KUFA MAKTABINING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI
71

Basradan bir oz keyin Kufa shahrida ham grammatikani o‘rganuvchi maktab paydo bo‘ldi. Kufa shahri arablar yashaydigan Najd sahrosidan uzoqda joylashganligi uchun u yerga sof arab tilida so‘zlashadigan arablar kamroq ko‘chib kelgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, kufaliklar ham o‘zlari uchun basraliklar mazhabiga tenglasha oladigan va raqobatlasha oladigan xos bir mazhab tuzdilar. Ikki maktab o‘rtasida ko‘p masalalarda turli xil qarashlar bo‘ldi. Kufaliklar basraliklardan ko‘ra ko‘proq she’r rivoyat qilishgan.
Kufa mazhabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan Abu Ja’far Ruosiy va uning ikki shogirdi Kisoiy va Farrolardir. Bundan tashqari Hishom ibn Muoviya, Ibn Sikkit, Ibn al-Arobiy, Tuval ibn Sa’don, Ibn Kayson, Anboriy, Naftavayhlar ham Kufaning mashhur olimlari sirasiga kiradi. Biz ham shu o‘rinda Kufa ulamolarining besh tabaqasi va har bir tabaqadagi olimlarning hayot va ijodlaridan qisqacha ma’lumot keltirib o‘tamiz.
Kufa olimlarining nahvdagi tabaqalari
1-tabaqa
1. Ruosiy
U Abu Ja’far Muhammad ibn Hasan bo‘lib, Muhammad ibn Ka’ab al-Quroziyning mavlosidir. Boshi katta bo‘lganligi uchun “Ruosiy” deb laqablangan. Kufada voyaga yetib, Basradagi Abu Amr ibn A’lo va ikkinchi tabaqadagi boshqa basralik olimlardan ta’lim olgan. Keyin Kufaga qaytib amakisi Muozning huzurlarida nahv ilmi bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Ruosiy Kufada nahv ilmining yuzaga kelishi va rivojlanishida katta hissa qo‘shgan olimdir. Shu sababli u kufaliklarning birinchi tabaqasida keltiriladi. Uning “Al-Faysal” nomli kitobi nahv fanida Kufada yozilgan birinchi kitob hisoblanadi. Xalifa Horun ar-Rashid zamonida Kufada vafot etgan.
2. Muoz al-Hiro
Kunyalari Abu Muslim bo‘lib, u savdogarchilik bilan shug‘ullanganligi va ko‘proq Hiroda tikilgan kiyimlarni sotganligi uchun “al-Hiro” deb laqablangan. Ruosiy uning amakilari bo‘lib, Kufada yashagan. Tarixchilar uni sarf ilmiga asos solgan olim ham deb ta’kidlaydilar. Hijriy 187 (803 m.) yilda Kufada vafot etgan.
2-tabaqa
1. Kisoiy
To‘liq ismi Abul Hasan Ali ibn Hamza bo‘lib, Bani Asadning mavlosidir. Asli fors millatiga mansub bo‘lib, “Kisoiy” deb laqablanishiga ushbu: “Chunki men kiso (kiyim)da ehrom bog‘ladim”, degan gaplari sabab bo‘lgan.
Kufada tug‘ilib o‘sgan va ustozlari Muozning barcha ilmlarini olgan. Bilimga chanqoq shogird ilm talabida Basra tomon yo‘l oldi. U yerda Iso ibn Amr, Xalil ibn Ahmad va boshqa zabardast olimlardan bilimini mukammallashtirdi. So‘ngra ilm tarqatish uchun yana Kufaga qaytib keladi.
Kisoiy Kufa mazhabini dirosat va tasnif borasida rivojlantirgan. U kishining Kufadagi mavqei va fazilatlari xalifa Mahdiyga yetib borgach, Bag‘dodga chaqirilib, u yerda olib qolinadi. Kisoiy Bag‘dodda turib Kufa mazhabini rivojlantiradi.
U taniqli faqih Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy bilan birga Eronga safar qilib, Ronbuvayh degan joyga kelganlarida ikkalasi shu yerda vafot qiladi. Shunda xalifa Horun ar-Rashid:
“Bugun fiqh va nahvni Ronbuvayhga ko‘mdim”, degan ekanlar.
Bu voqea hijriy 189 (805 m.) yilda bo‘lgan.
DAVOMI BOR…
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi ABDUSHUKUROV AHROR
