QUR’ONI KARIM VA TABIAT HODISALARIDAGI ILOHIY MO‘JIZALAR
20

Qur’oni Karim arab tilida nozil bo‘lgan bo‘lib, uning haqiqiy balog‘ati va mo‘jizakorligini to‘liq his etish uchun ushbu til ilmini puxta egallash lozim. Biroq unda shunday ochiq-oydin g‘aybiy xabarlar va ilmiy haqiqatlar borki, ular har qanday til va davr chegaralarini buzib o‘tib, inson aqlini lol qoldiradi. Oyatlar nozil bo‘lgan paytda ba’zi mushriklarga mubolag‘adek tuyulgan bu xabarlar vaqt o‘tishi bilan o‘z isbotini topdi.
Qur’oni karimning g‘aybiy mo‘jizalariga «Nur» surasining 55-oyati yorqin misoldir. Islomning ilk davrida musulmonlar doimiy xavf-xatarda yashab, hatto qurollarini qo‘ldan qo‘ymay uxlardilar. Alloh taolo ularga tez orada yer yuzida xalifa (hukmron) bo‘lishlari va xavflari omonlikka aylanishi va’dasini berdi va ko‘p o‘tmay musulmonlar tinchlikka erishib, buyuk davlat barpo etdilar.
Shuningdek, «Moida» surasining 67-oyatida: «Alloh seni odamlardan saqlaydir», deb marhamat qilingach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarini qo‘riqlayotgan sahobalarga javob berdilar va hech qanday qo‘rquvsiz dushmanlar orasida yurdilar, janglarda birinchi safda turdilar. Kofirlar qanchalik urinmasin, u zotga zarracha ziyon yetkaza olmadilar. Umrida biror soat dars ko‘rmagan, o‘qish-yozishni bilmagan zotning bu qadar qat’iyat ko‘rsatishi va u zot keltirgan tarixiy qissalarning hatto «Tavrot» va «Injil»dagi ahli kitoblardan tomonidan kiritilgan xatolarni to‘g‘irlab kelishi – Qur’onning ilohiyligiga eng buyuk ashyoviy dalildir.
Bundan tashqari, Qur’onning ilmiy mo‘jizalari zamonlar o‘tishi bilan yanada ko‘proq bo‘y ko‘rsatmoqda. «Anbiyo» surasi 30-oyatida shunday marhamat qilinadi:
«Kufr keltirganlar osmonlaru yer bitishgan bo‘lgan ekanini, bas, Biz ularni ochganimizni va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaydilarmi?»
Bugungi zamon ilm-fani koinot aslida yagona gazdan iborat bo‘lgani va keyinchalik bo‘linib, yulduz va sayyoralar ajralganini tasdiqladi. Olimlar yerdagi 92 xil moddaning 67 tasini quyoshda ham aniqladilar. Demak, butun borliqning asli bir ekani ilmiy jihatdan sobit bo‘ldi.
Oyatning ikkinchi qismidagi «har bir tirik narsani suvdan qildik» degan haqiqat esa biologiyaning bosh qonunidir. Yer yuzining to‘rtdan uch qismi suvdir va u sayyoradagi harorat mo‘tadilligini saqlaydi. Eng qizig‘i, suv muzlaganda zichligi kamayib, hajmi kengayadigan va yuzaga qalqib chiqadigan yagona moddadir. Agar muz suv tubiga cho‘kkanida, daryo va dengizlardagi hayot butunlay yo‘q bo‘lib ketardi. Muz ustki qatlamda turib, suv osti haroratini va undagi kislorodni saqlab qoladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Qur’oni Karim tabiatshunoslik yoki fizika darsligi emas, balki hidoyat kitobidir. Biroq undagi birgina oyatga jo bo‘lgan qisqa so‘zlar zamirida yer yuzidagi hayotning cheksiz sirlari bayon etilgan. Ilmiy muhit umuman bo‘lmagan yettinchi asr Arabistonida bunday haqiqatlarni bayon qilish inson aqlining mahsuli bo‘lishi aslo mumkin emas. Bu mo‘jizalar bizni iymonda sobitqadam bo‘lishga va Rabbimizning kalomini yanada chuqurroq tadqiq etishga undaydi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi O‘qituvchisi Omon Qodirov
