JANOZA NAMOZI O’QILISHI TARTIBI
52

Avvalo imom va qavm niyat qiladilar. “Fatovoi Hindiya” kitobida niyatni qo‘yidagicha aytiladi deyilgan:
Ya’ni, “Bu farz bo‘lgan janoza namozini qiblaga yuzlanib, imomga iqtido qilgan holimda, Allohga ibodat bo‘lishi uchun ado qilishni niyat qildim”.
Imom janoza namozini o‘qiyotganini dildan his qilsa, shuning o‘zi kifoya qiladi. Muqtadiy “Imomga iqtido qildim” desa ham namozi joiz bo‘ladi. Imom hammadan oldinda, mayyitning ko‘kragi to‘g‘risida turadi. “Tatarxoniya”da: “Janoza namozini o‘qimoqchi bo‘lgan kishilar yetti kishi bo‘lsa, uch saf bo‘lib turadilar. Ulardan biri imom bo‘ladi. Uch kishi imom ortida turadi, ikkitasi ulardan keyin, biri bu ikkisining ortida turadi”, deyilgan. Imom namozni takbiri iftitoh bilan boshlab, qo‘yidagi sanoni o‘qiydi.
So‘ng ikkinchi takbirni aytib namozda o‘qiladigan salovotlarni o‘qiydi. Salovat o‘qib bo‘lingach, uchinchi takbirni aytadi. Mayyit va jami musulmonlarga duo qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoza namozlarida xilma-hil duolarni o‘qiganlar. Bizning Hanafiy mazhabi ulamolari ixtiyor etgan duolarning mashhurlari quyidagilardan iborat:“Ey robbim tirigimizni va o‘ligimizni, bu yerda bo‘lganlarni va bo‘lmaganlarni, kichiklarimiz va kattalarimizni, erkak va ayollarimizni kechirgin. Allohim bizdan tug‘ilajak yangi nasllarni islom dinida dunyoga keltir. Ajali yetib hayotdan ko‘z yumganlarning jonlarini iymonlik hollarida olgin”.
Agar mayyit balog‘atga yetmagan sag‘ir bo‘lsa, quyidagi duo o‘qiladi: “Allohim! Bu o‘lgan go‘dakni biz uchun hozirlangan ajr qil. Uni bizga savob, oxiratimiz uchun boqiy yaxshilik et. Va uni bizga shafoati qabul bo‘lgan shafoat qiluvchilardan ayla”.
To‘rtinchi takbirdan keyin duo o‘qimay salom beriladi. Birinchi takbirdan boshqa takbirlarda qo‘l ko‘tarilmaydi. Imom (yanglishib) besh takbir aytsa jamoat iqtido qilmay salom berishini kutadi.
Bir necha mayyit to‘planib qolsa janozalari alohida-alohida o‘qilishi yaxshiroqdir. Qaysi biri avval kelgan bo‘lsa, shunisi birinchi o‘qiladi. Teng kelib qolsa, oldin eng fazilatli kishining janozasi o‘qiladi. Qolganlarning janozasi ham fazilatiga qarab navbat bilan o‘qiladi. Imom bir necha mayyitning janozasini birdaniga o‘qimoqchi bo‘lsa, har bir mayyitning ko‘ksi imomning ro‘parasiga to‘g‘rilab qo‘yilgan holda saf qilinadi. Keyin janozalari o‘qiladi.
Bu xususda ham tartibga rioya qilinadi. Imomga yaqin joyga erkak, keyin o‘g‘il bola, so‘ngra xunasa, keyin ayol mayyit qo‘yiladi va janoza o‘qiladi.
Jamoat bilan namoz o‘qiladigan masjidning ichida janoza o‘qish makruh hisoblanadi. Yomg‘ir yoki shunga o‘xshash uzr sababli qavmni bir qismi masjidda qolganlari imom bilan masjid tashqarisida janoza namozini ado qilishlari joiz.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Xayrulloh domla Mardonov
