamolar esa ikkalasi bir ma’noda bo‘lib, takrorlanishi ta’kid uchun deyishgan.

Har qanday holatda ham bu hadis boshqalarga zarar yetkazishni qat’iyan man qiladi. Bu hadis juda muhim asosiy qoida bo‘lib, ko‘plab sohalarga taalluqlidir. Jumladan, savdo-sotiq, garov va moliyaviy munosabatlarda, nikohda, er-xotin bir-biriga zarar yetkazmasligi kerak, vasiyatda, merosxo‘rlarga zarar keltiradigan vasiyat qilish mumkin emas.

Umumiy qoida shuki, zarar aniqlansa, uni bartaraf etish farz, qasddan zarar yetkazilgan bo‘lsa, zarar ham bartaraf etiladi, ham jazosi beriladi.

Hadisdan xulosa: Islom shariati na zarar yetkazishni, na zarar bilan javob berishni tasdiqlaydi. Dinimizda zarar yetkazishni uning barcha ko‘rinish va shakllari bilan harom qilgan. Hatto insonlarga tug‘ilgan paytidan boshlab to vafot etgunicha, balki vafotidan keyin ham zarar yetkazishni man etgan.

Masalan, Alloh taolo aytadi: “Ona bolasiga zarar yetkazmasin” (Baqara, 233-oyat). Shuningdek, vasiyat eshitilgandan keyin uni o‘zgartirishni ham man qilgan, vasiyat qiluvchining o‘z vasiyati orqali zarar yetkazishini ham man etgan. Hatto o‘lgan insonlarning ham haqqini saqlab, ularni so‘kishni ham taqiqlagan. Naqadar buyuk shariat, naqadar go‘zal dindir bu din!

O‘tkir Mahmudov

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi